Bekbosinov Sansizbay




Bekbosinov Sansizbay Abdullayevich (qozoqcha: Сансызбай Абдуллаұлы Бекбосынов; 1939-yil 22-may – 1993-yil 22-aprel) – sovet va partiya davlat arbobi, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.

Hayoti



Bekbosinov Sansizbay Abdullayevich 1939-yil 22-mayda Toshkent viloyati, Qibray tumanida tugʻilgan.

Chimkent politexnika bilim yurtini, Olmaota xalq xoʻjaligi institutini va Olmotadagi Oliy partiya maktabini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1957-yilda geologiya boʻlimida namuna oluvchi sifatida boshlagan, soʻngra Kentau shahridagi Achisoy konida komsomol qoʻmitasi kotibi boʻlib ishlagan. Chimkent qoʻrgʻoshin zavodi eritish sexida elektromontyor boʻlib ishlagan. Qozogʻiston komsomolining Chimkent shahar qoʻmitasining kotibi etib ham saylangan.

1970-yildan 1977-yilgacha Chimkent shahar partiya qoʻmitasida targʻibot va tashviqot boʻlimi mudiri boʻlgan.

1977–1980-yillarda Qozogʻiston Kommunistik partiyasi viloyat qoʻmitasining sanoat va transport boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari hamda tashkiliy-partiya ishlari boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.

Bekbosinov Sansizbay Abdullayevich 1981–1985-yillarda xalq deputatlari Tyulkubas tuman kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi boʻlgan. Keyin esa viloyat partiya qoʻmitasining sanoat va transport boʻlimi mudiri boʻlib ishlagan. 1988–1992-yillarda Kentau shahar partiya qoʻmitasining birinchi kotibi, xalq deputatlari Kentau shahar Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari boʻlgan. Keyinchalik viloyat ijroiya qoʻmitasi raisi etib saylangan.

1992-yil fevral oyidan umrining oxirigacha viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari boʻlgan.

Bekbosinov Sansizbay Abdullayevich 1993-yilning 22-aprelida Qozogʻiston Respublikasining Chimkent shahrida vafot etgan.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz