Bobur nomli Oʻsh oʻzbek akademik musiqali drama teatri




Bobur nomidagi Oʻsh davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatri  — Qirgʻizistonning eng keksa professional teatri, Markaziy Osiyoning eng keksa teatrlari ichida ikkinchi. Rahmonberdi Madazimov tomonidan 1914 yili asos solingan.

Teatr tarixi



1914 yili Rahmonberdi Madazimov rahbarligida Oʻsh shahrida rus-tuzem maktabi oʻqituvchisi Boltihoji Sultonov bilan birgalikda teatr toʻgaragi tashkil etilgan.

1918 yili Mirzo Rahmonberdi hoji Muhammadaʼzim aʼlam oʻgʻli (Madazimov) rahbarligida Ibrohim Musaboyev, Beknazar Nazarov, Joʻraxon Zaynobiddinov, Nazirxon Kamolov, Abdurashid Eshonxonov, A.Saidovlar bilan birga Qirgʻizistonda birinchi boʻlib musulmon aktyorlardan iborat Turkiston fronti harbiy kengashi qoshidagi konsert brigadasi negizida Oʻshda havaskor teatr toʻgaragini tuzgan. Rahmonberdi Madazimov Markaziy Osiyo va Qirgʻizistondagi teatr harakatining birinchi asoschisi va Oʻshdagi oʻzbek teatrining birinchi direktori, badiiy rahbari, bosh rejissyori va asoschisi boʻlgan. 1919 yili teatr toʻgaragi teatr drama truppasiga aylantirilgan. Keyinchalik bu truppaga Abduqodir Isxoqov, Isroiljon Ismoilov, Jalil Sobitovlar qoʻshilishgan. Ushbu truppa Qirgʻizistonning janubida nafaqat teatr sanʼatini, balkim professional musiqa sanʼatining rivojlanishiga ham yuksak hissa qoʻshgan. Chunki truppaning repertuarida drama asarlaridan tashqari, koʻplab konsert dasturlari namoyish etilardi, shuningdek musiqali spektakllar qoʻyilardi, bu professional musiqachilar yetishib chiqishiga aloxida bosqich boʻldi. Teatr truppasi Bobur (Kirov) nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrini tuzishga asos boʻlgan.

Ushbu teatr Toshkentdagi Hamza nomli Oʻzbek milliy akademik drama teatridan (1913-27-fevral 1914 yillari tuzilgan) keyin Markaziy Osiyodagi eng keksa teatrdir. Rahmonberdi hoji Madazimov teatr truppasi bilan Oʻshning barcha tumanlarini aylanib, konsert va spektakllar qoʻyib chiqdi va sanʼat quroli orqali Qirgʻiziston janubida Sovet hokimiyatini oʻrnatishga faol ishtirok etdi.

Truppaning sahnasida Rahmonberdi Madazimov tomonidan qoʻyilgan oʻsha kezlardagi yirik asari Mannon Uygʻurning „Turkiston tabibi“ komediyasi reaksionerlar tomonidan nafrat va adovat bilan qarshi olindi. Oʻsha vaqtda truppada ayollar boʻlmaganligi sababli spektakldagi ayol obrazini Joʻraxon Zaynobiddinov zoʻr mahorat bilan yaratgan. 20-yillar oxirida sahnada birinchi marta ayol aktrisalar paydo boʻldi. Ularning baʼzilari oʻz hayoti bilan vidolashdilar. Aktrisalar N. Yoʻldosheva va R. Parpiyevalar bosmachilar tomonidan shafqatsizlarcha oʻldirilgan.

Fuqarolar urushi davrida Oʻsh xududi va uning tevarak-atrof tumanlari front maydoniga aylandi. Truppa ham shu frontning ishtirokchisi, partiyaning targʻibotchisi boʻldi. Maʼrifatchi va inqilobchi Boltihoji Sultonov va Fozilbek Qosimbekovlar teatr truppasini oyoqqa turgizishda teatr truppasining asoschisi, direktori, badiiy rahbari va rejissyori Rahmonberdi Madazimovga yordam berdilar. Boltihoji Sultonovning qudasi teatrning asoschisi, direktori va badiiy rahbari Rahmonberdi hoji Madazimov shunday hikoya qilgan edi: — Qurboshi Madaminbek Andijon atrofida izgʻib, xalqni talab yurgan edi. Oʻsh garnizoni Andijon harbiy qismiga qurol-yarogʻ bilan yordam qilmoqchi boʻldi. Lekin qurollarni qanday yetkazish mumkin? Bu mushkulni teatr artistlari hal qildilar. Soyabon arava bezatilib, qurol-yarogʻlar tekis taxlandi. Ustiga polos, koʻrpa-toʻshaklar solindi. Rahmonberdi Madazimov grim bilan katta eshon qiyofasiga kirdi. Yana ikki artist uning „muridlari“ boʻldi. Uchchalasi ham oldiga eski kitoblardan ochib, „xatmi-xoʻja“ qilganday yoʻlga tushishdi. Arava Xoʻjaobodga yaqinlashganda miltiq ovozi eshitildi. Oʻn nafar bosmachi kelib aravani oʻradi. Shunda aravakash bosmachilarga qarab, „jim“ ishorasini qildi va pardani qiya ochdi. Bosmachilar „eshon“ va „muridlar“ni koʻrib, taʼzim qilishdi. Soʻngra hurmat bilan Andijonga kuzatib qoʻydi. Qizil armiyani qurol bilan taʼminlash maqsadida truppaning bunday „postanovkalari“ bir necha marta takrorlandi.

Teatr davrning dolzarb masalalarini koʻtarib chiqish, eng yaxshi pesalarni sahnalashtirishga asosan 1929 yildan boshlab kirishdi. Qirgʻiziston xalq komissarlari Kengashining qaroriga binoan shu yildan teatr professional jamoa sifatida ish boshladi.
1929-1931 yillarda teatr sahnasida teatr rahbari Rahmonberdi Madazimov tomonidan qoʻyilgan Komil Yashinning „Lolaxon“, „Aji-aji“ nomli pesalari sahnalashtirildi. Bu asarlar gʻoyaviy muxoliflarning kirdikorlarini fosh etishda muhim rol oʻynadi. „Lolaxon“ spektakli Oʻsh, Aravon, Oʻzgan, Qorasuv, Xoʻjaobod mehnatkashlariga qayta-qayta namoyish etildi. Reaksion elementlar teatr tashkilotchilariga qarshi bir necha marta fitna uyushtirdilar. Bosh rollarni oʻynagan Rahmonberdi Madazimov, Oʻrinboy Rahmonov, Tojixon Xasanova, Laylixon Moidovalarni ushlash va koʻzlarini oʻyib olish uchun qotillar tayinlagan edi. Artistlarni qurol bilan qoʻriqlashga toʻgʻri keldi.

Tashkiliy qiyinchiliklarga qaramay, teatr oʻz repertuarini yangi, gʻoyaviy badiiy yetuk asarlar hisobiga kengaytirib bordi. Bu ishda teatrga SSSR xalq artisti Rahim Pirmuhamedov, Oʻzbekiston xalq artistlari Hikmat Latipov (1932-1933-yillar), Qudrat Xoʻjayevlar katta amaliy yordam koʻrsatdilar. Ularning kuch-gʻayratlari bilan Oʻsh teatri sahnasida Rahmonberdi Madazimov tomonidan „Ikki kommunist“, „Gulsara“, „Oʻrtoqlar“, „Alisher Navoiy“ kabi koʻplab yirik asarlar sahnalashtirildi. Komil Yashin va Muzaffar Muhamedovning „Gulsara“ musiqali dramasi sahnaga qoʻyilishi katta voqea boʻldi. Gulsaraning inqilobiy shijoati, erk va or-nomus uchun kurashi, minglab xotin-qizlarning koʻzini ochdi, ozodlikka intilish tuygʻusini kuchaytirdi.

1934 yil avgust oyida yetmish kishidan iborat teatr jamoasi Leningrad shahriga gastrolga bordi. Teatr repertuari „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“ kabi oʻzbek asarlaridan iborat edi. Ammo leningradlik sanʼat shinavandalari ularni shu qadar qizgʻin, shu qadar samimiy kutib oldilarki, ozgina muddatga moʻljallangan gastrol salkam bir oy davom etdi. Ijodiy jamoa korxonalarda, oʻquv yurtlarida, afsonaviy „Avrora“ kreyserida ijodiy uchrashuvlar oʻtkazishdi, 22 ta konsert berishdi. Gastrol soʻnggida artistlarni Leningrad viloyati partiya qoʻmitasining birinchi kotibi S. M. Kirov qabul qildi va oʻynalgan spektakllar, konsertlar leningradliklarda chuqur taassurot qoldirganini alohida taʼkidladi. Qabul marosimida Oʻrinboy Rahmonov ham ishtirok etdi va suhbat tugagach, teatr jamoasi bilan birga Sergey Kirov bilan rasmga tushdi. S. M. Kirov 1934 yili vafot etgandan soʻng, 1936 yili teatr uning nomi bilan ataldi.

1934 yili Toshkentda ilgʻor paxtakorlarning slyoti oʻtkazildi. Slyotda konsert berish uchun Oʻzbekiston Markaziy ijroiya qoʻmitasining raisi Yoʻldosh Oxunboboyevning taklifi bilan Oʻsh teatri Toshkentga ijodiy safarga ketdi. Slyot qatnashchilari hofiz Abdulla taroq Fayzullayev, artistlar Oʻrinboy Rahmonov, Tojixon Hasanova, Roziyaxon Moʻminova, Laylixon Moidova, Qodirjon Hamidov, Gʻulomjon Isroilovlarning chiqishlarini zoʻr olqishlar bilan kutib oldilar. 1934 yili teatr Moskvaga ham gastrolga borib keldi. 26-may-4-iyun 1939 yili Moskvadagi qirgʻiz sanʼati birinchi dekadasida qatnashib keldi va M. I. Kalinin bilan uchrashdi. 1939 va 1940 yillari Oʻrinboy Rahmonov teatr jamoasi bilan birga Bishkekka (Frunzega) gastrolga bordi.

1939 yili teatrning yetakchi artistlari Roziyaxon Moʻminova va Abdulla taroq Fayzullayev Qirgʻizistonda birinchi boʻlib Kirgiz SSRda xizmat koʻrsatgan artist faxriy unvonini olishgan.
Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan soʻng, koʻplab teatr aktyorlari oʻz ixtiyori bilan frontga ketishdi. Oʻrinboy Rahmonov urush maydonida jiddiy yaradorlanib, Oʻshga yuborildi va 1942 yili teatrning badiiy rahbari etib tayinlandi va u 1949 yilgacha teatrga rahbarlik qildi.

Ikkinchi jahon urushi davrida teatr sanʼatkorlari oʻzlarining Vatan oldidagi burchlarini chuqur his etib, frontda boʻlib, soldatlarga madaniy xizmat koʻrsatdilar. Oʻrinboy Rahmonov, Tojixon Hasanova, E. Boʻtayeva, M. Otaboyevlar jangchilarni mardlikka, qaxramonlikka undadilar. Shu yillarda Oʻrinboy Rahmonov tomonidan Komil Yashinning „Boʻron“, „Oʻlim bosqinchilarga!“, Sobir Abdullaning „Qurbon Umarov“, Uygʻunning „Hayot qoʻshigʻi“, Bil-Belotserkovskiyning „Chegarachilar“, Korneychukning „Front“ asarlarini sahnaga qoʻyib, teatr jamoasi mehnatkashlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshdilar.

Ijodiy jamoaning kamolotga erishuvida teatrning badiiy rahbari Oʻrinboy Rahmonov tomonidan Hamzaning „Boy ila xizmatchi“, „Maysaraning ishi“, K. Trenyovning „Lyubov Yarovaya“, Shillerning „Makr va muhabbat“, Sobir Abdullaning „Tohir va Zuhra“, Oʻrdubodiyning „Besh soʻmlik kelin“, Hurshidning „Farhod va Shirin“, Komil Yashinning „Gulsara“, Uygʻunning „Navbahor“, „Oltinkoʻl“ asarlarini sahnalashtirilishi alohida bosqich boʻldi.

Teatrda shuningdek Ch. Aytmatovning „Momo yer“, K. Yashinning va M. Muhamedovning „Dilorom“, V. Shekspirning „Otello“ asarlari sahnalashtirildi. Teatr ellikinchi-olmishinchi yillarga kelib mustamlaka va qaram mamlakatlarda milliy ozodlik harakatining avj olishi, mazlum xalqlarning ozodlik, demokratiya uchun kurashi mavzuiga, aniqrogʻi xorijiy Sharq yozuvchilarning shu mavzudagi asarlariga murojaat etdi. Yozuvchi Sohib Jamolning „Guli siyoh“, „Afsonaviy shaxs“ asarlari asosida ishlangan musiqali dramani tomoshabinlar mamnuniyat bilan kutib oldilar.
Ijodiy jamoa kamolot pillapoyalaridan dadil koʻtarilib borib, jahon va rus adabiyoti klassiklarining asarlariga murojaat qila boshladi. Birdaniga uchta klassik asar: N. Gogolning „Revizor“ va „Uylanish“, Karlo Gotssining „Malika Turandot“ sahnaga qoʻyildi va teatrning yetakchi aktyori Joʻraxon Rahmonov ularda bosh rollarni ijro etdi. Keyingi yillarda Sh. Rashidovning „Qudratli toʻlqin“, K. Trenyovning „Lyubov Yarovaya“, „Qizil galstuk“, F. Shillerning „Makr va Muhabbat“, K. Goldonining „Ikki xoʻjayinning bir quli“, A. Ostrovskiyning „Momaqaldiroq“, N. Boytemirovning „Urqiya“, „Toʻy oldidan toʻpolon“, „Sevgi, jaz va shayton“ asarlari sahnada muvaffaqiyatli qoʻyildi.
Teatrning yetakchi artisti Joʻraxon Rahmonov qirgʻiz tilini aʼlo darajada bilgani uchun Oʻsh shahrida qirgʻiz drama teatri (1974 yili qurilgan) tuzilguncha qirgʻiz yozuvchilarining klassik va zamonaviy dramalarini Bobur nomli teatrida sahnalashtirishida faol qatnashgan. Joʻraxon Rahmonov qirgʻiz dramaturglari pesalaridagi rollarni sof qirgʻiz tilida ijro etgan. Bu bilan u mustaqil Qirgʻiziston tuzilguncha qirgʻiz tilini teatr sahnasida targʻibot-tashviqot qilgan. 14-25-oktyabr 1958 yili teatr jamoasi Moskva shahrida Qirgʻiziston sanʼati va adabiyoti ikkinchi dekadasida qatnashdi. 1967 yili teatr qardosh Tojikistonda gastrolda boʻldi. Gastrol muvaffaqiyatli oʻtganligi uchun jamoa Tojikiston SSR madaniyat vazirligining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi va teatr aktyori Dildorbek Rahmonov ijrosidagigi rollar yuqori baholandi. Jamoa 11-17-iyul 1967 yili Moskvada Qirgʻiziston madaniyati va sanʼati kunlarida qatnashdi. 4-14-sentyabr 1969 yili Oʻzbekistonda Qirgʻiziston adabiyoti va sanʼati dekadasida qatnashdi. 2-10-aprel 1970 yili Vladimir Lenin 100-yilligiga bagʻishlangan SSSR xalqlari sanʼati bayramida qatnashdi. 1-10-iyun 1974 yili Qirgʻiziston SSR va Qirgʻiziston Kompartiyasi 50-yilligiga bagʻishlangan SSSR xalqlari sanʼati „Olatogʻ bahori“ 5-festivalida qatnashdi.

Teatr jamoasi 1974 yili qardosh Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda gastrolda boʻldi. Teatr jamoasi ilgari bir necha marta Oʻzbekiston poytaxtida gastrolda boʻlsa-da, bu safargisi dastur koʻlami jihatidan birinchi katta gastrol edi. Toshkentlik sahna muxlislariga toʻrt spektakl — Sharof Rashidovning „Qudratli toʻlqin“ musiqali dramasi, Joʻra Mahmudovning „Sohibjamol“ lirik fojiasi, Qosimali Jontoʻshevning „Moʻylovli qiz“ musiqali komediyasi va Umarjon Ismoilovning „Rustam“ musiqali dramasi hamda katta konsert dasturi namoyish etildi. Tomoshabinlar har bir spektakl va konsertni mamnuniyat bilan kutib oldilar. Safar davomida teatr jamoasi sanʼatni targʻib qilishda muxim rol oʻynagan gastrollarni Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli oʻtkazganligi uchun Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi rayosatining faxriy yorligʻi bilan mukofotlandi. Hamma oʻynagan bosh rollari yuksak baholanib, teatrning yetakchi aktyori Joʻraxon Rahmonovga Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi rayosatining 5-iyul 1974 yildagi 164 sonli qaroriga asosan „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“ faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Ushbu faxriy unvonni qirgʻizistonlik faqat ikkita artistgina olgan.

1977 yili teatrda quvonchli voqea yuz berdi. Teatr 1977 yilning birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha Butunittifoq sotsialistik musobaqasida Ittifoq teatrlari ichida ikkinchi oʻrinni egalladi. Teatr nomiga KPSS Markaziy Qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzoligiga nomzod, SSSR madaniyat vaziri P. N. Demichev va madaniyat xodimlari kasaba uyushmalari MQ raisi M. Pashkovdan tabrik telegrammasi keldi va teatr diplom va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

1978 yili SSSR xalqlari dramaturgiyasi va teatr sanʼati ikkinchi Butunittifoq festivalining yakunlari boʻyicha teatr „Urqiya“, „Toʻy oldidan toʻpolon“, „Sevgi, jaz va shayton“spektakllari uchun SSSR madaniyat vazirligi, SSSR yozuvchilar uyushmasi, madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy Qoʻmitasining diplomi bilan taqdirlandi.
Teatr qoshida uchta havaskorlar studiyasi ishlab turibdi. Bu studiyalarning asosiy vazifasi raqsga, ashula aytishga, soz chalishga ixlosmand, qobiliyatli yoshlarni tanlab, ulardagi isteʼdodni tarbiyalash, shu yoʻl bilan teatr uchun munosib oʻrinbosarlar yetkazishdan iborat.

Oʻsh shahrida tugʻilgan, Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Azizullo Sultonovich Izzatullayev Oʻzbekiston SSR Kompartiya Markaziy Qoʻmitasining birinchi kotibi Sharof Rashidovdan oʻzining bobosi Rahmonberdi Madazimov va togʻalari Oʻrinboy va Joʻraxon Rahmonovlar tashkil etib, ishlab ijod qilgan Kirov nomidagi Oʻsh oʻzbek drama teatrining yangi binosini qurilishiga va jihozlash uchun mablagʻ ajratishga amaliy yordam berishini soʻragan. 1979 yilda, teatr yangi binoga koʻchib oʻtdi.

70 — 80 yillarda teatr SSSR teatr va koʻngilochar muassasalari umumittifoq tanlovida uch marta ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni, SSSR madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Oliy Kengashlari faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. 1980 yili teatrning 50 yillik yubileyi boʻlib oʻtdi.

1984 yil 13-20-oktyabrida teatr jamoasi Leningrad shahriga safarga bordi. Gastrol davomida Leningradning Estrada teatri binosida „Nurxon“, „Qonli sarob“, „Oy tutilgan tunda“, „Birinchi oʻqituvchi“ spektakllari hamda „Biz Oʻshdanmiz“ deb nomlangan konsert dasturi namoyish etildi. SSSR xalq artisti Kirill Lavrov oʻshlik sanʼatkorlarni Aktyorlar uyiga taklif etdi. Bu yerdagi ijodiy muloqot qirgʻizistonlik sanʼat ahlida zoʻr taaʼsurot qoldirdi.
1990 yili teatrning 60 yillik yubileyi nishonlandi. Respublikaning oliy rahbariyati va Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati arboblari ishtirokida tantanalar boʻlib oʻtdi. Shu yili Bishkek shahrida oʻtgan xalqaro „Navroʻz“ festivalida teatr „Ravshan va Zulxumor“ musiqali dramasi bilan qatnashib, ikkinchi oʻrinni egalladi. Teatr sahnasida Abdulla Oripovning „Jannatga yoʻl“ dramasi qoʻyildi. Asarga toshkentlik rejissor Hamid Qahramonov rejissyorlik qildi. Hamza nomli Toshkent milliy akademik teatri binosida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo teatrlari festivalida „Jannatga yoʻl“ spektakli namoyish etildi va festival diplomiga sazovor boʻldi. 1990 yilning 2 va 3-fevral kunlari ijodiy jamoa Toshkentdagi Xalqlar doʻstligi saroyida konsert berdi. 4200 tomoshabin sigʻadigan bu ulkan koshona shu kunlarda tomoshabinlar bilan toʻldi va ular oʻshlik sanʼatkorlarni gulduros qarsaklar bilan olqishladilar.

Teatrning yangi tarixi



1992-yili avvalgi Kirov nomi oʻrniga teatrga Z. M. Bobur nomi berildi.
Teatrga Bobur nomi berilishi tantanasida respublika va viloyat rahbariyati, shuningdek, Hamza nomli Oʻzbek milliy akademik drama teatrining aktyori, SSSR xalq artisti Nabi Rahimov hamda Fargʻona vodiysi teatr arboblari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Ijodiy jamoa Samarqandda „Sharq taronalari“ xalqaro festivalida ishtirok etdi va u yerda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. 1996 yili buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning 660 yilligi munosabati bilan, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning „Sohibqiron“ asari sahnaga qoʻyildi. Asar tomoshabinlar va teatr arboblari tomonidan yuksak baholandi. 1996 yili asar Amir Temurga bagʻishlangan spektakllarning xalqaro festivali doirasida Hamza nomli Oʻzbek milliy akademik drama teatri binosida namoyish etildi va jamoa festivalning mukofotini oldi.
1997 yili teatr jamoasi Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlarida gastrolda boʻldi. Xuddi shunday gastrollar Fargʻona vodiysi boʻylab 1999, 2003 va 2004 yillarda ham muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
1998 yili Bishkekda oʻtgan xalqaro „Art-Ordo“ teatr festivalida teatr ikkinchi oʻrin sohibi boʻlib, diplom bilan taqdirlandi.
19-noyabr 1999 yili teatr 70 yillik yubileyi zoʻr tantana bilan nishonlandi. Teatrni Qirgʻiziston Prezidenti Asqar Aqayev va Jogorku Kenesh raisi tabrikladi.
Murza Gaparovning „Shoʻr makon“ asari bilan teatr Bishkekda oʻtgan Markaziy Osiyo teatrlari festivalida ishtirok etib, birinchi oʻrinni oldi.
Jalil Sodiqovning „Bobur haqida qoʻshiq“ musiqali dramasi bilan Fargʻona vodiysi teatrlarining „Andijon bahori“ festivali hamda Bishkekda namoyish etilib, sovrinli oʻrinni egalladi.
1999 yilda teatr ijodiy jamoasi Uilyam Shekspir qalamiga mansub jahon klassikasi durdonasi „Makbet“ asarini sahnalashtirdi. Bungacha Markaziy Osiyo mintaqasida hech qaysi teatr bu asarni sahnalashtirmagan edi. „Makbet“ asarini Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Karim Yoʻldoshev sahnalashtirishda rahbarlik qildi. 1996-2012 yillar davrida teatr ijodiy jamoasi: „Manas oʻgʻli Semetey“ (J. Sadikov), „Qurmonjon Dodxo“ (T. Qosimbekov, A. Abdugʻafurov), „Qamchibek“ (S. Jetimishev), „Jannatga yoʻl“ (A. Oripov), „Afandining besh xotini“ (I. Sadikov), „Shoʻr Makon“ (M. Gaparov), „Sohibqiron“ (1996), „Chingizxon olib ketgan sir“ (2002), „Mirzo Ulugʻbek“ (2004), „Bobur haqida qoʻshiq“ (P. Qodirov 2005), „Malikaning koʻz yoshi“ (2006), „Oʻjar chollar“ (O. Hakimov), „Oʻlik-shumtaka“ (X. Xursandov) — kabi asarlarni sahnalashtirgan va bu teatr repertuari asosini tashkil etgan asarlarni toʻliq roʻyxati emas.

2002 yilda ajoyib yozuvchi Chingiz Aytmatovning tavsiyasi bilan teatrda Qozogʻiston dramaturgi Muxtor Shaxanovning „Chingizxon bilan ketgan sir“ asari sahnalashtirildi. Bu asarni sahnaga rejissor Karim Yoʻldoshev qoʻydi. Bu asarni ijodiy jamoa Qozogʻistonning Chimkent viloyati Turkiston va Sayram tumanlarida boʻlib oʻtgan gastrollarda qoʻydi. Shuningdek, teatr ijodiy jamoasi oʻsha kunlarda qozoq yozuvchisi M. Shahanovning 60 yilligini nishonlash tadbirlarida ishtirok etdi.
2002 yil iyun oyida „Teatr sanʼati orqali oʻzaro hamkorlik koʻpriklari“ nomli xalqaro teatr festivali Oʻsh shahrida oʻtkazildi. Festivalda Fargʻona viloyati oʻzbek va rus teatri, Namangan viloyati teatri, Sterlitamak drama teatri, Oloy tumani teatri, Jalolobod viloyati teatri, Xoʻjand viloyati drama teatri, Qozogʻistonning Jetisay teatri, Oʻsh qirgʻiz drama teatri ishtirok etishdi. Oʻsh oʻzbek teatri festivalda ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bir necha aktyorlar diplom bilan taqdirlandi. 2003 yilda taniqli shoir va yozuvchi Abdulhamid Choʻlpon 100 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻlan Nizom asari asosida „Choʻlpon“ dramasi qoʻyildi.

Qirgʻiziston Respublikasi teatr sanʼatiga qoʻshgan yuksak hissasini hisobga olib 2004 yili Oʻsh oʻzbek musiqali drama teatriga akademik maqomi berildi.

Teatr 2004 yili Qirgʻiziston teatrlararo festivalida gʻolib chiqib, teatrga „Qirgʻizistonda eng aʼlo teatr“ diplomi berildi. Mazkur koʻrik yil sayin oʻtkazilib, 2006, 2007, 2009 yillari ham teatr ana shunday faxrli diplomlarga sazovor boʻldi.

2006 yili Qirgʻiziston Respublikasi madaniyat va axborot vazirligi qarori bilan teatrga „Davlat teatri“ maqomi berildi.

2006 yilning mart oyida teatr Turkiyaga safarga ketdi. Jamoa Anqara, Istanbul, Antaliya, Alaniya, Bursa shaharlarida gastrolda boʻldi. Tomoshabinlarga klassik qoʻshiq va raqslardan iborat konsert va T.Nizomning „Choʻlpon“ asari qoʻyildi.
2007 yil aprel oyida Tojikiston Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan professional teatrlar xalqaro festivali tashkil etildi. Bu festivalda teatr dramaturg S. Rayevning „Malikaning koʻz yoshi“ asarini koʻrsatdi. Ijodiy jamoa ikkinchi oʻrinni egalladi.
Shuningdek, 2007 yilda Tojikiston rejissori Barzu Abdurazzoqov bilan hamkorlikda teatr ijodiy jamoasi Tojikiston dramaturgi Temur Zulfiqorovni „Munojot“ asarini sahnalashtirdi.
2008 yilda Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, rejissor Ovlaquli Hoʻjaquli teatrda Alisher Navoiyning „Layli va Majnun“ asarini sahnalashtirdi.

2009 yili tajribakor — eksperimental teatrlarning xalqaro festivalida qatnashish uchun teatr jamoasi Misr Arab Respublikasining poytaxti Qohira shahriga taklifnoma oldi.
2009 yili 23-28-sentyabr kunlari teatrning 90 yilligi munosabati bilan Bishkek shahrida gastrollar boʻlib oʻtdi. Teatr Chingiz Aytmatov nomli milliy rus drama teatri sahnasida besh spektakl: „Malikaning koʻz yoshi“, "Munojot", „Layli va Majnun“, „Bu chollar yomon chollar“, „Makka sari olis yoʻl“ hamda „Biz Oʻshdanmiz“ deb nomlangan konsert dasturini poytaxt tomoshabinlariga namoyish etdi. Tomoshabinlar ijodiy jamoaning konsert dasturini va chiqishlarini iliq kutib oldi. Teatr jamoasi Qirgʻiziston madaniyat vazirligi, Qirgʻiziston oʻzbek milliy-madaniy markazi, Qirgʻiziston — Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati, Oʻzbekistonning Qirgʻizistondagi elchixonasi faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Markaziy Osiyo teatrlari orasida, teatr birinchi marta spektakllarni ikki tilda sahnalashtirishni amalga oshirishni yoʻlga qoʻydi. Misol uchun, 1974 yilda SSSR xalq artisti Darqul Quyukova teatr sahnasida rolni qirgʻiz tilida oʻynadi. Bu Chingiz Aytmatovning „Ona dalasi“ asari edi.
2010 yil aprel oyi oxirida Chingiz Aytmatovning „Qiyomat“ asari sahnalashtirildi. Sanʼatkorlarning mahoratini mutaxassislar va tomoshabinlar yuqori baholashdi. 2010 yilning may oyida dramaturg S. Rayevning „Malikaning koʻz yoshi“ asarini sahnalashtirgan edi. 2010 yil oxirlarida jamoa Oʻzbekiston dramaturgi Nasrullo Qobulning „Fitna“ asarini tayyorladi. Keyinchalik teatr ijodiy jamoasi oldin qoʻyilgan asarlar ustida ishladi — „Makkaga olis yoʻl“, „Malikaning koʻz yoshi“, „Layli va Majnun“, „Bu chollar yomon chollar“.
2012 yilda toʻrtta yangi asar sahnalashtirildi: Inom Tursunovning „Ilonlar malikasi“, B. Jakiyevning „Qalbga ozor yetmasin“, dramaturg A. Abdugʻafurovning „Aql va Ochkoʻzlik“, „Yolgʻon imperiyasiga sayohat“. 2012 yil fevral oyida teatr ijodiy jamoasi tomonidan Sharqning buyuk shoirlari va davlat arboblari Alisher Navoiyga va Zahiriddin Muhammad Boburga bagʻishlangan „Nazm va navo“ nomli anjuman va konsert dasturi tayyorlandi. Unda Oʻsh shahrining ziyolilari, oliygoh va maktablar oʻqituvchilari, Oʻzbekistonning Andijon va Fargʻona shaharlaridan kelgan taniqli madaniyat arboblari ishtirok etishdi. Bundan tashqari, teatr ijodkorlari kuchi bilan Sharq mumtoz musiqasiga asoslangan „Shoshmaqom“ katta konsert dasturi tayyorlandi.
Ijodiy jamoa Turkiyaning Istanbul shahrida xalq musiqa festivalida ishtirok etdi va u yerda sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ijodiy jamoaning Qirgʻizistonning janubiy viloyatlari boʻylab oʻtgan gastrollari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Jalolobod shahrida oʻtgan bolalar spektakllari respublika festivali teatrga katta mashhurlik olib keldi.
2012 yil 28-31-may kunlari Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo koʻcha teatrlari uchinchi xalqaro festivalida 14 ta yosh isteʼdodli xonanda oʻzining sanʼatini namoyish qilishdi va sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritishdi.
2014 yili teatr guruhi Janubiy Koreyada oʻtkazilgan sanʼat va madaniyat arboblari „Ekspo-Aziya“ tadbirida qatnashib keldi.

Bu davr mobaynida teatrda koʻplab iqtidorli aktyorlar, rejissorlar, xoreograflar yetishib chiqishdi: 11 ta xalq, 31 ta xizmat koʻrsatgan artistlar, 7 ta respublikada xizmat koʻrsatgan sanʼat arboblari. Koʻplari orden va medallar, SSSR, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Respublikalari faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Teatr bir necha marta Bishkek, Toshkent, Andijon, Olmaota, Sankt-Peterburg, Turkiya shaharlarida oʻtkazilgan xalqaro teatr festivallari gʻolibi boʻldi. Hozirgi vaqtda teatrda 2 ta xalq, 11 ta xizmat koʻrsatgan, 2 ta xizmat koʻrsatgan sanʼat aroblari, 16 ta Qirgʻiziston madaniyat aʼlochilari ijodiy ish bilan shugʻullanadi.
Jamoa tashkil boʻlgandan buyon 600 tadan oshiq asarni sahnalashtirdi, rus, oʻzbek, tojik, qirgʻiz va jahon klassikasining eng mashhur asarlariga va shuningdek zamonaviy jahon xalqlari dramaturgiyasiga murojaat etdi.

2014 yil 29-noyabrda Markaziy Osiyoning eng keksa teatrlardan biri boʻlgan Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrining 95-yilligi munosabati bilan teatrda yubiley konsert berildi.
Teatr ijodiy jarayonining yuksak darajaga koʻtarilishida Oʻzbekiston Respublikasining sanʼat arboblari: Razzoq Hamroyev, Qudrat Xoʻjayev, Asad Ismatov, Abbos Bakirov, Javod Obidov, Tamaraxonim, Soib Xoʻjayev, Galiya Izmaylovalarning, xalq hofizlari Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqovlarning hamda Mamajon Rahmonov, Hafiz Abdusamatov, Toshpoʻlat Tursunov, Sotimxon Inomxoʻjayev kabi teatrshunos olimlarning salmoqli hissalari bor. Komil Yashin, Abdulla Qahhor, Uygʻun, Izzat Sulton, Said Ahmad, Maqsud Shayxzoda kabi alloma adiblarning asarlari repertuarini hamisha boyitib kelgan.

Oʻzbekiston sanʼat ustalari Oʻsh oʻzbek teatri uchun ijodkorlar yetishtirishda. tarbiyalashda, ijodiy malakalarini oshirishda chinakam jonbozlik qildilar. Teatr aktyorlarining 50 foizi Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutini tamomlagan. Hozirgi kunda ham Oʻzbekiston sanʼat arboblari Olimjon Salimov, Hamid Qahramonov, Tojiboy Isroilov, Karim Yoʻldoshev, Gʻulomjon Hojiqulov, Yorqinoy Hotamova, Dehqon Jalilov va boshqalarning teatrga koʻrsatayotgan ijodiy yordamlari tahsinga sazovordir.
Oʻzbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov, Qozogʻiston xalq shoiri, dramaturg Muxtor Shaxanov, Turkmanistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Avliyoquli Hoʻjaquli, Tojikistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arboblari Joʻrabek Murodov, Joʻrabek Nabiyev, Malika Qalandarova, rejissor Barzu Abdurazzoqov, Qirgʻiziston xalq artisti Almaz Sarliqbekovlar bilan ijodiy hamkorlik, master-klass mashgʻulotlari natijasi oʻlaroq polotno spektakllar yaratildi, ular teatr repertuarini bezadi, aktyorlar mahoratini oshirishga ijodiy zamin boʻldi.
10-16-fevral 2017 yili teatr jamoasining Oʻzbekistonning Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlariga ijodiy gastrollari boʻlib oʻtdi. Fargʻona shahrida boʻlib oʻtgan yakunlovchi tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A. Ikromov va Qirgʻiziston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J. Razakov qatnashdilar. Oʻzbekiston Respublikasi hukumati moliyaviy yordamida teatrda Pirimqul Qodirovning „Yulduzli tunlar“ asari asosida „Bobur tugʻyoni“ spektaklini sahnalashtirildi.

Teatrda ingliz rejissyori Yuldosh Joʻraboyev (asli Qirgʻizistonlik) jahon klassikasi Uilyam Shekspirning „Richard 3“ spektaklini sahnalashtirdi va Londonda 2-Xalqaro „Ochiq Markaziy Osiyo“ festivalida koʻrsatildi .

2018-yilda Chingiz Aytmatovning 90 yilligi munosabati bilan „Dengiz boʻylab chopayotgan olapar“ asari asosida „Umid yulduzi“ spektakli Oʻzbekistonlik rejissyor Tojiboy Isroilov tomonidan sahnalashtirildi.

Teatr ijodiy jamoasi ijodiy safarlar bilan Namangan shahriga (2018-yil may) va 2018-yilning iyun oyi oxirida Toshkent shahrida borib keldi. „Umid yulduzi“ spektakli Oʻzbek milliy akademik drama teatrining sahnasida namoyish etildi. Teatrda Tojiboy Isroilovning „Osmonning bagʻri keng“ spektakli sahnalashtirildi.

2018-yil 19-21-sentyabr kunlari Toshkentdagi O'zbek milliy akademik drama teatrining ijodiy uchrashuvlari va gastrollari boʻlib oʻtdi. Oʻsh teatri sahnasida ular Oʻzbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Fathulla Masyudov, Madina Muxtorova, Muyassar Berdikulovalar ishtirokida „Qora olma“ spektaklini sahnalashtirishdi.

2018 yili teatr 100 yillik yubileyini nishonlashi kerak edi, lekin moliyaviy qiyinchiliklar tufayli, yubiley tadbirlari boʻlmagan.

Oʻzbekiston hukumati teatr binosini rekonstruksiya qilish uchun 7 million dollar ajratdi. 2023 yilda teatrning 105 yillik yubileyini yangi binoda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Teatrning ijodiy yutuqlari




Teatr artistlarining xotirasi



Mahalliy hokimiyat qarorlariga asosan teatr asoschilarining nomlari Oʻsh viloyatining koʻchalariga qoʻyilib abadiylashtirildi.

Teatr asoschilari




Teatr artistlari



Qirgʻiziston xalq artistlari




Oʻzbekiston xalq artistlari




Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar




Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan artistlar




Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat arboblari




Qirgʻiziston madaniyat aʼlochilari




Teatr direktorlari




Bosh rejissyorlar




Teatr badiiy rahbarlari




Teatr repertuari




Teatr tuzilgandan beri 600 dan ziyod asarlar sahnalashtirilgan

Bundan tashqari, teatr sahnasida koʻplab konsert dasturlari qoyilgan.

Adabiyotlar




Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz