Barno
Dilshod otin , Barno, Dilshodi Barno (taxalluslari; asl ism-sharifi Dilshod Rahimqul soʻfi qizi), (1800, Oʻratepa — 1905/06, Qoʻqon) — shoira, maʼrifatparvar. Otasidan savod oʻrgangan. Maktabdorlik qilgan — xotin-qizlarga xat-savod oʻrgatgan. Anbar Otin D. O. ning iqtidorli talabalaridan boʻlgan. D. O. gʻazal, muxammas, masaddas, chiston va b. bilan birga xotiranomalar ham yaratgan. Uning 91 ta oʻzbekcha va 51 ta tojikcha sheʼri, "Tarixi muhojiron" ("Muhojirlar tarixi") badiiy-tarixiy asarining oʻzbekcha va tojikcha 3 qoʻlyozma nusxasi ("Tazkirai Barno", "Sabot ul-bashar maa tarixi muhojiron" — "Inson matonati va muhojirlar tarixi", "Muntaxab alashʼori Barno" — "Barnoning tanlangan sheʼrlari") bizgacha yetib kelgan. Bularda oʻzaro urushlar, xalqning turmush sharoiti va boshqa ijtimoiy-siyosiy voqealar oʻz ifodasini topgan. Turkistonni chor Rossiyasi bosib olishiga boʻlgan munosabatda shoira zamondoshlaridan ilgarilab, bu hodisaning barcha oqibatlarini toʻgʻri tushungan. Shu jihatdan D. O. sheʼriyati xalq taqdirining badiiy yilnomasi darajasiga koʻtarildi. Shu bilan birga shoira baxtiyor zamon, yaxshi kunlar kelishiga ishondi ("Bu jabru zulmat albat muvaqqat...", "Fargʻona" va b.), turkistonliklarni doʻst-inoq yashashga undadi ("Xaloyiq, borsangiz...", "Tarixi muxosara" va b.). D. O. lirikasida muhabbat va sadoqat mavzui, vatan va inson ozodligi masalasi uygʻunlashib ketgan ("Sochim sunbul deyurlar...", "Falakda suzuvchi oy..." va b.).
D. O.ning "Tarixi muhojiron" asarida 19-asr Qoʻqon xonligidagi tarixiy, ijtimoiy-siyosiy voqealar aks etgan. Ayollarni maʼrifatli, erkin, jamiyatning teng huquqli aʼzolari boʻlishga chorlagan. Shuningdek, asarda Oʻratepa va Qoʻqonda yashagan 30 dan ortiq shoir va shoiralar ijodi haqida maʼlumot keltirilgan. D. O. asarlari qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 1207). Asarlari oʻzbek va tojik tillarida nashr qilingan.
Manbalar
Adabiyot
uz.wikipedia.org