BARGAK



BARGAK — 1) o’zbek xalq amaliy san’atida uchraydigan barg nusxa naqsh. Ayniqsa, miskarlikda rasm bo’lgan islimiy naqshlar orasida salmoqli o’rin tutadi; 2) Sharq, xususan o’zbek ayollarining peshona va sochiga taqadigan ziynat buyumi. Kumushdan yasalib tilla suvi yugurtirilgani “tilla Bargak”deb ataladi. Peshonaga taqiladigan Bargakning tuzilishi o’zaro oshiq-moshiqlar bilan birlashgan 13 — 15 murabba shaklidagi yaproqchalar va yaproqchalar pastiga o’rnatilgan shokilalardan iborat. Har bir yaproqcha markaziga turunj shaklidagi shisha ko’z o’rnatilib, uning atrofi ikki qator Feruza ko’zlar halqasi bilan o’raladi. Markaziy va uning yonidagi yaproqchalar tepasiga atrofi Feruza ko’zlar halqasi bilan o’ralgan tuxum shaklidagi shisha ko’zlar o’rnatiladi. Markazdagi ko’z kattaligi va shaklining murakkabligi bilan ajralib turadi; uning orqa tomonida patjig’a o’rnatiladigan naychalari bo’ladi. Ko’z va yaproqchalar tepasidan marjon (qimmatbaho Bargakda duru marvarid) lar qatori mustahkamlanadi. Yaproqchalar pastiga ikki qator — bir qator yuqori (yaproqchalar)dagi kabi atrofi Feruza ko’zlar halqasi bilan o’ralgan davragullar va ikkinchi qatoriga (asosan, barg shaklidagi) shokilalar osiladi. Bargak 19 – asrda keng tarqalib, 20 asrda ham saqlangan. Toshkent, Samarqand, Buxoro Bargaklari mashhur bo’lgan. Shuningdek Bargakning mato (Baxmal, satin, hatto mo’yna) ga tiqilgan xillari bizgacha saqlangan; 3) o’mildiriqning bir bo’lagi; 4) temirchilar ishlatadigan damnshg bir qismi — tepkisi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz