Bobur bogʻi




Bobur bogʻi (yoki Zahriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi ) — Namangan shahrida joylashgan bogʻ. Bogʻga 1884-yilda asos solingan boʻlib, 1990-yilga qadar Aleksandr Sergeyivich Pushkin nomi bilan atalib kelingan.

Bogʻning rekonstruksiya etilishi



2009-yil Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimovning Namangan shahriga tashrifidan soʻng qabul qilingan 1170-sonli qarori boʻyicha bogʻ davlat dasturiga kiritilgan va 2009-yilda qayta loyihalashtirib chiqilgan. 2009-yilning oktyabr oyida rekonstruksiya ishlari boshlab yuborilib, bogʻ hududida joylashgan 26-ta xizmat koʻrsatish obyektlari talabga javob bermagani tufayli buzib tashlangan. Loyiha umumiy qiymati 4 mlrd. 800 mln soʻmdan, 3 mlrd 300 mln soʻmlik qurilish montaj va obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Hozirgi kun kelib bogʻ hududida 6 ta choyxona va oshxona, 9 ta muzqaymoq pavilonlari, shuningdek, shaxmat-shashka klubi, 27 ta zamonaviy attraksionlar hamda boshqa koʻplab bu kabi koʻngilochar obyektlar xizmat koʻrsatib keladi. Bogʻ hududida 1 gektarlik hududni qamrab olgan 1,5 kmlik irrigatsiya tarmoqlari va 1 ta zamonaviy favvora ishlab turibdi. Shu bilan birga bogʻ hududida ochiq estrada maydoni, 400 tomoshabinga moʻljallangan amfiteatr bunyod etilgan. Hududda aholi dam olish uchun 175 ta oʻrindiq, 160 ta tungi yoritish chiroqlari oʻrnatib chiqilgan. Bogʻ xodimlari 24,5 shtat boʻyicha ishlab keladi. Shulardan 4 nafari rahbar, 2 nafari texnik xodim, 3 nafari gulchi, 1 nafari elektrik-mexanik, shuningdek, 4 nafar qorovul, 1 nafar irrigatsiya ishchisi, qolganlari turli xizmatlarni bajaruvchi xodimlardir (2023-yil statistikasi).

Xalqaro gullar festivali



Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadigan Xalqaro gullar festivali tadbirlari Bobur bogʻida boʻlib oʻtadi. Festivalga yillik 1,5 mln kishi tashrif buyurishi aytiladi.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz