Bobur hujrasi
„
Bobur hujrasi “ (shuningdek, xalq orasida „Masjid“, „Taxti Sulaymon masjidi“, „Bobur uyi“ va „Oq uy“ kabi nomlar bilan mashhur) — Temuriy hukmdor Zahriddin Muhammad Bobur tomonidan 1496—1497-yillarda qurdirilgan bir xonalik va ayvonlik hujra. Hujraga uzoq vaqt Sulaymon togʻi atrofida yashab kelgan aholi masjid sifatida qarab kelgan. Masjid sifatida bilingan hujra 1963-yil Sovet davlati tomonidan olib borilgan dinga qarshi tashviqotning bir parchasi oʻlaroq vayron qilingan (portlatib yuborilgan). Qirgʻiziston SSR hukumati Oʻsh shahrining ijroiya qoʻmitasi va shahar faollari tashabbusi ortidan 1986-yili hujraning qayta tiklanishi borasida qaror chiqarishga majbur boʻlgan. Hujra uzoq bahs va tortishuvlardan soʻng „Kirgizrestavratsiya“ ilmiy-konstruktorlik byurosi tomonidan buxorolik va xivalik hunarmandlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha va umumiy hashar yoʻli bilan 1989-yilda qayta tiklangan. Bobur hujrasi Andijon shahridan 40 km uzoqlikda joylashgan.
Qurilish tarixi va tavsifi
Boburnomada yozilishicha, hujraning qurilish ishlari musulmon qamariy taqvimi boʻyicha 902-yilda amalga oshirilgan. Hujra joylashgan togʻ Barokoʻh yoki Buratogʻ nomi bilan XVI asr oxiriga qadar atalib kelingan, XX asrga kelib Taxti Sulaymon (Sulaymon togʻi) deyila boshlagan. Bobur hujrasi asosan ohak va gʻisht aralashmasidan qurilgan. Shuning uchun ham keyinchalik aholi tomonidan hujraga „Oq uy“ deb nom berilgan. Sulaymon togʻida olib borilgan bu kabi bunyodkorlik faoliyati eng dastlabkisi boʻlmagani manbalarda qayd etilgan. Xususan, A. Aydashevning 1968-yilda nashr etilgan „Gorod Osh“ (Oʻsh shahri) asarida Bobur hujrasidan tashqari Sulaymon togʻining yonbagʻirlarida XV asrning ikkinchi yarmiga oid Sulton Mahmudxon tomonidan qurdirilgan hujra mavjudligi aytiladi. XVI asr oxirlarida Sulaymon togʻining shimoliy yonbagʻri yaqinida Abdulloxon II (1583—1598) tomonidan qurdirilgan tarixiy „Rabot masjid“ yodgorligi ham boʻlgan. Masjid 1963-yilga kelib qishloq dindorlaridan tortib olingan.
Bobur Sulton Mahmudxon va oʻzi qurdirgan hujrani solishtirar ekan, shahar va mahallalarning shundoq koʻrinib turish jihati bilan oʻzi qurdirgan hujraning ustunroq ekanini taʼkidlab oʻtgan. Zahriddin Muhammad bu borada Boburnoma asari orqali shunday fikrlarni yozib qoldirgan:
Qoʻrgʻonning sharqi janubiy bir mavzun togʻ tushubtur, Barokoʻhgʻa mavsum. Bu togʻning qullasida Sulton Mahmudxon bir hujra solibtur, ul hujradin quyiroq ushbu togʻning tumshugʻida tarix toʻqquz yuz ikkida men bir ayvonlik hujra soldim. Agarchi ul hujra mundin murtafe’dur, vale bu hujra bisyor yaxshiroq voqe boʻlubtur: tamom shahr va mahallot oyogʻ ostidadur. Andijon rudi Oʻshning mahallotining ichi bila oʻtub, Andijongʻa borur[14][15].
Hujra 1930 va 1953-yillarda bir necha bor restavratsiya qilingan, biroq keyinchalik Bobur hujrasi dinga qarshi olib borilgan tashviqotlarnign bir parchasi oʻlaroq 1963-yili portlatib yuborilgan. 1989-yil yanvar oyida Pravda gazetasi tomonidan 500 yil avval qurilgan hamda vayron qilingan Bobur Mirzo yodgorligi haqida maqola eʼlon qilingan. Natijada hujrani qayta qurish masalasi koʻtarilgan va saqlanib qolgan eski suratlar asosida Bobur hujrasi qurilgan davridagi holati boʻyicha qayta tiklangan. Sulaymon togʻida Bobur hujrasiga ulashish uchun 1000 dan ortiq zinapoyadan chiqib boriladi.
Bahslar
Bobur hujrasi sifatida qabul qilingan imoratning aslida Bobur tomonidan bunyod etilmaganini aytib keluvchi tadqiqotchilar ham bor. Xususan, Navoiyshunos olim Zuhriddin Isomiddinov oʻzining „Ona yurtim-Qirgʻiziston, Oʻsh…“ deb nomlangan asarida bu boradagi baʼzi qarashlarini keltirib oʻtgan. Olim asarida shunday yozadi:
„Boburnoma“ o‘zbek tilida 1948—1949-yillarda ilk bor nashr etilgach, xalq ichida juda mashhur bo‘lib ketdi. O‘shanga qadar kim tomonidan bino qilingani mavhum bo‘lib kelgan tog‘ ustidagi “Oq uy” degan bir xonadan iborat bino Boburnomada berilgan maʼlumotni to‘g‘ri tushunmaslik natijasida, XX asrning ikkinchi yarimlaridan boshlab, „Bobur qurdirgan uy“ nomi bilan el ichida yangicha eʼzoz topdi. Yaʼni, hozirda el olam, Mirzo Bobur qurdirgan uy deb ko‘nib qolgan bu imoratni aslida Bobur qurdirgan emas. Bu bino Boburning o‘zi eslatib o‘tganidek, uning amakivachchasi, Toshkent hokimi bo‘lgan Sulton Maxmudxon solgan „hujra“dir.
Buning dalili shuki, mazkur uydan balandroqda boshqa hujra solish mumkin bo‘lgan biron tekis joy, umuman, yo‘q – tog‘ning eng qir uchi, xolos. Ikkinchidan, Bobur o‘z imoratini „ayvonlik hujra“ deb aytadi. Oq uyning butun arxitektonikasida esa ayvon bilan payvasta bo‘larli o‘rin yo‘q – to‘rtala tomoni ham tashqi devor sifatida shakllantirilgan. Buzib tashlangan asl „Oq uy“ ham aynan shunday edi: keyin qurilgan hozirgi imoratning tarhi avvalgi hujraning fotorasmlariga qarab tayyorlangan.
Bobur esa o‘zi yozganidek, undan ancha quyida – „tog‘ning tumshug‘ida“ bir „ayvonlik hujra“ solgan. Xo‘sh, Bobur qurdirgan „ayvonli hujra“ qayerda? Afsuski, Markaziy Osiyoda Bobur bino etgan birdan-bir bu imorat keyin buzilib ketgan, undan nom-nishon ham qolmagan va hatto uning aynan tog‘ning qayerida bo‘lganini ham hozir birov bilmaydi[19].
Bu boradagi qarashlar yakdil boʻlmasdan, boshqa tadqiqotchi olimlar hujraning aynan Boburga oid ekanini taʼkidlab kelishadi. Masalan, tarixchi va etnograf olim Shavkat Otaxonov hujrani Bobur tomonidan qurdirilgan, degan fikrda sobit turgan tatqiqodchilardan biri hisoblanadi. Uning soʻzlariga koʻra, Bobur „togʻning sharqiy tumshugʻiga bir hujra soldirdik“ deb aytadi. Sulton Maxmudxon tomonidan qurdirigan hujra esa „togʻning choʻqqisida“ deb aytilgan. Otaxonov oʻz qarashlarining isboti sifatida fikrini shu tarzda ifodalaydi:
Sulaymon tog‘i xuddi cho‘kib turgan tuyaga o‘xshaydi. Aynan Bobur taʼriflagan hujra ham uning „tumshug‘iga“ qurilgan va pastda butun mahallot kaftdek ko‘rinib turadi, deya taʼriflagan[20].
Madaniyatda
Yozuvchi Pirimqul Qodirov oʻzining „Yulduzli tunlar“ nomli mashhur tarixiy romanida badiiy toʻqima qahramon meʼmor Mulla Fazliddin tomonidan hujraning qurilganini tasvirlab oʻtgan.
Oʻshlik rassom Odiljon Vosilov asosan Sulaymon togʻi tasviri bilan bogʻliq mavzularni chizib keladi. Rassom bolalik xotiralariga asoslanib shunday fikr bildiradi:
67-yilmikan, 66-yilmikan aniq yodimda yoʻq, meni toqqa olib chiqishgan. Mana bu yerga (chizgan suratini koʻsatib). Unda Boburning uyi buzilib ketgan edi. Shu yerda oʻtirganimda menga hikoyani aytib berishgan...
Rassom, shuningdek, Sulaymon togʻining yuqori qismida Bobur hujrasi tasvirini ham chizgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org