BIOKOMPYUTER



BIOKOMPYUTER — o’ta tezkor va katta integratsiya koeffitsientiga ega bo’lgan biomikrosxemalar asosida yaratilgan elektron hisoblash mashinasi. Biokompyuter yaratish uchun molekulyar elementlar va molekulalar tizimi (ansambli)ni loyihalash, molekulyar elementlardan eng ko’p foydalanuvchi yangi biomikro sxemali texnikani ishlab chiqish va bioqurilma hamda tizimlarni ishlab chiqarishning tamoman yangi texnologiyasini, masalan, submikron va nanotexnologiya kabi jarayonlarni ishlab chiqish zarur. Hozirgi vaqtda bu yo’nalishlarda anchagina muhim nazariy va amaliy natijalarga erishilgan. Biokompyuterlarning turli loyihalari mavjud. Biokompyuterning asosiy qismlari: axborotni matrisaviy parallel usulda kiritish qurilmasi; molekulyar tezkor xotiraga ega bo’lgan molekulyar mikroprotsessor; axborotni optik usulda kiritish va chiqarish qurilmalari. Axborotlarni to’plash, tarqatish, ularga ishlov berish va boshqaruv tizimlari kabi qurilmalar Biokompyuter asosida loyihalansa, har tomonlama ixcham va iqtisodiy jihatdan arzon bo’lgan ko’p funktsiyali biokomplekslarni ishlab chiqish imkoniyati paydo bo’ladi. Biokompyuter va biokomplekslar yaratish yuzasidan ilmiy-texnikaviy izlanishlar, ayniqsa, biosxemotexnika va yangi texnologik jarayonlar bilan bog’liq ishlar olib borilmoqda.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz