BIOFIZIKA
BIOFIZIKA, biologik fizika — biologik sistemalarda kechadigan fizik jarayonlar va ularga ta’sir ko’rsatadigan har xil fizik omillarni o’rganadigan fan. Tadqiq etiladigan ob’ekt tuzilishi darajasiga binoan Biofizikani molekulyar Biofizika, hujayra Biofizikasi, murakkab biologik sistemalar Biofizikasiga ajratiladi. Molekulyar Biofizika makromolekulalar va boshqa muhim biologik birikmalar tuzilishi va funktsional xususiyatlarini; hujayra Biofizikasi hujayra hayotiy faoliyati asosini tashkil etadigan fizik-kimyoviy jarayonlar hamda hujayra tarkibiga kiradigan struktura elementlari (ayniqsa membrana strukturasi)ning ahamiyatini; biologik sistemalar Biofizikasi to’qima, organizm va tabiiy jamoalarda sodir bo’ladigan biologik jarayonlarning o’zaro ta’siri va boshqarilishini hamda matematik modellashtirilishini o’rganadi. O’rganish ob’yekti va metodlariga ko’ra Biofizika molekulyar biologiya, bioorganik kimyo, biokimyo fanlariga yaqin bo’lganidan ko’pincha bu fanlar bilan birga fizik-kimyoviy biologiyaga birlashtiriladi. Biofizika biologik tushunchalarning fizika, fizik kimyo hamda matematika g’oyalari va metodlari bilan o’zaro kirishuvi tufayli vujudga kelgan. Mexanika qonuniyatlarini organizmni o’rganishga (qon aylanishi, tovush va yorug’likni sezish) tatbiq qilishga urinish birinchi marta 17-asrda sodir bo’lgan. 18-asr oxirida L. Galvani va A. Volta tomonidan “hayvon elektri”ning kashf etilishi fizik-kimyoviy hodisalarni o’rganishda katta ahamiyatga ega bo’ldi. 19-asr va 20- asr boshlarida organizm energetikasi printsiplari (Yu. R. Mayer); ko’rish va eshitish organlari ishlashining fizik asoslari hamda biologik strukturalar bilan yorug’likning o’zaro ta’siri (G. Gelmgols, K. A. Timiryazev, P. P. Lazarev), to’qima va hujayradagi osmotik va bioelektrik hodisalar (E. Dyubuaraymon, Yu. Bernshteyn, J. Lyob, V. Nernst) to’g’risidagi asosiy tushunchalarga asos solindi. Ochiq biologik sistemalar termodinamikasi, energetik jarayonlardagi energiya o’zgarishlari hamda membranasi orqali transport qilinishi va u bilan bog’liq bioelektrik hodisalar, muskul qisqarishi va boshqa harakat shakllari (G. M. Frank), fotobiologik jarayonlar (A. N. Terenin, A. A. Krasnovskiy) Biofizikaning rivojlanib kelayotgan sohalari hisoblanadi. Biologik sistemalarning o’z-o’zini tashkil qilishi va boshqarilishi ham xuddi shunday sohalar qatoriga kiradi. Bunday tadqiqotlar Biofizikani kibernetika va xronobiologiya bilan bog’laydi. O’zbekistonda Biofizikaga oid tadqiqotlar 20-asrning 60-yillarida O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Yadro fizikasi institutida, O’zMUning biokimyo, keyinchalik Biofizika kafedralarida boshlangan. Asosiy tadqiqotlar ionlarning faol transporti, membrane funktsiyalarining gormonal regulyasiyasi, membrana faol birikmalarining ta’sir mexanizmini aniqlashga bag’ishlangan. Tadqiqotlarda Na K—ATFaza ferment sistemasi barcha hujayralarning plazmatik membranasi uchun umumiyligi, buyrak nefronlari fiziologik xususiyatlari transport fermentlari kinetik xususiyatlari bilan bog’liqligi aniqlandi (B. O. Toshmuhamedov, Z. U. Bekmuhamedova). Membrana Biofizikasining elektrogenez mexanizmlari; ilon, chayon va arilar zaharidan ion kanallarini tanlab o’tkazuvchi neyrotoksinlar; umurtqalilar va hasharotlar sinapslari glutamat neyroreseptorlari o’rganildi (P. B. Usmonov), sun’iy qo’shqavatli membranalarni rekonstruktsiya qilish amalga oshirildi (E. M. Mahmudova). Shuning bilan birga membranalarda oqsil va lipidlarning o’zaro ta’siri (T. F. Oripov),membrane fermentativ katalizi (M. M. Rahimov), membranalarning radiatsiya bilan shikastlanishi (A. Q. Qosimov), mitoxondriyalar ion regulyatsiyasi, mitoxondriya va butun hujayradagi bioenergetik jarayonlarning fiziologik regulyatsiyasi (A. I. Gagelgans, M. X. Zaynutdinov) o’rganilgan. O’zbekistonda Biofizikaga oid ilmiy tadqiqotlar Fanlar Akademiyasi fiziologiya va biofizika institutida, O’zMUning biofizika kafedrasida va boshqa oliy o’quv yurtlari kafedralarida olib boriladi. Biofizikaning ko’p sohalari tibbiyot, qishloq xo’jalik va atrof muhitni muhofaza qilishda katta ahamiyatga ega (quyosh nuridan foydalanish, biofizik metodlar va fizik ta’sirlarni, masalan, ultratovush, lazer nurini tibbiyotda qo’llash va boshqalar). Bekjon Toshmuhimedov, Mahmud Qosimov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz