Bobon qo‘zg‘oloni
Bobon qoʻzgʻoloni — Zarafshon vohasida chorizm mustamlakachilik istibdodi va mahalliy amaldorlar zulmiga qarshi koʻtarilgan dehqonlar qoʻzgʻoloni (1869-yil oktabr— 1870-yil sentabr). Rahbari — Bobon Aliboyev (Bobon Toʻqsabo). U Qoraqursoq qishlogʻidan boʻlib, rus podsho chinovniklari, amir va uning amaldorlari, jumladan Ziyouddin tuman begi Muhammad Yusufboy dodxohning behad zulmiga qarshi bosh koʻtarib, oʻz atrofiga kambagʻal dehqonlarni toʻplay boshlaydi. 1869-yil dekabrga kelib ularning soni 500 kishidan ortadi. Qoʻzgʻolonchilar boy va amaldorlarning uy-joylariga oʻt qoʻyish, molmulklarini tortib olib, kambagʻallarga boʻlib berishni oʻz oldilariga asosiy maqsad qilib oladilar. Qoʻzgʻolon dastlab ana shu Ziyouddin bekligida boshlanib, Xatirchi bekligi va Zarafshon okrugining Kattaqoʻrgʻon uyezdiga yoyiladi. Buxoro amiri qoʻzgʻolonni oʻz kuchi bilan bostira olmagach, 1869-yil oktabrda Zarafshon okrugidagi chor maʼmuriyatidan harbiy yordam soʻrashga majbur boʻladi. Kattaqoʻrgʻon uyezdi boshligʻi kapitan Borzenkov yuborgan jazo otryadi shu uyezd chegarasida qoʻzgʻolonchilar bilan boʻlgan jangda katta talofot koʻrsada, bir necha qoʻzgʻolonchini asir olishga muvaffaq boʻladi. Ulardan biri (Mullo Xusayn) Buxoro zindoniga tashlanib, qolganlari (Umarqul, Abdushukur, Xudoyberdi) qatl etiladi. Bobon qoʻzgʻolonni davom ettirib, 4 dekabrda Xatirchi amlokdori Rahimboyning molmulkini kambagʻal dehqonlarga taqsimlab beradi. Soʻng, qoʻzgʻolonchilar Ziyouddin tuman begi Muhammad Yusufboy dodxohning uyiga oʻt qoʻyib, molmulkini xalqqa ulashadi. Bobon qoʻzgʻoloni ning tobora avj olayotganidan choʻchigan Turkiston generalgubernatori K. P. Kaufman Kattaqoʻrgʻonga shtabsrotmistr M. D. Skobelev boshchiligida otliqjazo otryadini joʻnatadi. Kattaqoʻrgʻondan 25 km uzoqlikdagi Chorshanba qishlogʻida boʻlgan jangda jazo otryadi yengilib, Skobelev krchadi. Bu magʻlubiyatdan sharmanda boʻlgan Turkiston chor maʼmuriyati Skobelevni harbiy tribunalga beradi. Shundan soʻng, Kattaqoʻrgʻonga polkovnik Karganov boshchiligida ikkinchi jazo otryadi yuboriladi, 1869-yil dekabr oxirida boʻlgan jangda qoʻzgʻolonchilar yengilib, ulardan 40 tasi halok boʻladi, 25 kishi asir olinadi, 100 dan ortigʻi yaralanadi. Bobon esa omon qolgan qoʻzgʻolonchilar bilan qochib qutiladi. Asir olingan qoʻzgʻolonchilarni Ziyouddin tuman begi xalq oʻrtasida osib oʻldiradi. 1870-yil 14-yanvarda Karganov jazo otryadi Qoraqursoq qishlogʻida qoʻzgʻolonchilar bilan yana jang qiladi, ammo ularni yenga olmaydi, 1870-yil sentabrda chor hukumati aygʻoqchisi Saidxon Karimxonovning xiyonati tufayli qoʻzgʻolonchilar Kattaqoʻrgʻonning Toʻrtkoʻl qishlogʻida tormor qilinadilar. Bobon qoʻlga olinib, Samarqandda qatl etiladi.
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org