BOBIL
BOBIL (Vavilon) — Mesopotamiyaning Janubiy qismi (hozirgi Iroq hududi)da miloddan avvalgi 2-ming yillikning boshidan miloddan avvalgi 538 yilgacha mavjud bo’lgan qadimgi davlat. Markaziy shahri Bobil nomidan olingan. Miloddan avvalgi 3-ming yillikda Mesopotamiyada shahar-davlatlar (Uruk, kish, ur, Lagash va boshqalar) paydo bo’lgan edi. Bobil shahri vujudga kelmasdan oldin Dajla va Furot daryolari orasida — Shumer va Akkad davlatlari mavjud bo’lgan. Miloddan avvalgi 21-asr oxirida ko’chmanchi semit (Somiy) qabilalaridan biri amoriylar Akkadning katta bir qismini bosib olgach, qudratli davlat barpo etib, Bobil shahrini markaz qilganlar. Shu davrda elamliklar ham Shumerda o’rnashib olgan. Mesopotamiyada hukmron bo’lish uchun amoriylar bilan Elam qabilalari o’rtasidagi kurashda amoriylar g’olib chiqqan. Qadimgi Bobil podsholigida amoriylar sulolasi (miloddan avvalgi 1894— 1518) mustahkamlanib olgan. Bu sulola podsholaridan Xammurapi (miloddan avvalgi 1792-1750) Shumerni ham o’z davlatiga qo’shib olgan. Mustabid davlatni mustahkamlash maqsadida Xammurapi buyrug’i bilan yuqori tabaqalarning manfaatini qo’riqlashga qaratilgan qonunlar majmuasi tuzilgan. Bu qonunlar yerga egalik, savdo-sotiq, qulchilik, iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarni tartibga solgan. 247 moddadan iborat qonunlar to’plami bazalt ustuniga arxaik mixxat bilan yozilgan. Bobil davlatining eng ravnaq topgan davri — Xammurapi hukmronligi davridir. Xammurapidan keyin Bobil davlati tushkunlikka yuz tuta boshlagan. Miloddan avvalgi 1518 yilda kassitlar Mesopotamiyaga bostirib kirib, Bobilda o’z hukmronligini o’rnatgan. Kassitlar sulolasi davrida (miloddan avvalgi 1518— 1204) chorvachilik rivojlangan, qo’shni Misr davlati bilan savdo va diplomatik munosabatlar o’rnatilgan. Bu davrda ossuriyaliklar va elamliklar bir necha marta Bobilga hujum qilgan. Shundan keyin Bobil siyosiy jihatdangina emas, balki madaniy jihatdan ham tushkunlikka uchray boshlagan. Miloddan avvalgi 7-asrda Bobil ossuriyaliklar tomonidan ikki marta (689 va 648 yillar) vayron etilgan. Miloddan avvalgi 626 yil Ossuriyaning Bobildagi noibi, xaldeylar qavmidan bo’lgan Nabopalasar Ossuriyadan ajrab chiqib o’zini Bobil podshosi deb atagan. Shu vaqtdan yangi Bobil podsholigi yoki Xaldey davri (miloddan avvalgi 626— 538) boshlanadi. Nabopalasar Midiya podshosi Kiaksarga Ossuriya bilan urushida yordam berib Ossuriya davlati hududini u bilan bo’lishib olgan. Nabopalasarning o’g’li Navuxodonosor II (Sharq adabiyotida “Buxtunnasr”) (miloddan avvalgi 604— 562) misrliklarni Old Osiyodan batamom siqib chiqargan. Miloddan avvalgi 586 yil Quddusni vayron qilgan, Yahudiya Bobil viloyatiga aylangan, 574 yil Tirni egallagan. Yangi Bobil podsholigi davrida Bobil shahri ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan, savdo, hunarmandchilik, binokorlik rivojlangan eng yirik shaharlardan biriga aylangan. Navuxodonosor qurgan dabdabali binolarning xarobalari hozirgacha saqlanib kelgan. “Bobil” deb yuritiladigan tepalik qazilganida, katta bir saroy xarobasi, “qasr” tepachasi qazilganda Navuxodonosor zamonidan qolgan ajoyib binolar topildi. Ularning devorlari gullar solingan sirli koshinlar bilan bezatilgan. Diniy marosimlarda yuriladigan muqaddas yo’l ham shu saroy yonidan o’tgan. Bu yo’lga toshdan yo’nilgan plitalar yotqizilgan, plitalarda mixxatlar saqlangan. Navuxodonosor davrida Bobil podsholigi o’z taraqqiyotining ikkinchi yuksalish davriga chiqqan. 555 yildagi davlat o’zgarishidan so’ng Bobil taxtiga o’tqazilgan Nabonid (miloddan avvalgi 555-538) mamlakatning bir butunligini saqlash uchun harakat qiddi, lekin Axomaniylar podshosi Kir miloddan avvalgi 538 yilda Bobilni o’z davlatiga qo’shib oldi. Bobil podsholigi shu tariqa quladi. Faxriddin Hasanov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz