BIOKIMYO



BIOKIMYO, biologik kimyo — tirik organizmlarning kimyoviy tarkibi va ularda sodir bo’ladigan kimyoviy jarayonlar haqidagi fan. Biokimyo rivojlana borib, 3 asosiy tarmoqqa bo’linib ketdi. Statistik Biokimyo (kimyoviy topografiya) organizmlarning kimyoviy tarkibi va ularni tashkil etuvchi moddalarning kimyoviy tuzilishini; dinamik Biokimyo organism hujayralari va to’qimalari tuzilishi va yangilanib turishi uchun zarur murakkab organik moddalarning sintezlanishi (assimilyatsiya)ni, shuningdek organizm faoliyati uchun zarur bo’lgan energiya hosil bo’lish jarayonida murakkab moddalarning parchalanishi (dissimilyatsiya)ni o’rganadi. Funktsional Biokimyo tirik organizmning ayrim organlari va sistemalari funktsional faoliyatiga asos bo’ladigan kimyoviy o’zgarishlar (masalan, muskul qisqarishi, nerv impulelarining o’tishi, biologik faol moddalarni endokrin sistemada sintezi va ularning ta’siri)ni o’rganadi. Biokimyo fiziologiya bilan chambarchas bog’liq. Hayvonlar, o’simliklar va mikroorganizmlar hujayralarida bo’ladigan moddalar almashinuvi jarayonlari bir xil biokimyoviy reaktsiyalarga asoslangan, lekin har bir tur va organizmning o’ziga xos morfologik va fiziologik xususiyatlari tufayli bu jarayonlar turlicha kechadi. Ana shu xususiyatlarni o’simliklar Biokimyosi, hayvonlar Biokimyosi va mikroblar Biokimyosi o’rganadi. Tibbiyot Biokimyosi yoki klinik Biokimyo esa kasal organizmdagi biokimyoviy o’zgarishlarni tekshiradi, kasallik tashhisini aniqlaydi, to’g’ri davolashni biokimyoviy usullar bilan nazorat qiladi. Bulardan tashqari, texnik Biokimyo ham bor, u biologik materiallarni ishlashdagi Biokimyoviy jarayonlarni, texnikada Biokimyoviy usullar va reaktsiyalar yordamida turli mahsulotlar olishni, biologik preparatlardan foydalanish qoidalari va metodlarini o’rganadi. Biokimyo biologiya bilan kimyo oralig’idagi fan bo’lgani uchun shu fanlarning ma’lumotlari va g’oyalariga asoslanadi. Biokimyo mustaqil fanga aylanishda organik kimyoning 19-asrning 2-yarmida to’plangan ma’lumotlari va nazariy kashfiyotlariga, o’simlik va hayvonlarning kimyoviy tarkibi va ulardagi o’zgarishlarni tadqiq qilishga asoslandi. Xususan 19-asrning 4-choragida yog’lar, nukleoproteidlar va oqsillarning tuzilishi ustida Emil Fisher, Butlerov, Kosell, Fridrix Misher va boshqa tomonidan olib borilgan tadqiqotlar hujayralarning tarkibiy qismlarini va almashinuv jarayonida ularning ahamiyatini aniqlash imkonini berdi. 19-asrning 2-yarmida Biokimyo sohasida qilingan eng muhim kashfiyotlar L. Lasternint bijg’ish jarayonini hamda o’simliklarda sodir bo’ladigan fotosintezni o’rganish bilan bog’liq. Bijg’ish jarayonini tekshirish asosida Byuxner hayot jarayonini tezlatuvchi hujayra katalizatorlari—fermentlar (enzimlar) haqidagi ta’limotni yaratdi. Ovqatga aloqador ba’zi kasalliklarni tekshirish asosida vitaminlar haqidagi ta’limot dunyoga keldi, moddalar almashinuvini idora qilishda ichki sekresiya bezlari va ularning faol kimyoviy mahsulotlari (gormonlar) aniqlandi. Varburg, Viland, A. N. Bax, Keylin va Teorell tadqiqotlari tufayli hujayradagi oksidlanish jarayoni haqidagi dastlabki nazariya maydonga keldi. Barkroftvarburgning manometrik apparati, Svedbergning ultratsentrifugasi, Tizeliusning elektroforez apparati izotoplar bilan nishonlangan birikmalarda moddalar almashinuvini o’rganishda keng qo’llanila boshlandi. Qog’oz xromatografiyasi va elektroforez usullarining kimyoviy moddalar, ayniqsa aminokislotalar va oqsillarni aniqlash va ajratib olish uchun tatbiq etilishi Biokimyoning jadal rivojlanishiga sabab bo’ldi. Hujayrada moddalar almashinuvi jarayoni bo’yicha olingan natijalar Biokimyoning mustaqil fan sifatida rivojlanishi va asosiy yo’nalishlarining shakllanishida ayniqsa katta ahamiyat kasb etdi. Zamonaviy Biokimyo sohasida tadqiqotlar Meyergof va Xillning muskullar qisqarishida laktat (sut) kislota hosil bo’lishi bilan kislorod yutilib, issiqlik ajralishi orasida bog’lanishning aniqlanishi bilan bog’liq. Hujayralardagi oksidlanish jarayonlarida ishtirok etadigan ferment va kofaktorlarning aniqlanishi; oksidlanish reaktsiyasida energiyaga boy adenozintrifosfat kislota (ATF) hosil bo’lishining kashf etilishi; hujayra metabolizmi integrasiyasining asosiy yo’nalishlari, ya’ni shu metabolizmda Markaziy o’rinlardan birida turadigan Krebs tsiklidek murakkab reaktsiyalar zanjirida uglevodlar, yog’kislotalar, aminokislotalarning almashinuvidan iborat reaktsiyalarning yaxlit bir sistema tarzida yuzaga chiqishining aniklanishi zamonaviy Biokimyoning poydevorini tashkil qiladi. So’nggi 40-60 yil ichida Biokimyoning bir qancha sohalarida ham yanada muhimroq tadqiqotlar qilindi, chunonchi biologik makromolekulalarning 2 asosiy sinfi—oqsillar bilan nuklein kislotalar tuzilishi, biologik sintezi va funktsiyasi aniqlandi. Oqsillar va nuklein kislota molekulalarining strukturasi bilan ularning biologik funktsiyasi orasidagi bog’lanishning aniklanishi biologiya fanining eng yosh tarmog’i— molekulyar biol.ning muhim yutug’i bo’ldi. So’nggi yillarda yerda hayotning kelib chiqishi; hayvon va o’simliklar turlari hamda odamning paydo bo’lishini; irsiy virus va rak kasalliklarining oldini olish va davolash kabi olamshumul muammolarni hal etish borasida chuqur tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu tadqiqotlarning amalga oshirilishi qishloq xo’jalik o’simliklari va hayvonlarning mahsuldorligini oshirish, turli kasalliklarning oldini olish va inson umrini uzaytirish kabi muammolarning nazariy asoslarini ishlab chiqish bilan bog’liq. Biokimyo sohasidagi tadqiqotlar moddalar almashinuvi, ichki sekretsiya bezlari kasalliklari va avitaminozlarni davolash usullarini ochib berdi, chorva mollarini boqish, ekinlarni o’g’itlash, mikroorganizmlar yordamida biologik moddalar (fermentlar, aminokislotalar, antibiotiklar, yem oqsillari) olish; hayvon va o’simlik xom ashyolarini sanoat yo’li bilan qayta ishlash kabi xalq xo’jaligi uchun katta amaliy ahamiyatga ega bo’lgan muammolarni ilmiy jihatdan ishlab chiqishga imkon berdi. Nazariy va metodik jihatdan yuksak darajaga ko’tarilgan zamonaviy Biokimyo ilmiy dunyoqarashlarning shakllanishiga katta ta’sir ko’rsatadi. Uning asosiy vazifalari biologik jarayonlarni organizmdan tashqarida yaratish, irsiy, immunotanglik, virus va rak kasalliklarini davolash, biotexnologiya va qishloq xo’jalik mahsulotlari sifatini yaxshilash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning nazariy asoslarini yaratish bilan bog’liq. O’zbekistonda 1920 yil oxirida O’rta Osiyo davlat universitetida boshlangan dastlabki tadqiqotlarda baland tog’liq (Pomir) sharoitida va pasttekislikda o’stiriladigan ekinlarda boradigan Biokimyoviy jarayonlar hamda ayrim qon kasalliklarida qon tarkibida sodir bo’ladigan Biokimyoviy o’zgarishlar o’rganilgan. Biokimyo sohasida birinchi darslikning chop etilishi, atamalar lug’atining ishlab chiqilishi 1930 yilda tashkil etilgan O’rta Osiyo davlat universiteti tibbiyot fakulteti (1931 yildan Toshkent davlat tibbiyot instituti) biokimyo kafedrasi xodimlari Sattor Jo’ra, shuningdek germaniyalik professor England nomi bilan bog’liq. 30- yil oxirida Biokimyo sohasida dastlabki mutaxassislar tayyorlandi. fan nomzodlari (D. N. Sohibov, A. Z. Zohidov) yetishib chiqdi. Biokimyoning 20-asr o’rtalari va undan keyingi rivojlanishi Biokimyo, o’lka tibbiyot, eksperimental biologiya, Endokrinologiya, Genetika institutlari, shuningdek bir qancha oliy o’quv yurtlari qoshida tashkil etilgan kafedralar va laboratoriyalarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar bilan bog’liq. 20-asrning 2-yarmidan boshlab gormonlar biokimyosi, hujayra metabolizmini o’rganish, organizmda lipid almashinuvi, biotoksinlar tarkibi va ta’sirini o’rganish borasida bir qancha ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. O’lka tibbiyot institutida bajarilgan qalqonsimon bez patologiyasida yod va tireoid gormonlar biokimyosi sohasidagi tadqiqotlar (Yo. X. To’raqulov, R. Q. Islombekov) shu sohadagi katta yutuqlardan biri sifatida tan olingan (1964). Hozirgi davrda biokimyo instituti respublikada hayvonlar biokimyosi sohasida olib boriladigan yagona ilmiy markaz hisoblanadi. Bu yerda gormonlar va mikroblar (Yo. X. To’raqulov, T. S Soatov), oqsillar (T. X. Boboyev), hujayra biologiyasi (J. H. Hamidov), molekulyar biologiya (B. A. Otaxonova), biologik membranalar tarkibi (A. K. Mirahmedov), radiatsion B. (A. A. Turdiyev) sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Respublikada o’simliklar Biokimyodan g’o’zaning o’sishiga ionlashtiruvchi nurlar ta’siri (A. Q. Qosimov), biologik stimulyatorlar, gerbitsidlar va defoliantlar (A. Imomaliyev), fitogormonlar (A. P. Ibrohimov), hujayra va gen muhandisligi (A. Abdukarimov) va boshqa sohalarda bajarilgan ilmiy ishlar qishloq xo’jaligida qo’llanilmoqsa. SamDUda olib borilgan ilmiy tadqiqotlarda ayrim mikroelementlarning Qorako’l qo’ylarining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatishi aniqlandi, qalqonsimon bez gormoni tiroksinning homila va chaqaloq organizmidagi moddalar almashinuviga ta’siri o’rganildi (M. A. Rish va boshqalar). Biokimyo ayrim sohalarining rivojlanishida T. X. Boboyev (o’simlik stimulyatorlari), M. N. Valixonov (o’simliklar biokimyosi) va boshqalarning xizmatlari bor. Bir guruh olimlar (Yo. X. To’raqulov, T. S. Soatov, S. K. Xoliqov, M. X. Gaynutdinov) ning tsiklik nukleoidlar va gormonlar regulyatsiyasi ilmiy asari Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi (1985). Biokimyo, Endokrinologiya, Genetika institutlari, Toshkent va Samarqand davlat tibbiyot institutlari va universitetlari kafedralarida Biokimyoning turli sohalari bo’yicha muhim ilmiy tadqiqot ishlari sshib borilmoqda. Ad:. To’raqulov Yo. X., Bioximiya, T., 1996; To’raqulov Yo. X., Molekulyar biologiya, T., 1993; Qosimova A. va b., Bioximiya, T., 1988; Imomaliyev A., Zikiryoev A., O’simliklar biokimyosi, T., 1987. Yolqin To’raqulov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz