BAYRUT



BAYRUT — Livan Respublikasining poytaxti. O’rta dengizning Sharqiy sohilidagi sertepa yarim orolda joylashgan port. Iqlimi subtropik; yozi issiq va quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 14°, avgustniki 28°; o’rtacha yillik yog’in 900 millimetr. Aholisi 1,5 million kishi (1990, shahar atrofi bilan). Bayrut miloddan avvalgi 18-asrda Beruta, Berit deb atalgan. Misr qo’l ostida (miloddan avvalgi 15-asrgacha), so’ngra xettlarga (miloddan avvalgi 14-asr), Ossuriyaliklarga tobe bo’lgan. 635 yil Arab xalifaligi tarkibiga kiritilgan. Bayrutni 1110 yilda salib yurishi qatnashchilari egalladi. 14 — 15-asrlarda mamluklar qo’l ostida bo’ldi. 1516 yilda esa turklar tasarrufiga o’tdi. Livan amiri Faxruddin II (1584 — 1635) zamonida rasman mustaqil davlatning markazi edi. 17 — 18-asrlarda Bayrutni Livan amirlari hamda turk voliylari idora qildi. 1860 yil avgustda frantsuzlar bosib oldi. 1920 yil 1 sentabrdan frantsuzlar mandati ostida “Ulug’ Livan davlati”, 1926 yildan Livan Respublikasining (1943 yil noyabrgacha frantsuz mandati ostidagi) markazi. 20-asrning 30 — 50-yillarida Bayrut Livandagi milliy ozodlik harakatining eng yirik markazlaridan biri bo’ldi. 1943 yildan mustaqil Livan poytaxti. Bayrut — yirik port, temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Yaqin va O’rta Sharq hamda Yevropa mamlakatlarining tranzit savdolari Bayrut orqali o’tadi. Mamlakatning savdomoliya markazi. Davlatning 60% sanoat korxonalari shu erda joylashgan. To’qimachilik, trikotaj, ko’n, oziq-ovqat (tamaki va boshqalar), metallsozlik sanoati tarmoqlari rivojlangan. Bayrut orqali chetga tsitrus mevalari, olma, zaytun moyi, xom ipak, jun chiqariladi. Bayrutda me’moriy yodgorliklardan jome al-Umariy masjidi (1291 yilda qayta qurilgan), “Saroy masjidi” (16-asr boshi) va boshqalar saqlangan. Bayrut asosan zamonaviy shahar; ko’p qavatli uylar, mehmonxona, bank va boshqalar qurilgan. Bayrut markazida 3 katta maydon bo’lib, boshqa shaharlarga boradigan yo’llar shu yerdan boshlanadi. Bayrutda universitetlar, Milliy kutubxona, katta me’moriy muzey (san’at tarixi), Sursok muzeyi (zamonaviy san’at), kollejlar va boshqalar bor.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz