BOBIL



BOBIL (shumercha Kadingirra, Akkadcha Babilu, aynan — Tangri darvozasi) — Mesopotamiyaning shimol qismida, Furot daryosi bo’yida joylashgan shahar; hozirda Xilla shahri (Iroq). Bobil dastlab Akkad shohi Sargon (miloddan avvalgi 2364— 2314) haqidagi afsonada va Ur davlatining III sulolasiga oid hujjatlarda tilga olingan. Bobil Birinchi Bobil sulolasi (miloddan avvalgi 1894-1595) davrida katta rol o’ynay boshlagan, Xammurapi davri (miloddan avvalgi 1792-1750) ga kelib esa nafaqat Mesopotamiyaning, balki butun Old Osiyoning yirik siyosiy, madaniy va xujalik markaziga aylangan. Taxminan 1595 yil Bobilni xettlar, so’ngra taxminan 1518 yil kassitlar bosib olgan. 13-12-asrlarda shahar Ossuriya podsholari Tukultininurti I va Tiglatpalasar I tomonidan ikki marotaba vayron etilgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillik boshlarida Ossuriya va oromiy qabilalaridan xaldeylar o’rtasida Bobil uchun kurash bo’lgan. Miloddan avvalgi 732 yildan Bobil Ossuriya davlati tarkibida. Miloddan avvalgi 689 yil shahar isyon ko’targanligi sababli Ossuriya podshosi Sinaxerib tomonidan butkul vayron etilgan. Taxminan miloddan avvalgi 680 yil Sinaxeribning vorisi Asarxaddon tomonidan qayta tiklangan. Miloddan avvalgi 626 yil Blagi hokimiyatni Xaldey Nabopalasar (626-604) egallab olgan. Navuxodonosor II (604-562) davrida shahar gullab-yashnagan, ravnaq topgan. 538 yil Bobilni forslar shohi kir bosib olgan. Miloddan avvalgi 331 yil Bobilni Iskandar Zulqarnayn zabt etgan. Miloddan avvalgi 312 yil Bobil Iskandarning sarkardalaridan biri Salavk qo’li ostiga o’tgan. Shu paytdan e’tiboran Bobil yetakchilik mavqeini yo’qota borgan va milodiy 2-asrga kelib tarix sahnasidan uzil-kesil tushib ketgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz