Bobur koʻchasi (Toshkent)
Bobur koʻchasi — Yakkasaroy tumanida, Beshyogʻoch maydoni bilan Aeroport maydoni oraligʻida joylashgan koʻcha. Uzunligi 4,3 km.
Tarixi
Ko'chaga hoir va sarkarda Bobur nomi berilgan. Bobur koʻchasi 1954-yilgacha Teatr koʻchasi, 1991-yilgacha Bogdan Xmelnitskiy koʻchasi deb atalgan. Toshkentdagi aeroportga olib boruvchi asosiy koʻchalardan biri. XX asrning 30-yillarida Toshkent toʻqimachilik mashinasozligi zavodi qurilayotganda yuzaga kelgan. Keyinroq koʻcha yoʻnalishida maʼmuriy va turar joy binolari qurilgan. 1967-yil aeroport yaqinida yoʻloʻtkazgich-koʻprik qurilgan. 2008-yil noyabrda ushbu koʻprik tubdan qayta rekonstruksiya qilindi.
Mustaqillik yillarida koʻchaning Boʻrijar kanalidan oʻtish qismidagi koʻprik yangilandi, koʻcha kengaytirilib, trotuarlari koʻkalamzorlashtirildi. Koʻchaning boshidan oxirigacha archa ekilgan.
Binolar
Koʻcha yoʻnalishida Respublika baynalmilal madaniyat markazi, Toshkent bosh plani loyihalash va ilmiy tadqiqot instituti, poliklinika, „Baxt uyi“, „Tabassum“ restoran-toʻyxonasi, Koʻzi ojizlar jamiyati, Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi (hozirgi Doʻstlik bogʻi), Saudiya Arabistonining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi, Aleksandr Pushkin haykali, „Oʻzbekengilsanoat“ kompaniyasi, „Saodat“ savdo majmuasi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor.
Koʻcha yaqinida Toshkent pedagogika universiteti (hozirgi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti), Yakkasaroy tumani hokimiyati, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti, Beshyogʻoch va „Askiya“ dehqon bozorlari joylashgan.
Gallireya
Yana qarang
Manbalar
uz.wikipedia.org