Boburiylar saltanatining tanazzuli
Avrangzeb vafotidan so‘ng uning uch o‘g‘li o‘rtasidagi taxt uchun kurash to‘ng‘ich o‘g‘li Muazzam g‘alabasi bilan tugaydi va u 1707 yil Dehlida Bahodirshoh nomi bilan taxtga o‘tiradi hamda 1712 yilgacha davlatni boshqaradi. U tarixga Bahodirshoh I nomi bilan kirdi. Uning hukmronligi davrida Panjobdagi sikxlar harakati avj oldi va Bahodirshoh ularga qarshi kurashni davom ettirdi.
Sikxlar dini
Sikxlarning dini – sikxizm hinduizm mazhablaridan biri XVI asr boshida Hindistonning shimoliy-g‘arbiy qismida paydo bo‘ladi. Bu mazhab hinduizmga xilof bo‘lib, uning baʼzi taʼ -limotlarini inkor etgan edi. Sikxlarning dastlabki rahbari Nanak (1469-1539) barcha tabaqalarning tengligi g‘oyasini targ‘ib etgan, umuman barcha insonlar Xudo oldida tengdirlar, degan aqidani tashviq qilgan. SHuningdek, u hindu va musulmon din peshvolarining suisteʼmolchilik, taʼmagirlik faoliyatlarini qoralagan edi. Sikxizm paydo bo‘lishidanoq Hindistondagi boshqa mazhablardan o‘zining mustahkam tashkiloti, qattiq intizomi, o‘z ustozi – guruga so‘zsiz itoat etishi bilan ajralib turardi. Sikx rahbarlari jamoa-xalsadagi murakkab va og‘ir rasm-rusum larni bekor qildilar, tarki dunyochilik (asketizm)ni rad etdilar. Sikxlar yashash joylariga ko‘ra bir nechta hududiy okruglarga bo‘lindi. Ularni idora qilish uchun guruning vakillari (masandalar) qiyinlandi. Uchinchi guru Amar Das (1552–1574) guru hokimiyatini vorisiyga aylantirdi va sikx ruhoniy hukm dorlari sulolasiga asos soldi. Beshinchi guru Arjuna (1581–1606) sikxlarning muqaddas kitobi Adigrantxni tuzdi. Bu kitob guruning ilohiyligini taʼkidlab, sikxlar ustidan hokimiyatni yanada kuchaytirdi.
Xalsa jamoat aʼzolari uchun maxsus kiyim-boshlar, musulmon va hindulardan ajratib turuvchi liboslar joriy qilingan. Ular avvalo xanjar solingan suv bilan yuvinganlar, so‘ng maxsus kiyim-bosh kiyganlar. Har bir sikxning ismi-sharifi yoniga “Sikx” (maʼnosi “sheʼr”) qo‘shimchasi qo‘yib aytilgan. SHuningdek, sikxlar albatta xanjar, bilaguzuk taqishlari hamda taroq olib yurishlari shart bo‘lgan. Sikxlarga taroq uzun soch larini tarash, xanjar esa o‘zini himoya qilish uchun kerak edi.
XVII asrga kelib sikxlar harakatida o‘zgarishlar yuz berdi. Gurularning o‘zlari mol-dunyo boylik orttira boshladilar. Guru mutlaq hokim bo‘lishga, o‘zini diniy dohiy darajasiga ko‘ta rishga intildi. Din peshvolari orasidan katta mol-mulkka ega bo‘lgan feodallar yetishib chiqdi. Sikxizm ichidagi bunday o‘zgarishlar natijasida aholi o‘rtasida boburiylardan ham, mahal liy feodallardan ham norozilik kuchaydi. Xalq ommasining zulm-istibdodga qarshi kayfiyati sikx rahbarlarini cho‘chitib qo‘ydi. Ular xalq kayfiyati bilan hisoblashib, boshqacha siyosat yurgiza boshladilar. Sikxlarning o‘ninchi ustozi bo‘lmish Govind Singx (1675–1708) o‘zining barcha imtiyozlaridan voz kechib sikxlarni musulmon va sikx feodallariga qarshi kurashga cha qirdi. U barcha hokimiyatni xalsa atalmish sikx jamoalariga topshirdi. Bu jamoalarda hamma tabaqalar teng hisoblangan va shunga o‘xshash qator demokratik qonun-qoidalar joriy qilingan. Jamoalarga dehqonlar, hunarmandlar va boshqa kambag‘al tabaqalar uyushgan.
Boburiylarga qarshi qoʻzgʻalon
Guru Govind Singx 1699 yil sikxlarning umumiy yig‘ini (sʼezd)ni chaqirib, unda sikxlarning doimo qurollangan va kurashga tayyor turishi lozimligini taʼkidlaydi. Govind Singx davrida sikx jamoasiga barcha din vakillari, jumladan, musulmonlar uchun ham yo‘l ochiq ekanligi eʼlon qilindi. Shu asosda, Panjob xalqlarining mahalliy feodallarga va boburiylarga qarshi kurash g‘oyasi bayrog‘iga aylandi. XVIII asr boshida sikxlar qo‘zg‘oloni boshlandi.
Sikxlar rahbari Banda boburiylardan norozi bo‘lgan hindularni o‘z atrofiga to‘plab, 70 ming qo‘shin bilan Sirhind va Saxaranpuri viloyatlarini zabt etib, Loho‘rni qamal qiladi. Sikxlar ko‘p o‘ljalarni qo‘lga kiritishadi. Sikxlarning g‘alabalaridan sarosimaga tushgan boburiylar saltanati hamda hukmron hind va musulmon feodallari o‘zaro birlashib, Banda armiyasiga qarshi kuch to‘playdilar. Ikki o‘rtada bo‘lgan shiddatli janglarda sikxlar yengiladi. Banda asir olinib, qatl etiladi.
Garchand sikxlar yengilsa-da, ularning qo‘zg‘olonlari boburiylar saltanati inqirozini tezlashtirib yubordi.
Bahodirshoh I vafotidan keyingi holat
Bahodirshoh I vafotidan so‘ng uning to‘rt o‘g‘li shrtasida taxt uchun kuash boshlandi. Shohning isteʼdodsiz to‘ng‘ich o‘g‘li Jahondorshoh uchta ukalarini turli yo‘llar bilan o‘ldirib, taxtni egallaydi. Ammo bir yilga yetmay jiyani, yaʼni ukasining o‘g‘li Farruh Siyor uni taxtdan qulatib, zindonda qiynab o‘ldiradi va o‘zi taxtni egallaydi (1713-1719).
1713 yilda Bahodirshohning nabirasi Rafiudoro taxtga o‘tiradi, Farruh Siyor esa qatl etiladi. Yangi podshoh kasalligi tufayli o‘sha yili qazo qiladi.
1719 yil setyabrida Bahodirshohning nabirasi Ravshan Axtar taxtga o‘tiradi. U keyinchalik o‘zini Muhammadshoh deb ataydi. Muhammadshoh irodasiz, maishatga berilgan beparvo odam bo‘lib, boburiylar saltanatining avvalgi obro‘-eʼtibori ni, shuningdek qo‘shinining ilgarigi jangovarlik salohiyatini qaytadan tiklashga qodir emas edi. Kechayotgan voqealar jarayoniga tamoman befarq qarar, imperiyani halokatdan qutqarib qolish borasida deyarli hech qanday chora-tadbir ko‘rmas edi. Uning qariyb o‘ttiz yillik (1719–1748) hukmronlik davrida o‘zining buyuk ajdodlarining erishgan barcha shon-shuhratlari birin-ketin qo‘ldan keta boshladi. Bobur asos solgan qudratli davlat endilikda kuchsiz va o‘zini-o‘zi boshqara olmaydigan tizimga aylanib qolayotgan edi.
Umuman Avrangzeb vafotidan so‘ng boburiylar saltanatining tanazzuli tezlashib ketdi. Buning maʼlum sabablari mavjud edi, albatta. Avrangzeb davlat hududini kengaytirish uchun mamlakatning markaziy va janubiy qismida bo‘lgan to‘xtovsiz urushlar mehnatkash xalq ahvolini ancha og‘irlashtirib qo‘ygan edi. Ayniqsa, dehqonlar va hunarmandlarning qashshoq ahvolga tushib qolganligi, amaldor va katta yer egalari uchun qo‘shinni oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan taʼminlash og‘irlashib borayotganligi, xalqning joylarda isyon ko‘tarayotganliklari ikki asrga yaqin hukm surib kelayotgan qudratli va shon-shuhratli boburiylar davlatini kuchsizlanishiga va yemirilishiga olib keldi. Bu tarixiy jarayon esa Hindiston yarim orolidagi siyosiy va iq tisodiy ahvolga o‘z taʼsirini ko‘rsatmay qolmadi.
Ayniqsa, Avrangzebning boburiylar davlati hududini kengaytirish uchun to‘xtovsiz olib borgan kurashlari mamlakat janubi va shimolida jiddiy qarshiliklarga uchradi. CHunki bu harbiy yurishlar katta mablag‘ sarf qilishga majbur qilardi. Qo‘shin soni ko‘payib, ular bosib o‘tgan yerlarini talon-toroj va payxon qilib ketardilar. Oqibatda o‘sha yerlarda ocharchilik boshlanardi. Nihoyat, Avrangzeb tomonidan g‘ayri dinlarga mansub bo‘lgan aholiga va birinchi galda hindularga qarshi qaratilgan siyosat xalqning sabr-kosasini to‘ldirdi. Bunday beboshliklarga qarshi mamlakatning deyarli barcha viloyatlarida boburiylar hukmronligiga qarshi katta-kichik xalqlar, rojalar qo‘zg‘aldilar. Bulardan eng kuchlisi va xavflisi maratx xalqi bo‘lgan. Mamlakatning g‘arbiy qismida joylashgan bu xalqning vatani – Maxarashtra ham Avrangzeb qo‘li ostida edi. Maratx xalqining boburiylar hukmronligiga qarshi kurashiga jasur SHivaji boshchilik qilib, 1674 yili mustaqil Maratx milliy davlatini bunyod etadi. 1765 yilda uning shimoliy qismidagi Panjob viloyatida sikxlar davlati tashkil topadi. Sikxlar Panjob viloyatining katta qismida joylashgan bo‘lib, kuchli milliy qo‘shin ham tashkil etadilar va boburiylar qo‘shiniga og‘ir zarbalar bera boshlaydilar.
Avrangzeb vafotidang so‘ng uning o‘g‘illari orasida taxt uchun kurashning avj olishi, yaqin va uzoq viloyatlarni imperiyadan ajralib, mustaqil bo‘lib ketishi markaziy hokimiyat kuchini yanada zaiflashtirdi. Boburiylar saltanatida ro‘y berayotgan bu ichki kurashlar chet el bosqinchilari uchun qulay sharoit yaratdi.
1739 yil fevralida Eron hukmdori Nodirshoh Hindistonga yurish qiladi. U bir zarba bilan Haybar dovonini muhofaza qilayotgan hind qo‘shinlarini tor-mor qiladi va Dehli shahriga kirib keladi. Hindiston poytaxtidagi masjidlarda o‘zining nomiga xutba o‘qitib, o‘z nomidan pul zarb qildiradi. Nodirshoh 700 million rupiyga teng o‘ljani qo‘lga kiritadi.
O‘lja lar ichida Boburshoh tomonidan o‘g‘li Humoyunshohga hadya qilin gan dunyodagi eng yirik olmoslardan biri Qo‘hinur, shuningdek SHoh Jahonning mashhur qiymati 10 million rupiyga teng bo‘lgan “Tovus taxti” ham bor edi. Muhammadshoh bitimga muvofiq Hind daryosining shimoli-g‘arbiy qismidagi yerlarni Nodirshohga beradi. Dehli hukumati Afg‘onistondan mahrum bo‘la di. Buning ustiga boburiylarga qarashli Loho‘r hukmdori Nodirshoh har yili 2 million rupiy yuborib turish majburiyatini oladi.
Nodirshohning Hindiston sari uyushtirgan hujumi boburiylar saltanatini halokat girdobiga yaqinlashtirib qo‘ygan edi.
Hindistonda Muhammadshohdan so‘ng uning o‘g‘li Ahmadshoh taxtga o‘tirib, olti yil (1748–1754) hukm suradi. Undan so‘ng Bahodirshohning nevarasi, yaʼni Jahongirshohning o‘g‘li Olamgir II besh yil (1754–1759) hukmronlik qiladi. Uning o‘g‘li Olam II 47 yil (1759–1806) tojdorlik qiladi. U nomigagina podshoh edi.
Ahmadshoh Durroniyning Hindistonga yurish qilishi
Shoh Olam II Hindiston taxtini dushmandan saqlab qoladigan g‘ayratli, shijoatli hukmdor emas edi. Binobarin, uning saltanati davrida mamlakatning hamma viloyatlarida mustaqil va yarim mustaqil xonliklar vujudga kelib, ular markaziy hokimiyatni tobora siqib qo‘ygan edilar. Buning ustiga Hindis tonning janubi-g‘arbiy qismi Kalkuttada mustahkam o‘rnashgan inglizlar, mahalliy hukmdorlarni zimdan bir-biriga gij-gijlash va har xil xiyla hamda sotib olishlar bilan o‘z taʼsir doiralarini kengaytirib, shimol tomonga siljimoqda edilar. Oz vaqt o‘tmasdan Nodirshohning sarkardalaridan biri, mustaqil Afg‘oniston davlatiga asos solgan Ahmadshoh Durroniy Hindistonga yurish boshlaydi.
Nodirshohning Hindistonga yurishida qatnashgan Ahmad shoh Durroniy bu davlatni nihoyatda zaiflashganligini his qiladi. Ahmadshoh Loho‘rni egallab hamon vayrona va xarobalardan iborat bo‘lgan Dehliga yuradi. Nodirshohdan keyin qol gan hayot alomatlari ham yo‘q qilingandan so‘ng Ahmadshoh Agraga qo‘shin tortadi. Lekin qamal vaqtida vabo kasali tarqalib, Ahmadshoh 1757 yili Afg‘onistonga qaytadi. Uning qaytishi dan avval Olamgir II saltanatini isyonchilardan himoya qilish uchun afg‘on hukmdoridan yordam so‘raydi. Ahmadshoh Olamgirga ozgina Najibuddavla qo‘mondonligidagi qo‘shinni tashlab ketadi. Ular Dehlida o‘zaro urushlar girdobida g‘arq bo‘lay deb turganda inglizlar sharqda, Bengaliyada shu viloyat navobi Sirojuddavla bilan jang qilib, uni mag‘lubiyatga uchratishadi va Bengaliyani to‘la-to‘kis o‘zlariga bo‘ysundirishadi.
Ahmadshoh Afg‘onistonga qaytganda Najibuddavlani o‘z noibi etib tayinlaydi. Ammo maratxlarni tazyiqi ostida Najibuddavlah bilan Olamgir II mamlakatdan qochishadi.
Hindistonning aksariyat hududi maratxlar hukmi ostiga o‘tdi. Ahmadshoh ikkinchi marta Hindistonga yurish qildi. U Dehlida to‘xtamaydi, chunki maratxlar bu shaharni xarobaga aylantirib, o‘zlari Jamna va Ganga daryolari vohasi – Duobga o‘rnashib olishgandi. Bunga qadar maratxlar va afg‘onlar orasida bir necha to‘qnashuvlar bo‘lib, janglarda minglab odamlar nobud bo‘lgan edi.
Bu voqealar 1760 yil arafasida bo‘lib o‘tdi. Ahmadshohning Hindistonga yurishi haqidagi xabar janubga – maratxlar yo‘l boshchisi Balaji Baji Rao (1740–1761)ga yetib kelgandan so‘ng u uch yuz mingga yaqin lakar to‘playdi. Bu qo‘shinda fillar va otliq suvoriylardan tashqari kuchli to‘plar ham bor edi.
Bu to‘plarga Ibrohimxon boshchilik qilgan. U bu ilmni fransuzlardan o‘rgangan edi. Zambaraklar bo‘linmasida o‘n ikki mingtacha odam va ikki yuz to‘p bor edi. Ana shu dahshatga soluvchi qo‘shin Ahmadshohga qarshi yurish boshlaydi. Amadshohning qo‘shinida esa bor-yo‘g‘i qirq ming askar va qirqta to‘p bor edi.
Maratxlar Dehli yaqinidagi mashhur Panipat maydoniga yetib kelishadi. 1761 yilning yanvarida qo‘shinlar to‘qnashadi. Avvalida maratxlar zambaraklari Ahmadshoh qo‘shinlarini shiddatli o‘qqa tutadi.
Ahmadshoh chekinadi, ammo zambarak o‘qi ostida juda katta jang tajribasini orttirgan afg‘on harbiy qismlari qo‘qqisdan maratxlarga qarshi hujumga o‘tishadi. Esankiragan maratxlar 200 mingga yaqin talafot ko‘rib, mag‘lubiyatga uchraydilar.
Tarixchilarning yozishicha, maratx lashkarboshilari o‘rtasida birlik, yakdillik bo‘lmagan, ularning ichidagi ayrim xoinlar o‘z ishini qilgan. Buning ustiga maratxlar yo‘lboshchisining sarkardalik salohiyati past edi. Shunday qilib, Shimoliy Hindis tondagi katta jangda afg‘onlarlarning qo‘li baland keladi. Panipat maydonida maratx qo‘shinlarining aksariyati halok bo‘ladi.
Bu jangda har bir maratx oilasi o‘zining eng yaqin kishisi – eri, o‘g‘li, ukasi yoki akasidan judo bo‘ldi. Maratxlar uchun bu milliy fojea edi. Alam dog‘iga chiday olmagan Balaji Baji Rao bir necha oydan so‘ng jon taslim qiladi.
Bu paytda boburiy podshoh Olam II ning (1759–1806) hukm dor sifatida hech qanday nufuzi qolmagan edi. Inglizlar unga oyiga to‘qson ming rupiy maosh belgilashib, evaziga davlatni idora etishni o‘z qo‘llariga olishdi. SHoh Olam II 1806 yilda vafot etgandan so‘ng, uning o‘rniga o‘g‘li Akbar II (1806–1837) taxtga o‘tiradi. Endi sulola avvalgi shon-shuhratini yo‘qotgan, hatto keyingi yillarda siyosiy hukmronlikni ham qo‘ldan boy bergan edi.
Akbar II ham o‘z umrining oxirigacha inglizlar qo‘lida qo‘ g‘irchoq bo‘lib, ulardan nafaqa olib yashadi. U 1837 yilda vafot etadi. Uning o‘rniga o‘g‘li Sirojiddin Zafar Bahodirshoh II taxtga chiqadi.
Bahodirshoh II ham inglizlar nafaqasi hisobiga kun kechiradi. Uning davrida Hindiston butunlay mustaqil va yarim mustaqil xonliklarga bo‘linib ketgan, ularning ko‘pchiligi inglizlar qo‘liga o‘tgan edi. Hatto Bahodirshoh II ning Dehli dagi o‘z saroyidan tashqariga hukmi o‘tmas edi.
Mamlakatning mayda bo‘laklarga bo‘linib ketishi va inglizlar istibdodi kuchayishi natijasida ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy ahvol yanada pasayib ketadi. Oqibatda mamlakatda 1844, 1849, 1850 va 1852 yillarda qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tadi. 1857 yilda esa tarixda mashhur sipohiylar qo‘zg‘oloni boshlanadi.
Manbalar
Oʻzbek tilida:
1.Бойназаров Ф. Қадимги дунё тарихи. Дарслик. 2004.
2. Лафасов М. Жаҳон тарихи (1918-2008). –Т., 2010.
3. Ғофуров А. Ҳиндистон. ФарДУ. 2009.
Rus tilida:
1.Васильев Н. История Востока. 1-2 том. М., 2004.
2. Вигасин А., Дандомаев М. История Древнего Востока. -М., 2001.
3. Новейшая история стран Азии и Африки. ХХ век. -М., 2000.
Hind tilida:
1/\. शैलेन्द्र सेंगर “प्राचीन भारत का इतिहास”, प्रकाशक:अटलांटिक पब्लिशेर्स ओर डिस्ट,२००५
रोमिला थापर “भारत का इतिहास” प्रकाशक:राजकमल प्रकाशन,२००८
2. विपिन चन्द्र “आधुनिक भारत का इतिहास” प्रकाशक:ओरिएंट ब्लेकस्वान,२००९
3. द्दिजेन्द्र्नारायण झा ओर श्रीमाली “प्राचीन भारत का इतिहास”, प्रकाशक: हिंदी माध्यम कार्यन्वय निदेशालय दिल्ली विश्वविधालय,२०१५
4. मानिक लाल गुप्त “मध्यकालीन भारत का इतिहास”, प्रकाशक: अटलांटिक पब्लिशेर्स ओर दिस्त्रिबुतोर्स पवत ल्टड ,२००२
Urdu tilida:. 6ڈاکٹر مبارک علی "جدید تاریخ"، فکشن ہاؤس ،لاہور ، ٢٠٠١. 7محمد علی چراغ "تاریخ ِ پاکستان " سنگ ِ میل ، ٢٠١٢. 8 رماشنکرترپاٹھی "قدیم ہندوستان کی تاریخ " ، قومی کونسل براۓ فروغ اردو زبان ، نئی دہلی ، ١٩٩٨ مترجم :سید سخی حسن نقوی. 9 شیخ محمد رفیق مسعود حیدر بخاری ڈاکٹر عصمت نانر "تاریخ ِپاکستان و ہند "، مسلم دو حکومت ، عہد سلاطین ، نئی دہلی ٢٠٠٠
پاتھی "تاریخ ِ قدیم ہندوستان " نگارشت پبلش.10
11.ڈاکٹر مبارک علی "تاریخ اور آج کی دنیا "، فکشن ہاؤس ،لاہور ٢٠٠٥. 12 ڈاکٹر مبارک علی "بر صغیر میں تاریخ نویسی کے رجحانات "، پاکستان اسٹڈی سینٹر جامعہ کراچی ٢٠٠٧. 13 محمد علی چراغ "پاکستان : تاریخ ، جمہوریت ، سیاست "، مکتبہ جدید ٢٠١٠. 14مولانا ابو ا لکلام آزاد "آزادی ہند " ، مکتبہ جمال ،لاہور ٢٠٠٣
Ingliz tilida
1.Avari Burjor. Islamic Civilization in South Asia: A History of Muslim Power and Presence in the Indian Subcontinent, Routledge, 2013.
2. Faruqui Munis D. The Princes of the Mughal Empire (1504-1719), Cambridge University Press, 2012.
3. Gandhi M.K. Hind Swaraj or Indian Home Rule, Ahmedabad: Navajivan Publishing House, 2014.
4. Nazir Ahmad Chaudhry. Harappa. Sang-e-meel Publications, Lahore, 2002.
5. Hameed. Political Role of Religious Communities in Pakistan. Policy Research Institute. Islamabad, Pakistan, 2008.
6. Afzal Husain. The nobility imder Akbar and Jahangir. A study of Family Groups. -New Delhi, 1999
7. Ali K. A new history of Indo-Pakistan (up to 1526) Karachi, 1993.
8. Burton Stein. A history of India, -Wiley-blackwell, 2010
9. Hermann Kulke, Dietmar Rothermund. A history of India, -London and New York, 2002
10.Mahmood T. The Durand line: South Asias next trouble spot. Monterey.: Naval Postgraduate School, 2005.
11. Peter Lyon. Conflict between India and Pakistan, -Oxford, 2008
Davriy nashrlar:
Bajpai Sh. K. Untangling India and Pakistan // Foreign Affairs. 2003. - Vol. 82. -№ 3. - P. 112-128.
2. Burns R.N. Americaʼs Strategic Opportunity with India. The New U.S. India Partnership // Foreign Affairs. - 2007. - Vol. 86. - № 6. - P. 37-44.
3. Burns R.N. Americaʼs Strategic Opportunity with India. The New U.S. India Partnership // Foreign Affairs. - 2007. - Vol. 86. - № 6. - P. 37-44.
4. Kashmir Dispute: Background // The Ministry of Foreign Affairs of Pakistan. URL: http://www.mofa.gov.pk/Pages/Brief.htm .
uz.wikipedia.org