BOBIYLAR QO’ZG’OLONLARI
BOBIYLAR QO’ZG’OLONLARI — Eronda shoh tuzumiga qarshi bo’lib o’tgan xalq qo’zg’olonlari (1848-52); bobiylik ta’sirida bo’lgani uchun Bobiylar qo’zg’olonlari deb atalgan. Qo’zg’olon ishtirokchilari asosan dehqonlar, hunarmandlar, shahar kambag’allari va mayda savdogarlardan iborat bo’lgan. Unga past tabaqadagi ruhoniylar va bobiylik mazhabiga mansub savdogarlar vakillari boshchilik qilgan. Bobiylar qo’zg’olonlari Erondagi mavjud tuzumni abadiy baxtli hayot bilan almashtirishni ko’zda tutgan utopik xarakterdagi qo’zg’olon edi. Birinchi qo’zg’olon (1848 yil sentabr) Mozandaronda boshlandi. Mulla Muhammad Ali va Mulla Husayn yetakchiligidagi qo’zg’olonchilar (2 mingdan ortiq) Shayx Tabarsiy maqbarasi yaqinidagi qal’ani egallab, shohning muntazam qo’shiniga uzoq vaqt (1849 yil maygacha) Qarshilik ko’rsatdilar. Ammo, kuchlar teng bo’lmagani boisidan mag’lub bo’ldilar. Ikkinchi qo’zg’olon (1850 yil iyun— dek.) birinchisiga nisbatan ancha tartibli va kuchliroq bo’ldi. Qo’zg’olonchilar asosan Zanjon shahri atrofidagi hunarmand va dehqonlardan iborat bo’lib, qo’zg’olonda hatto ayollar ham ishtirok etdi. Shunga qaramay, u 1850 yil oxirlarida bostirildi. Uchinchi qo’zg’olon (1850 yil iyun) Fors viloyatining Nayriz shahrida boshlanib, bir necha kun ichida bostirildi. Shundan so’ng bobiylar shohga qarshi suiqasd uyushtirdilar (1852 y.). Lekin shoh omon qolib, bobiylarni butunlay qirg’in qilgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz