Boboxonov Abdulla Boboxonovich
Abdulla Boboxonovich Boboxonov (1910-yil 8-fevral, Toʻqmoq – 1992-yil 18-iyun, Moskva) – meʼmor, SSSR Xalq meʼmori (1970). Oʻrta Osiyo industrial institutini bitirgan (1933). „Toshkent shahri loyihalash idorasi“da bosh meʼmor (1938—1944), Oʻzbekiston Meʼmorlar uyushmasi boshqaruvining raisi (1944—1946, 1964—1968), Oʻzbekiston Qurilish vaziri oʻrinbosari (1955—1959), Qurilish va meʼmorlik akademiyasida ilmiy xodim va boʻlim mudiri (1960—1963), ToshPIda oʻqituvchi (1963), professor (1965). 1963—1989-yillar davomida oʻzining bilim va tajribalarini yosh meʼmorlarga oʻrgatgan.
Asosiy ishlari: Kattaqoʻrgʻon (1940—1941) va Janubiy Surxon (1964—1967) suv omborlari majmuasining meʼmoriy qismi, Shohimardondagi Hamza maqbarasi (1950), Samarqanddagi Ulugʻbek rasadxonasi (1962) va boshqa 100 dan ortiq klub, madaniyat saroylari, kinoteatrlar va turar joy binolari loyihasini yaratgan. Boboxonov loyihalari asosida qurilgan binolarda milliy meʼmoriy anʼanalar zamonaviy meʼmoriy uslublar bilan uygʻunlashtirilgan.
Tarjimai holi
Abdulla Boboxonov 1910-yil 8-fevral kuni Toʻqmoqda (hozirgi Qirgʻiziston) tugʻilgan.
1920-yil Toshkentdagi „Namuna“ maktab-internatida tarbiyalangan.
1924-yilda Oʻzbekiston industrial institutiga (Oʻzinpros) oʻqishga kirib, pedagogika yoʻnalishida oʻqigan. Institutni tugatgach, Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Qoʻqon shaharlaridagi maktablarda fizika-matematika fanlaridan dars bergan. 1929-yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) meliorativ muhandislik fakultetida arxitektura va qurilish qurilishi boʻlimi ochilib, Abdulla oʻqishni davom ettirdi. 1933-yilda oʻqishni tamomlagan. 1934—1938-yillarda Moskva arxitektura instituti aspiranturasida tahsil olgan.
1938-yilda Toshkentga qaytib, Toshkent loyihalash institutining bosh meʼmori boʻlgan.
Ulugʻ Vatan urushi ishtirokchisi. 191-muhandis polkida jang qilgan. Harbiy koʻpriklar, qoʻmondonlik punktlari, blindajlar, plotlar va transheyalar qurgan. Kursk yoyi, Belorussiya va Ukraina frontlaridagi janglarda qatnashgan.
1946-yildan 1956-yilgacha Oʻzbekiston Davlat loyihalash instituti direktori boʻlgan.
1963-yildan Toshkent politexnika institutining arxitektura kafedrasiga mudirlik qilgan. Professor.
Bir qancha monografiyalar, kitoblar, ilmiy maqolalar va dokladlar muallifi.
Oʻzbekiston SSR Meʼmorlar kengashi boshqaruv raisi (1944—1946, 1964—1968).
1989-yilda Boboxonovlar oilasi Moskva viloyatiga koʻchib oʻtdi va oʻgʻlining yoniga joylashdi.
1992-yil 18-iyunda Moskva viloyatida vafot etgan.
Oilasi
Turmush oʻrtogʻi (1938-yildan beri) – Nadejda Vasilevna Boboxonova (1917, Kineshma—?), teatr liboslari dizayneri.
Oʻgʻli – Leonard Abdullayevich Boboxonov (1938—2010), oʻzbek, sovet rejissori, aktyori va ssenariychisi.
Loyihalashtirgan binolari
Mukofotlari va unvonlari
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org