BATOMETR
BATOMETR — suvning kimyoviy va fizikaviy xossalarini tekshirish, undagi organik hamda anorganik ko’shilmalarini aniqlash maqsadida tabiiy suv havzalaridan muayyan chuqurlikda namuna oladigan asbob. Tez to’ladigan va sekin to’ladigan xillari bo’ladi. Tez to’ladigan dengiz Batometr ichi bo’sh metall tsilindr bo’lib, qopqoq va termometr bilan ta’minlanadi. Oddiy shisha idish sekin to’ladigan Batometr vazifasini o’taydi. Shisha idish ma’lum chuqurlikka tushirilib, tiqini maxsus chilvir yordamida ochiladi va suv to’lgach, tortib olinadi. Bulardan tashqari tub (chuqurlik) Batometr ham bo’ladi. U bilan daryo tubidagi oqiziqlar tutib olinadi va suvdagi muz kristallari miqdori o’lchanadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz