BBIBP-CorV




BBIBP-CorV  — Sinopharm tomonidan ishlab chiqilayotgan ikkita butun virusli inaktivatsiyalangan COVID-19 ga qarshi vaksinalardan bittasi. Vaksina ikki dozali, mushak ichiga yuborish uchun, inyeksiyalar orasida 3—4 hafta oraliq boʻlishi kerak. 2—8 °C haroratda saqlanadi.

Tarix



2020-yil dekabr holatiga koʻra, u Argentina, Bahrayn, Misr, Marokash, Pokiston, Peru va Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) III bosqich klinik sinovlardan oʻtgan, tadqiqotda 60 000 dan ortiq kishi ishtirok etgan. 2020-yilning noyabriga kelib, Xitoyning favqulodda vaziyatlarda foydalanish dasturi doirasida bir millionga yaqin odam emlangan. 2020-yil dekabriga kelib, BAAda 100 000 ga yaqin odam ham ixtiyoriy dastur doirasida emlandi.

2020-yil 9-dekabrda, III bosqich klinik tadqiqotlarining oraliq tahlili BBIBP-CorV ning COVID-19 infeksiyasiga qarshi samaradorligi 86 % ekanligini koʻrsatganidan keyin, BAA BBICP-CorV ning rasmiy roʻyxatga olingani haqida eʼlon qildi. Bahrayn ham, BAA ham vaksinadan foydalanishni maʼqullagan. BAAda emlash qanday amalga oshirilishi haqida xabar berilmadi.

2020-yil 12-dekabrda Peru koʻngillilardan birida aniqlangan nojoʻya taʼsirni oʻrganish uchun Sinopharm vaksinasining klinik sinovlarini vaqtinchalik toʻxtatdi va ularni 16-dekabrdan davom ettirdi.

2020-yil 31-dekabrda Xitoy Xalq Respublikasi Milliy sogʻliqni saqlash komissiyasi BBIBP-CorV vaksinasini mahalliy ishlab chiqarilgan birinchi koronavirus vaksinasi sifatida keng qoʻllash uchun tasdiqladi. Tasdiqlash ishlab chiqaruvchi Sinopharm III bosqich klinik sinovlarning oraliq tahliliga koʻra vaksina samaradorligi 79,34 % ekanligini eʼlon qilganidan keyingi kun olindi.

BBIBP-CorV III bosqich klinik sinovlaridan oʻtayotgan CoronaVac, BBV152, KoviVak va boshqa inaktivatsiyalangan butun virusli COVID-19 vaksinalariga oʻxshash, anʼanaviyroq texnologiyadan foydalanadi. Ushbu texnologiya koʻplab mashhur vaksinalarda, masalan, quturishga qarshi kabi vaksinalarda muvaffaqiyatli qoʻllanilgan.

Argentina Sogʻliqni saqlash vazirligi 2021-yil 1-iyulda xabar berishicha, 2021-yilning fevral-iyun oylarida 60 yoshdan oshgan 471 682 argentinalik saylanmasidagi dastlabki natijalarga koʻra, COVID-19 dan oʻlimga qarshi samaradorlik Sinopharm BBIBP-CorV vaksinasining birinchi dozasi uchun 61,6 %ni va toʻliq ikki dozali emlash kursi uchun 84,0 %ni tashkil etadi. (taqqoslash uchun, xuddi shu sharoitlarda AstraZeneca vaksinasi 79,5 % va 88,8 %, Sputnik V vaksinasi — 74,9 % va 93,3 % samaradorlikni koʻrsatdi).

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz