Baxtiyor Adizov
Baxtiyor Rahmanovich Adizov (1960-yil 16-noyabr, Buxoro tumani, Buxoro viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, pedagogika fanlari doktori, professor.
Biografiyasi
Baxtiyor Rahmanovich Adizov 1960-yil 16-noyabr Buxoro tumanidagi Kulonxona qishlogʻida dehqon oilasida tavallud topgan. 1978-yil tumandagi Alisher Navoiy nomidagi 4-sonli maktabni bitirgan, 1978-yilda Buxoro davlat pedagogika instituti pedagogika va boshlangʻich taʼlim metodikasi fakultetiga oʻqishga kiradi. 1983-yilda institutni tugatib, oʻsha yildan boshlab institutning boshlangʻich taʼlim pedagogikasi kafedrasi oʻqituvchisi lavozimida pedagoglik faoliyatini boshladi. 1985—1987-yillarda Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti stajyor-tadqiqotchisi, 1987—1990-yillarda Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranti, 1991—1993-yillarda Buxoro davlat pedagogika instituti boshlangʻich sinflar pedagogikasi kafedrasi oʻqituvchisi, 1993—1995-yillarda Buxoro davlat universiteti boshlangʻich taʼlim pedagogikasi va psixologiyasi kafedrasi dotsenti, 1995—1997-yillarda Buxoro davlat universiteti boshlangʻich taʼlim pedagogikasi va psixologiyasi kafedrasi mudiri, 1997—2007-yillarda Buxoro davlat universiteti pedagogika va jismoniy madaniyat fakulteti dekanining oʻquv ishlari boʻyicha muovini, 2007—2012-yillarda Buxoro davlat universiteti maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha prorektori, 2012-yildan Buxoro davlat universiteti „Pedagogika“ kafedrasi mudiri, 2012-yilning noyabridan Buxoro davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
Ilmiy faoliyati
Baxtiyor Adizov 150 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 1 ta darslik, 2 ta monografiya, 3 ta oʻquv qoʻllanma, 12 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma („Ona tili didaktikasi“, „Didaktika“, „Umumiy didaktika“, „Boshlangʻich taʼlimni ijodiy tashkil etishning nazariy asoslari“, „Taʼlim texnologiyasi“), 130 dan ortiq ilmiy, ilmiy-uslubiy maqolalar muallifi.
Manbalar
uz.wikipedia.org