BOBAK QO’ZG’OLONI
BOBAK QO’ZG’OLONI — Ozarbayjon va G’arbiy Eronda dahriylik g’oyalarini ilgari surgan xurramiylarning Bobak (Bobuk) (798/800/838) boshchiligidagi Islomga qarshi qo’zg’oloni (9-asrning 30-yillari). Qo’zg’olon keng yoyilib, Sharqiy Armaniston yerlarigacha tarqaldi, ishtirokchilarining soni 300 ming kishiga yetdi. Vizantiya bilan bo’layotgan urush hamda Misrdagi qo’zg’olon (830— 833) xalifalikka Bobak qo’zg’olonini bostirish imkonini bermadi. Shuning uchun xalifa Ma’munning vafotidan so’ng (833), xalifa Mu’tasim (833-842) Vizantiya bilan yarash bitami tuzib, asosiy kuchini Bobak qo’zg’olonini bostirishga tashladi. 833 yil Hamadon shahri yaqinidagi jangda qo’zg’olonchilar og’ir talafot ko’rdilar. Arab manbalarida ko’rsatilishicha, bu jangda 60 ming kishi halok bo’lgan. 835 yil Arab qo’shiniga xalifaning eng yirik qo’mondoni Afshin (Usrushona hokimi Haydar ibn Kovus) sarkarda qilib tayinlandi. U mahalliy mulkdorlarning yordami bilan qo’zg’olonni bostirdi. 837 yil qo’zg’olonchilarning oxirgi tayanch qal’asi — Badz qo’ldan ketdi. 838 yil Bobak va uning tarafdorlari qatl etildi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz