BOBIL-OSSURIYA MADANIYATI



BOBIL-OSSURIYA MADANIYATI — qadimda (miloddan avvalgi 4-1-ming yillik) Mesopotamiya (hozirgi Iroq hududi)da yashagan va Shumer, Akkad, Bobil va Ossuriya kabi yirik davlatlar barpo etgan xalqlar — shumerlar va akkadlar, bobilliklar va ossuriyaliklar madaniyati; bir tomondan yuksak darajada taraqqiy etgan ilm-fan, adabiyot va san’at hamda boshqa tomondan diniy mafkuraning ustuvor bo’lganligi bilan ajralib turgan. Bu xalqlarning moddiy madaniyati nisbatan yuqori darajada bo’lgan. Biroq tosh qurollar faqat miloddan avvalgi 3-ming yillik boshlariga kelgandagina uzil-kesil iste’moldan chiqqan. Metallurgiyada 3-ming yilliqda quymachilik, temirchilik, zarbchilik, oltin va kumush simlar tayyorlash, nafis zargarlik usullari ma’lum bo’lgan. Asosiy qurilish materiali xom g’isht (guvala) va ma’lum darajadagina pishiq g’isht hisoblangan; binolarni gumbazli qilib qurish, yerning zaxini qochirish, zovurlar ochish va boshqa usullar ma’lum bo’lgan, lekin unchalik rivojlanmagan. Keyinroq texnika taraqqiyoti kurtaklari sezilarli darajada Burta boshlagan. Harbiy texnika takomillashgan — aravalarda jang qiladigan qo’shinlar (2-ming yillik boshida), mis sovutlar (2-ming yillik o’rtalaridan), otliq askarlar, qilich, mustahkamlangan harbiy istehkomlar, qamal qilish qurollari — o’tkir uchli xoda (Taran) lar paydo bo’lgan, tosh ko’priklar, charm meshlardan qalqma ko’priklar qurilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda Ossuriya va Bobilda temir qurol-yarog’lar paydo bo’ldi, hunarmandchilikda olmos Parma ishlatila boshlandi. Taxminan 2 va 1 ming yillik o’rtalarida yangi sug’orish texnikasi — charxpalaklar va charm paqirli “uzluksiz” arqon suv chiqargichlar paydo bo’ldi. Miloddan avvalgi 7-asrda Ossuriyada dastlabki tosh quvur (akveduk) qurildi. Fan taraqqiyotining muhim omili insonning xo’jalik faoliyati bo’ldi, chunki u o’lchovlar tizimini ishlab chiqishni, yer maydoni o’lchamlarini, don omborlari va sun’iy suv havzalari hajmini aniqlash usullarini bilishni, kanallar qazish, imoratlar qurish va hunarmandchilikda band bo’ladigan ishchi kuchini hisoblay olishni talab qilardi. Ana shu omillarning natijasi o’laroq miloddan avvalgi 3-ming yillik oxirida shumerbobil matematikasi yaratildi. Bobil matematiklari shumerliklar ilgariroq yaratgan oltmishlik pozision hisob tizimidan keng foydalanishgan; shu tizim asosida turli hisoblash jadvallari: sonlarni bo’lish va ko’paytirish, sonlarning kvadratlari, kublari hamda kvadrat va kub ildizlari va boshqa jadvallarni tuzishgan. Bobilliklar kvadrat tenglamalarni yechishgan, “Pifagor teoremasi”ni va turli “Pifagor sonlari”ni topish usullarini (Pifagordan ming yildan ortiq vaqt ilgari) bilishgan; yer maydonlari, joylar, ayrim binolar tarxlarini chizishgan (lekin masshtabga rioya qilishmagan), fazoviy jismlarning hajmini aniqlay olishgan. Bobilliklar kimyo borasida ham katta muvaffaqiyatlarga erishishgan, bu yutuqlar albatta sof amaliy tarzda bo’lgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikdan boshlab jez tayyorlashning ko’plab retseptlari saqlanib qolgan, sirkori sopol buyumlar va ularning rang-barang naqshlari ma’lum bo’lgan. Bobilda geografik tasavvurlarni ibtidoiy chizmalar — “dunyo xaritasi”da umumlashtirishga harakat qilingan. Xaritada yer yassi ko’rinishda va uni tog’lardan oqib keluvchi Dajla va Furot daryolari kesib o’tgan tarzda tasvirlangan. Bularning hammasi dunyo okean bilan o’ralgan va yer ham uning ustida suzib yuradi deb tasavvur qilingan. Bobilliklar o’zlari yashayotgan joyni odamlar yashaydigan quruqlikning markazi deb bilganlar. Okean “osmon to’g’oni” bilan o’ralgan, uning ustida bir necha (uchta yoki yettita) osmon gardishi o’rnashgan, yer ostida esa Jahannam (“ulug’tog'”) joylashgan deb o’ylaganlar. Lekin savdo ishlari bilan uzoq-yaqin mamlakatlarga qatnagan bobillik savdogarlarning geografik tasavvurlari ancha keng bo’lgan (1-ming yillik boshlarida ularga Pirenei yarim orolidan Hindiston yarim oroligacha bo’lgan yerlar ma’lum edi). O’sha davrda tibbiyot ham jadal rivojlandi. Jarrohlik yo’li bilan oyoq-qo’llarni kesib tashlash, singan joylarni bitirish, ko’zga tushgan oqlarni olib tashlash va boshqa tibbiy muolajalar bajarilar edi. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmidan va 1-ming yillikning 1 yarmidan hozirgacha yetib kelgan tibbiy matnlarda inson tanasining bo’laklari anatomik tizimga solinganligi ma’lum bo’ldi. Ba’zi kasalliklar va tegishli dori-darmonlar ham muayyan tizimga solingan ekan. Astronomik va meteorologik qaydlardan ilmi nujum (astrologiya) va falakiyotshunoslik (astronomiya) rivojlana boshladi. Qo’zg’almas yulduzlarga zid o’laroq ohista o’tlab yurgan qo’ylarga qiyoslasa bo’ladigan sayyoralar aniqlandi va ular “bibbu” (Sayyora) va “echki” (O’zbekcha “qo’y”) deb ataldi. Har qaysi Sayyora o’ziga monand alohida nom bilan ataldi (“bibbu” deb atalgan Merkuriydan tashqari): Zuhra (Venera) — “Dilbat”, Yupiter — “Mulubabbar” (“yulduzquyosh”), Mars — “Zalbatanu” va Saturn — “Kaymanu”. Sayyoralar harakatini kuzatish ham o’sha davrda boshlandi; xususan, Zuhra sayyorasining harakatini o’rganishga doir matnlar saqlanib qolgan. Falakiyotshunoslikning qiyosan tezroq rivojlanishiga sabab oy takvimi (kalendar)ga ehtiyoj kattaligi bo’lsa ajab emas. Miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalaridayoq yulduzlar turkumlarining bayoni berildi, yoritqichlarning geliakal chiqishlari qayd qilib borildi va boshqalar. Miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalaridan boshlab kabisa oylarni kiritish uchun qat’iy qoidalar belgilandi, hisoblash falakiyotshunosligi jadal rivojlandi. Bobil falakiyotshunoslarining fanga qo’shgan katta hissasi sarosning ochilishi bo’ldi. Bobil falakiyotshunosligi qo’shni xalqlar, shu jumladan, qad. yunon faniga ham katta ta’sir ko’rsatdi. Shumerbobil o’lchovlar va toshlar tizimi qad. Old Osiyo o’lchovlar tizimiga ham asos bo’ldi, oltmishlik pozision sanoq tizimi esa bizning davrimizgacha etib keldi. Masalan, graduslar (soatlar), minutlar va sekundlar aynan “o’sha” oltmishlik tizimiga asoslangan. Bobil fani asoslari bilan qo’shni xalqlar — elamiylar, xurriylar, xettlar, finikiyaliklar ham tanish bo’lishgan. Unga Ossuriyaning qo’shgan ulushi uncha sezilarli bo’lmagan, lekin Bobilda yaratilgan ilmiy asarlarning aksariyati miloddan avvalgi 12-7-asrlarga oid Ossuriya kutubxonalari orkali hoz. davrgacha yetib kelgan. Yunon ilmfani Bobil ilm-fanining ayrim yutuqlarini (Finikiya va kichik Osiyo orqali) o’zlashtirgan, ammo Bobil astronomiyasi yunon astronomiyasiga bevosita ta’sir ko’rsatgan. Miloddan avvalgi taxminan 2100 yilda tuzilgan “Podshohlar ro’yxati”ni tarixning fan sifatida boshlangan payti deb hisoblaydigan ilmiy kontsepsiya mavjud. Bu asar eng qadimgi davrlardan — “podshohlik osmondan tushgan” paytdan to so’nggi podshohlargacha bo’lgan davr mobaynidagi tarixiy voqealarning bayonidan iborat. Bu ro’yxat podshoh hokimiyatini mutlaq ekanligi g’oyasini asoslash uchun tuzilgan. Avval suratlar, keyinchalik rivojlanish jarayonida vujudga kelgan mixxatlar tarzidagi yozuv belgilari ro’yxatini ko’hna ikki daryo oralig’iga mansub ilk ilmiy bitiklar deb hisoblash mumkin. Xuddi shunday belgilar asosida yozilgan terminlar ro’yxati ham bor. Bu kabi ro’yxatlar taxminan miloddan avvalgi 3-ming yillikda tuzilgan. Keyinchalik turmush taqozosiga ko’ra filologiya sohasida muayyan bilimlar to’plangan. Shumer tili jonli so’zlashuvdan qolib, uning o’rnini Akkad tili egallashi munosabati bilan Shumer tilini din va o’qituv (maktab) tili sifatida o’rganish uchun qo’llanmalar yaratilgan, turli sohalarga xususan, o’simliklar, hayvonot va minerallar va boshqalarga oid so’zlar, maxsus terminlar ro’yxati tuzilgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillik boshlarida shumerakkad umumiy va terminologik lug’atlari paydo bo’lgan, hatto etimologik lug’atlar tuzish uchun harakatlar bo’lgan. Keyinchalik mazkur hududda va undan tashqarida ko’p tilli lug’atlar ham tuzilgan: maslan, shumerakkad g’arbiy somiyxurriy, shumerakkadxett va boshqalar. Grammatikaga oid qo’llanmalar tuzilgan. Ko’hna Ikki daryo oralig’ida ilm-fan o’chog’i bo’lib (2- ming yillik o’rtalarigacha) edubbalar, ya’ni dunyoviy bilimlar beruvchi maktab-akademiyalar hisoblangan, ularda asosan Mirza (xattot)lar tayyorlangan. Yana ehromlar maktabi ham mavjud bo’lganligi ehtimoldan xoli emas. Ma’lumotli kishi uchun mirzolik faxrli unvon bo’lgan. Iqtidori hamda ixtisosligiga ko’ra mirzolarning 20 turi farqlangan. Maktabga oid didaktik matnlar orasida dehqonchilik bo’yicha qisqacha ma’lumotnoma hisoblangan “Dehqon uchun o’gitlar” ayniqsa mashhurdir. Bizgacha yetib kelgan miflarda asosan sug’orma dehqonchilik, hamda o’troq ovchilik va chorvachilik bilan shug’ullanuvchi aholining tasavvurlari o’z aksini topgan. Ikki daryo oralig’idagi qadimgi xalqlar tushunchasiga ko’ra, yer tekis bo’lib, suv ustida turadi, atrofi ham suvliklar bilan o’ralgan. Bu suvlar yer yuziga quduq va daryo suvlari sifatida chiqadi, ular osmon suvlaridan “Osmon to’g’oni” bilan ajratilgan va bu to’g’onda bir necha qattiq osmon jismlari — havo, Quyosh, oy, sayyoralar hamda harakatlanmaydigan yulduzlar joylashgan. Yer qa’ri — o’liklarning zulmatga cho’mgan shahri. Olam yoki ona Xudo, yoki erkak Xudo (Enlil, Marduk; keyingi davr mifologiyasida) yaratilgan. Masalan, Bobil miflariga ko’ra (miloddan avvalgi 2-ming yillik) keksa avlod va yosh avlod xudolar o’rtasidagi kurashda keksa xudolarga ma’buda Tiamat (“dengiz”), yosh xudolarga ma’bud Marduk boshchilik qilgan. Marduk Tiamatni halok etadi va uning tanasini ikki nimta qiladi. Bir bo’lagini yer osti suvlariga, ikkinchi bo’lagini osmon suvlariga aylantiradi. To’fon haqidagi mif boshqa miflar orasida alohida diqqatga sazovor. Unda aytilishicha, bu to’fonda yolg’iz bir odam — donishmand Ziusudr (Shumer mifologiyasida; Akkad mifologiyasida — Utnapishti) kemada qutulib qolgan. Bu miflarga hayotiylikni balki ikki daryo oralig’ida tez-tez yuz berib turgan halokatli suv toshqinlari baxsh etgan bo’lishi mumkin. Ma’buda Innin (shumerlarda; akkadlarda — Ishtar) haqidagi mifda bayon qilinishicha, u marxumlar ma’budasi bilan bahslashish uchun o’liklar dunyosiga tushadi, ammo o’z sevgilisi Dumuzini o’zi uchun tovon sifatida o’liklar ma’budasiga qoldirib yer yuziga qaytib chiqishga muvaffaq bo’ladi. Eng qiziqarli qahramonlik miflari mahalliy turkumlarga guruxlanadi. Uruk shahri miflari turkumi ichida enmerkar, Lugalbandvagilgamesh nomlari bilan bog’liq miflar eng diqqatga sazovor miflardir. Shuningdek, burgut va ilonning bir-biriga dushmanligi hamda qahramon Etanining burgut ustida ko’kka ko’tarilishga urinishi haqidagilari mashhur. Ikki daryo oralig’ida yashagan qadimgi xalqlarning Dini izchil aqida tizimidan emas, balki ayrim mahalliy ma’budlarga sig’inishdan iborat edi. Ammo bu hol boshqa ma’budlarga sig’inishni istisno etmasdi. Ijtimoiy taraqqiyot jarayonida mazkur din muhim o’zgarishlarga duchor bo’lgan. Miloddan avvalgi 3-ming yillikda shumerlar dinida ayniqsa ayrim jamoalarning homiylari bo’lmish ma’bud va ma’budalarga sig’inish kuchayadi, bular, odatda, o’simlik dunyosi hamda sug’orma dehqonchilikning ham ma’budlari edi. Quyosh ma’budi — Utu, oy ma’budi — Zuen (nanna), osmon ma’budi — An, muhabbat va Venera (Zuxra) yulduzi ma’budasi — innin (inanna), yer osti suvlari ma’budi, donolik va madaniy ixtirolar homiysi — Enki kabilarga hamma joylarda sig’inilsada, ularning o’z jamoa markazlarida ham ibodat qilinardi. Enlil ma’budi — eng oliy ma’bud hisoblanar, Enlil, An va Enki ulug’ma’budlar uchligini tashkil etardi. O’simliklar dunyosi, shuningdek chorvachilik sohasining o’lib boruvchi va qayta tiriluvchi ma’budlari — Dumuziabzu (Tammuz) va boshqalarga topinish ham, shumerlar hayotida zo’r ahamiyatga molik ibodat deb sanalardi. Shumerlar o’limdan keyingi dunyoni qop-qorong’u yer osti shahari deb tasavvur etishardi. Bu zulmat shahrida Ereshkigal ma’budasi (yoxud Nergal ma’budi) hukmronlik qilarmish. Yaxshilik va yovuzlik ruxdariga ishonish ham keng tarqalgan edi. Miloddan avvalgi 3-ming yillik oxirida yagona mustabid davlat mustahkamlana bordi. Shu tufayli mahalliy ma’bud va ma’budalarga sig’inish o’rnini butun mamlakat uchun umumiy bo’lgan ma’budga topinish egalladi. Diniy tizimda kishilar ma’budlarga qurbonlik keltiruvchi qullar darajasiga tushib Kolli, shohlik hokimiyati esa ilohiy kuch deb e’lon qilindi. Ikki daryo oraligining Somiy (Akkad) aholisi dastlab o’z qabila ma’budlariga sig’inardi. Ammo miloddan avvalgi 3-ming yillik o’rtalariga kelib ikki daryo oralig’ida yashovchi somiylar dinida ham Shumer ma’budlari hukmronlik kila boshladi. Ma’budlarning bir qismi Shumer ma’budlariga xos nomlar bilan bir qatorda yoxud ular o’rniga somiycha nomlar bilan ham atalardi (Enlil — bel, innin — Ishtar, Utu — Shamash, Enki — EA, An — Anu, nanna — Sin va hokazolar). Bobil ravnaq topgan davrda (miloddan avvalgi 18-asr) mazkur shaharning homiy ma’budi Marduk — oliy ma’bud deb e’lon qilingan. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda ayrim ma’budlarning samoviy jismlar bilan tenglashtirilishi negizida astral e’tiqodlar rivojlandi. Shimoliy Sharqiy ikki daryo oralig’ida, Ossuriyada ayni shu umumiy ma’budga sig’inish keng tarqaldi, bunga ayrim mahalliy (xurriy va boshqa) ma’budlarga topinish ham qo’shildi, ammo Ossuriya bosh shahrining homiysi — Ashshur oliy ma’bud hisoblanib, u shahar nomi bilan shunday deb atalardi. Oliy ma’bud (Enlil, Marduk yoki Ashshur) bilan bir qatorda 7 yoki 12 ta bosh ma’bud ham tan olinardi. Qabila boshlig’iga jamoa hayotiy kuch-qudratining timsoli sifatida sig’inishga asoslangan tasavvurlar ham saqlanib qolgandi. Bobilda har yili marosim o’tkazilib, unda podshoh o’rnini vaqtinchalik kambag’al bir kishi yoxud qul egallar, uni bosh kohin urib-savalab qo’yardiki, bu udum ham keksayib, kuchdan qolgan qabila boshlig’ini o’ldirish marosimining qoldig’i edi. 2-1-ming yillnkda gunoh va tavba-tazarru tushunchasi keng tarqaladi, ammo bu ham asosan marosim tarzida qabul qilinardi. Kohinlik kasb sifatida Ikki daryo oralig’ida juda erta — 4-ming yillikdayoq vujudga keldi. Hukmdor (podshoh) — kohin hisoblanardi. Ibodat rusumlarini o’tkazish maqsadida miloddan avvalgi 4-ming yillikda jamoa ehrom xo’jaliklaridan maxsus katta ehrom xo’jaliklari ajralib chiqdi, keyinchalik ular podshoga qarashli xo’jaliklarning tarkibiy qismlariga kiritildi. Ikki daryo orasidagi xalqlarning miloddan avvalgi 3-ming yillik 1-yarmidagi adabiyoti deyarli og’zaki bo’lgan. Miloddan avvalgi 19-18-asrlarga taalluqli yozma manbalar orqali bizga qadar etib kelgan Shumer epik qo’shiqlari aynan o’sha davrlarga mansub bo’lsa kerak. Uruk shahri qahramonlari — Enmerkar, Lugalband, Gilgamesh va boshqalar haqidagi bir turkum qo’shiqlarda ba’zi tarixiy ma’lumotlar ham uchraydi. Ilonlar kushandasi Lugalband, innin ma’budasining majnuntoli va boshqalar haqidagi qo’shiqlar esa mifologik tavsifga ega. Ma’buda Inninning do’zaxga tushishi haqidagi e’tiqodiy epik qo’shiq arxaikligi bilan ajralib turadi. Oltin davr, madaniy kashfiyotlarning vujudga kelishiga bag’ishlangan etiologik epik qo’shiqlar ancha keyingi davrlarga mansub. Miloddan avvalgi 24-21-asrlar podshohlar Sargon va Naramsinlarning ko’rsatgan qahramonliklari, yurishlari haqidagi Shumer hamda Akkad tilida kuylangan tarixiy — qahramonlik eposlari keng shuhrat topgan davr bo’ldi. Shohlarni axloqsizlik va nopoklikda ayblovchi, umuman podshohlar hukmronligiga qarshi ruhdagi axloqiy-diniy dostonlar ham ularga bag’ishlangan. Gilgamesh haqidagi epik dostonda (ba’zi manbalarda miloddan avvalgi 26-asr deb, ba’zilarda esa 22-asr deb ko’rsatiladi) fojiaviy inson taqdiri va abadiyatga yetkazuvchi chorani izlash yo’lidagi urinish yuksak badiiylik bilan tasvirlangan. Miloddan avvalgi 22-asrdan boshlab ba’zi rasmiy o’yma yozuvlar (Shumer tilida bitilgan Gudeya ehromi qurilishi haqidagi va podshoh Utuxegalning kutiylar to’dasi ustidan qozongan g’alabasiga bag’ishlangan bitik doston) vujudga kela boshlaydi. Miloddan avvalgi 18-asrga va undan keyingi davrlarga oid yozma manbalardan ma’lum bo’lgan ko’pgina pand-nasihat tarzidagi adabiyotlar ham miloddan avvalgi 3-ming yillik oxirlariga mansubdir. Muallifi. Shuruppak va uning o’g’li Ziusudr deb taxmin qilinayotgan hikmatli o’gitlar ana shunday adabiyotlar qatoriga kiradi. Bundan tashqari, haqiqiy insoniy musibatlarni ifoda etuvchi tavba-tazarrular, marsiyalar, shuningdek shumerlarning 2 ta ajoyib to’y hamda 2 ta dafn marosimi qo’shiqlari diqqatga sazovordir. Akkad mumtoz adabiyotining shakllanishi miloddan avvalgi 16-12-asrlardagi qasidachilik adabiyoti davriga to’g’ri keladi: 7 ta qo’shiqdan iborat falakiyotga oid doston (huvillagan bo’shliqdan (xaosdan) olam yaralishiga, xudolarning keksa va yosh avlodlari kurashiga bag’ishlangan) shu jumladandir. Mavjud borliqqa ishonchsizlik, hatto tanqidiy ko’z bilan qaraluvchi “Nippurlik qashshoq” kabi dostonlar ham yuzaga keladi. Ossuriyaning o’ziga xos adabiy yodgorliklari bizgacha deyarli yetib kelmagan. Faqat Bobil adabiy janrlariga o’xshatma tarzda doston. madhiya va ibodat matnlari uchraydi; bularning ba’zilari podshoh Ashshurbanipal tomonidan yozilgan. Ossuriya adabiyotining mustaqil janri podshoh annallari hisoblanadi. Bularning ba’zilari ritmik nasr namunasi sifatida jang manzarasini jonli, rang-barang bo’yoqlarda ifoda etadi: Sargon II ning (miloddan avvalgi 714 yilda) Urartuga qilgan yurishi haqida Nabushallimshununing ma’budga yozgan xati bunga misol bo’la oladi. Miloddan avvalgi 7-asrda Ossuriya davlati tugatilgach, biror arzigulik adabiyot namunasi yaratilmagan. Ko’hna Bobil, shuningdek qisman Shumer ko’hna adabiy yodgorliklari (asosan diniy mavzudagi) miloddan avvalgi 1-asrgacha jonli oromiy tilida qayta ko’chirib kelingan. Annallar, yilnomalar va bashoratlardan tashqari ko’hna ikki daryo oraligi xalqlarining barcha adabiyoti she’riy asarlardir. Qadimgi dunyo badiiy madaniyatida miloddan avvalgi 4-1-ming yilliklardagi Mesopotamiyaning qabila va xalqlarining nafis san’ati muhim o’rin tutadi. Mesopotamiyada Qadimgi Misrda bo’lgani singari me’morlik, haykaltaroshlik, san’atlar uyg’unligi, inson va atrof muhit tasvirining keyingi davrlarga xos bo’lgan ko’pgina turlari ilk bora shakllanib taraqqiy etdi. Mesopotamiyadagi qadimgi badiiy yodgorliklar (loydan qo’lda yasalgan diniy bo’yama sopol idishlardagi bir xil qolipdagi geometrik naqshlar va uslublashtirilgan qush, hayvon va inson tasvirlari; loydan yasalgan haykallar) miloddan avvalgi 5-4-ming yillikka oid. Miloddan avvalgi 4-ming yillikning o’rtalaridan kulollik charxi paydo bo’ldi, devorlari ba’zan rang-barang loy qalpoqchalar shaklida geometrik koshinkori naqshlar bilan bezatilgan ibodatxonalar qurilishi rivojlandi (Uruqdagi xom g’ishtdan ishlangan baland supa ustiga qurilgan tarhi to’g’ri to’rtburchakli “Oq ibodatxona”). Jamdatnasr davri (miloddan avvalgi 4-ming yillik oxiri — 3-ming yillik boshlari)da mukammal haykaltaroshlik rivojlandi (Urukdan topilgan ayol boshi; miloddan avvalgi 3-ming yillik, Iroq muzeyi, Bag’dod). Mesopotamiya bo’rtma haykaltaroshligi shakllandi (Urukdagi yuzasi hoshiya qavatlarga maishiy lavhalar inson va hayvonlarning shakllari bilan bir maromda almashinib takrorlanuvchi yassi bo’rtma tasvirli idish, Iroq muzeyi, Bag’dod), toshga naqsh o’yish san’ati (gliptika) yuksak darajada rivojlandi. Shahar-davlatlar tashkil topgan davrda (miloddan avvalgi 3-ming yillik boshlarida) san’atda shartlilik va qoidaga amal qilishlik belgilari rivojlangan. Shumerning yuksalish davrida podshoh hokimiyati va kohinlar ta’sirining kuchayishi ibodatxonalar me’morligi rivojida muhim rol o’ynadi. Ma’budlarning buyukligini ta’kidlashga intilish me’moriy inshootlarning ulugvor geometric sodda tuzilishida namoyon bo’ldi. To’g’ri to’rtburchak (murabba) tarhli ibodatxonalar poydevori baland (binoni zax bosishdan saklash uchun) maxsus hosil qilingan tepalikka xom g’ishtdan qurilgan. Shumerning ilk sulolalariga oid ibodatxona me’morligiga ko’p pog’onali minora — yuqorisida “Ma’bud uyi” bo’lgan zikkuratlar kiradi. Urdagi zikkurat (miloddan avvalgi 22— 21-asrlar) uchta ustmaust o’rnatilgan kesik piramidadan iborat: zikkurat peshayvoni tashki zinapoyalar bilan o’zaro bog’langan, qatlamlari turli ranglarga bo’yalgan. Shumerning yassi tomli va tarhi to’g’ri to’rtburchakli, atrofi baland devor bilan o’ralgan hovlili turar joy binolari keyinchalik ibodatxonalar va saroylar me’morligiga ta’sir etgan. Shumerning mayda shakllar haykaltaroshligi (ma’budga siginayotgan tosh va jezdan ishlangan haykalchalar) sodda va bo’linmas shakllardan iboratligi bilan ajralib turadi. Urdagi “podshohlar” maqbarasidan chiqqan buyumlar — naqshinkor qalpoq (dubulg’a), toj va xanjar, uning qini naqshlar bilan nafis ishlangan, oltin va lojuvarddan ishlangan ho’kiz boshi jonli ifodalangan (Arfa bezagi). Mesopotamiyaning Akkad sulolasi hukmronligi ostida Birlashgan davriga oid (miloddan avvalgi 24-22-asrlar) uncha ko’p saqlanmagan yodgorliklarda hukmdor kultining kuchayganligi aks etgan. Bo’rtma tasvirlarda shartli uslubni saqlagan holda mujassamot, shakllar hajmi, atrof muhitni ko’rsatishda ko’proq erkinlikka intilishga harakat qilingan (urush lavhalari tasvirlangan podshoh Naramsin tosh stelasi, Luvr, Parij; ov manzarasi aks ettirilgan tsilindrsimon muhr — hammasi miloddan avvalgi 23-asr). Mukammal haykaltaroshlikda — portret shaklini yaratishga intilish (Nineviyadagi jezdan ishlangan hukmdor boshi; miloddan avvalgi 23-asr, Iroq muzeyi, Bag’dod) jezga badiiy ishlov berish usuli — rixtagarlik, kandakorlik san’ati yuqori cho’qqiga ko’tarilgan. Akkad san’ati an’analari Lagash shahri portret san’atida saqlangan (hukmdor Gudea haykali, miloddan avvalgi 22-asr, Luvr, Parij). Ur davlatining III sulolasida (miloddan avvalgi 22-21-asrlar oxiri), kohinlarning byurokratik tuzumi sharoitida badiiy ustaxonalarda ishlangan shakllar soxtaligi bilan ajralib turadigan bo’rtma tasvirlarda ma’budlarga sajda qilish sahnalari aks etgan. Bobil sh.ning yuksalish davriga oid (miloddan avvalgi 18-asr) yodgorliklar oz saqlangan: podshoh Xammurapi qonunlari to’plami bitilgan diorit yodgorlik toshining yuqori qismida Shamash ma’budiga sajda qilayotgan podshohning bo’rtma tasviri (Luvr, Parij); Maridagi saroy devoridagi bezaklarda diniy mavzular, ma’budlar tasviri va boshqalar aks ettirilgan. Mesopotamiya san’ati rivojining yangi bosqichi Ossuriyaning yuksalishi bilan bog’liq. Ossuriya san’ati Akkad va xettlar madaniyati ta’sirida asosan miloddan avvalgi 2-ming yillikda shakllangan (Kar-Tukulti-Ninurta shahri saroyidagi bo’rtma tasvirlar, miloddan avvalgi 13-asr). Ossuriya san’atining rivojlangan davri Ossuriya harbiy davlatining kuch-qudrati yuksalishi davriga to’g’ri keldi (miloddan avvalgi 9-7-asrlar). Uning asosiy mavzui urushlar, g’olib podshohni ulug’lashdan iborat bo’lgan. Shaharlarning doimiy loyihasiga kiritilgan Ossuriya podshohlari saroylari tarhi to’g’ri to’rtburchak tepalikka qurilgan qal’a ko’rinishida bo’lib, undagi ko’plab xonalar, ichki hovli atrofida assimmetrik joylashtirilgan. Hashamatli baland ravoqli peshtoq — darvozasining ikki yon tomonidagi minoralar asosida mahobatli homiyhimoyachi (odam boshli qanotli ho’kiz) bo’lgan. Saroy majmualari to’g’ri burchakli ibodatxona xonalari va zikkuratlar (Dursharrukindagi Sargon II saroyi, hozirgi Xorsobod; miloddan avvalgi (712— 707)ni o’z ichiga olgan. Saroylar tashqi bezagida asosiy o’rinni ganch va ohakdan ishlangan bo’rtma tasvirlar, afsonaviy maxluqlar, jang va ov sahnalari, saroy hayoti egallagan. Miloddan avvalgi 9-asrga oid izlarga joylashgan bo’rtma tasvirlar (Kalxudagi Ashshurnasirpal II saroyi, hozirgi Nimrud, miloddan avvalgi 9-asr) da kiyimlardagi naqsh bezaklari qunt bilan bajarilganligi ko’zga tashlanadi. Insonning jismoniy kuch-qudratini madh etishga intilish, inson mushaklarini bo’rttirib ko’rsatib, shakllarning basavlatligida ifodalangan. Miloddan avvalgi 8-7-asrlar bo’rtma tasvirlari bilan erkin to’ldirilgan devorlar sathida, hikoyanavislik, hayotiy sahnalarni, tabiat manzaralari, kengliklarni ko’proq aks ettirishga intilish kuchaydi (Nineviyadagi Sinaxerib saroyi bo’rtma tasvirlari, hozirgi Kuyunjik, miloddan avvalgi 705— 680). Miloddan avvalgi 7-asr bo’rtma tasvirlarda hayvonlarni real tasvirlash yuksak cho’qqiga ko’tarildi, obrazlarning ta’sirchanligi va jo’shqinligi kuchaydi (Nineviyadagi Ashshurbanipal saroyidagi “jon berayotgan ona sher” bo’rtma tasviri, miloddan avvalgi 7-asr). Tilbarsib (hozirgi Telaxmar, miloddan avvalgi 8-asr) saroyida saqlangan devoriy bezaklar bo’rtma tasvirlarga uslub jihatdan yaqin, tekis va rangbarang bezaklari bilan ajralib turadi. Ossuriya saroylari bezagida, shuningdek rang-barang sirlangan g’ishtlardan ishlangan frizlar va metal bezak buyumlar hamda bo’rtma tasvirlarda qo’llanilgan (Balavatdagi jez qoplangan darvoza, miloddan avvalgi 9-asr, Britaniya muzeyi, London). Ossuriyaning me’morlik bilan bog’liq nodir mukammal haykallariga mahobatlilik, dabdabali sokinlik va yaxlitlik xos (Ashshurnasirpal II haykali, miloddan avvalgi 9-asr, Britaniya muzeyi, London). Amaliy san’at yuksak darajada rivojlandi — tsilindrsimon muhr tayyorlash, badiiy to’qimachilik, suyak va yog’och o’ymakorligi, metallga ishlov berish va boshqalar. Ossuriya davlati tugatilgandan keyin (miloddan avvalgi 7-asr) Bobil san’ati qisqa muddatli rivojlanishni boshidan kechirdi (miloddan avvalgi 7-6-asrlar — “Yangi Bobil” davri). Bobil shahri ansambli murakkab mudofaa tizimi, keng va to’g’ri ko’chalari, Navuxodonosor II saroyi, Esagil ibodatxonasi majmuasi va 90 metrli Etemenanka zikkurati bilan o’ziga xos ajoyibdir. Bobilni Axomaniylar davlati tomonidan bosib olinishi (miloddan avvalgi 538) va keyinchalik Salavkiylar davlati tarkibiga kirishi (miloddan avvalgi 4-asr oxiri) natijasida Bobil madaniyatida fors, keyinchalik ellinistik san’at ta’siri seziladi. O’z navbatida Bobil san’ati Eron va Parfiya san’ati rivojiga ta’sir ko’rsatgan. Abduxalil Mavrupov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz