BINKAT



BINKAT — Shosh (Choch) tarixiy viloyatining Markaziy shahri (9 — 12-asrlar). Xarobasi hozirgi Toshkentning eski shahar qismidagi binolar ostida saqlangan. 10-asr tarixiy ma’lumotlariga ko’ra, Binkatning uzunligi ham, kengligi ham 1 farsaxdan bo’lib, ko’handiz (Ark), Shahriston (Madina), ichki (rabodi doxil) va tashqi (rabodi xorij) rabodlardan tashkil topgan. Arkning mudofaa devori, 2 darvozasi bo’lib, ulardan biri shahristonga, ikkinchisi ichki rabodga olib chiqqan. Arkda O’rda, zindon va jome masjidi joylashgan. Shahristonning ham alohida devori va 3 darvozasi bo’lgan. Bu yerda hunarmandlar ustaxonalari va savdo do’konlari joylashgan. Ichki rabodning ayrim ma’lumotlarga ko’ra 8 ta, yana boshqa ma’lumotlarga qaraganda, 10 ta darvozasi bo’lib, unda asosan bozorlar joylashgan. Tashqi rabodda 7 ta darvoza bo’lib, paxsa, guvala va xom g’ishtdan qurilgan uy-joylar joylashgan. Binkat obodonligi va bahavoligi bilan sharqda shuxrat qozongan. Shahardan ko’plab suv tarmoqlari o’tgan, ko’chalariga tosh yotqizilgan. Tashqi rabodda bog’va tokzorlar ko’p bo’lgan. Binkat Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi (V. A. Bulatova, L. L. Rtveladze, D. P. Varxotova, M. I. Filanovich) tomonidan o’rganilgan; shaharning taxminan plansxemasi ishlab chiqilgan. Tadqiq etilgan madaniy qatlamlar asosida shahar chegarasi belgilandi. Shahriston va Ark taxminan hozirgi Zarqaynar, Navoiy ko’chalari, Chorsu va eski Juva maydonlari hamda shu yerdagi bozor bilan chegaradosh Gulbozor tepaligini egallagan. Ark Registon va Jangob (Janggoh) ariqlari oralig’ida joylashgan. Topilgan turli uy-ro’zg’or buyumlari, ayniqsa nozik did bilan ishlangan bejirim sirlangan sopol idishlar Binkat kulollarining yuksak mahoratga ega bo’lganliklarini ko’rsatadi. Tarixiy manbalar (Makdisiy va boshqalarning asarlari)da ham Binkat kulolchilik mahsulotlarining “tengi yo’q”ligi haqida qayd etilgan. Shahriston hududidan 11 — 12-asrlarga oid bir necha kulolchilik xumdonlarining qoldiqlari topildi. Rabodlar hududida kulolchilik, temirchilik, shishasozlik ustaxonalari va g’isht xumdonlari bo’lganligi aniklandi. Binkat Shosh viloyatining madaniy, savdo-hunarmandchilik markazi bo’lganligini qadimda shahar atrofida joylashgan qishloqlar hududida olib borilgan arxeologik qazishlar ham tasdiqladi. Topilmalar har bir qishloq aholisi alohida kasb bilan shug’ullanganligini ko’rsatdi. Binkat 10 — 11-asrlardan Toshkent nomini olgan. L. D..Mukminova R. G., O’zbekistonning o’rta asr shaharlari tarixidan lavhalar, T., 1973; Buryakov Yu. F., Toshkent vohasining qadimiy karvon yo’llari, T., 1978; Muhammadjonov A., Qadimgi Toshkent, T., 1988. Abdulahad Muhammadjanov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi



Uzpedia.uz