BOBAYTOG’



BOBAYTOG’ — Toshkent viloyatidagi tog’. Chatqol tizmasining Janubiy g’arbiy tarmog’i. Bobaytog’ning Ohangaron vodiysi (Ohangaron suv ombori sohili)ga qaragan yon bag’ri tik. Eng baland joyi 3555 metr. Tog’ning yuqori qismida Alp tipidagi relef shakllari bor. Yon bag’irlari Ohangaron daryosining irmoqlari bilan kuchli parchalangan. Suvayirgich qismi yassi. Shimoliy yon bag’irlari kamroq parchalangan. Soy vodiylari chuqur va tor. Bobaytog’ quyi triasning intruziv kristalli jinslari (granitporfirit, sienit, felzitporfirlar, tufli lava va boshqalar) dan tashkil topgan. Bobaytog’dan Ohangaronning Jiblon, Ko’yindi, Ertosh, Yaxandak kabi sersuv soylari boshlanadi. Tog’ yon bag’rida buloqlar ham mavjud. Yon bag’irlarning quyi qismlaridagi (1200-1600 metr) qo’ng’ir tog’-o’rmon tuproqlarda shuvoq aralash bug’doyiq, undan yuqoriroqda yong’oqzorlar, tog’olma, tog’olcha, balandroq yon bag’irlardagi (1700-2800 metr) jigarrang tuproqlarda bug’doyiq, tog’shuvoq, tog’shayir o’t o’simliklari orasida Zarafshon archasi, saurarcha, yuqoriroq qismlarida o’rikarcha (Turkiston archasi) o’sadi. Bobaytog’ning suvayirg’ich qismidagi mayda shag’alli jigarrang tuproqlarda tog’ kserofitlari, Toshloq och qo’ng’ir tuproqlarda turli o’tli betaga, kovrak, qiziltikon tarqalgan. Bobaytog’dan yoz va kuzda yaylov sifatida foydalaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz