BARG



BARG (lotincha folium, Yunoncha phyllon) — yuksak o’simliklarning asosiy vegetativ organlaridan biri, fotosintez, transpiratsiya va gaz almashinuvi vazifasini bajaradi. Ba’zi o’simliklar barglari evolyutsiya davomida yashash sharoiti ta’sirida shakli o’zgarib, oziq yoki suv g’amlash, himoya qilish, ilashish kabi qo’shimcha funktsiyalarni bajarishga moslashgan. Bargning kattaligi turlicha, odatda 3-10 santimetr, ayrim o’simliklar (masalan, palma, banan) Barg 20 metrga yetadi. Bargning plastinkasimon kengaygan qismi yaproq, novdaga yopishish uchun xizmat qiladigan ingichka qismi Barg bandi deyiladi. Bir qancha o’simliklar (bug’doydoshlar, ziradoshlar) Barg bandi kengayib, novdani o’rab turadigan qinni hosil qiladi. Ba’zi o’simliklar (yalpizdoshlar)da Barg bandi bo’lmaydi, yaprog’i to’g’ridan-to’g’ri novdaga birlashadi. Bunday Barg o’troq deyiladi. Bargning fotosintez qiladigan sathi yaproqning shakli va kattaligiga bog’liq. Yaproqning yassi bo’lishi Barg ning fotosintez qiladigan yuzasi sathini oshiradi. Barg oddiy va murakkab bo’ladi. Oddiy Barg bandida bitta, murakkab Barg bandida bir necha yaproq bor. Oddiy Barg yaprog’ining shakliga ko’ra yumaloq, tuxumsimon, nashtarsimon, to’g’ri chiziqli, ninasimon, yuraksimon, doirasimon va boshqalar; qirrasining tuzilishiga ko’ra tekis qirrali, tishli, kungurali; yaprog’ining bo’laklanishiga binoan patsimon qirqma, patsimon o’yma, panjasimon qirqma, panjasimon o’yma yoki bo’lakli bo’lishi mumkin. Murakkab Barg uch yaproqli, panjasimon, toq patsimon, juft patsimon, lirasimon va boshqa shakllarda bo’ladi. Barg poyada muayyan tartibda bittadan (ketma-ket), ikkitadan (qaramaqarshi), uch, to’rt yoki undan ko’proq (halqasimon) bo’lib joylashadi. Barg yashash sharoitiga moslashish tufayli qobiq (shumg’iya), tikan (kaktus, zirk), jingalak (no’xat, qovun) shaklga kirgan yoki shakli butunlay yo’qolib ketgan (zarpechak). Piyoz va karam ham oziq moddalar to’planishi tufayli shakli o’zgargan barglardan iborat. Barg ostki va ustki tomonidan bir qavat tiniq hujayralardan iborat yupqa epidermis bilan qoplangan. Barg osti epidermisi hujayralari orasida maxsus tirqishsimon teshikchalar — Barg og’izchalari bo’ladi. Har bir og’izchani ikkita labhujayralar (tutash hujayralar) o’rab turadi. Labhujayralar Barg og’izchalarining ochilib va yopilishi, ya’ni Bargda gaz almashinishini boshqarib turadi. Barg suvga to’yinganida hujayralar turgor holatiga o’tib, labhujayralar devori ochiladi. Barg hujayralarida suv kamayganda hujayralarning turgorlik xususiyati aksincha kamayadi, labhujayralar oralig’ida tirqish yopilib, og’izchalar orqali suv bug’lanishi va gaz almashinishi kamayadi. 1 millimetr kvadrat barg yuzasida og’izchalar soni 40 dan 500 gacha, ba’zan undan ham ko’proq bo’ladi. Og’izchalar ayniqsa sernam joylarda o’sadigan o’simliklar bargi kutikula, yog’simon moddalar yoki tuklar bilan qoplangan, barg plastinkasi kichik, ko’pincha etli; barg orqali suvning ko’p bug’lanishiga imkon bermaydi. Epidermis ostida Barg eti (mezofill) joylashgan. Barg eti ko’pchilik o’simliklarda ustki epidermis ostida joylashgan 1 — 2 qator hujayralardan iborat ustunsimon to’qima va uning ostidagi g’ovak to’qimadan tashkil topgan. Barg eti hujayralari (ayniqsa ustunsimon to’qima) Bargga yashil rang beruvchi xloroplastlarga boy. Xloroplastlar ishtirokida hujayralarda fotosintez sodir bo’ladi. Barg etidan tomirlar o’tadi. Ular har xil shaklda bo’lib, sistematik ahamiyatga ega. Ikki pallali o’simliklar Barg to’rsimon yoki patsimon, bir pallalilar esa parallel yoki yoysimon tomirlangan. Tomirlar lub va yog’ochlik tolalaridan hamda o’tkazuvchi va to’rsimon naylardan iborat. Tomirlar yaproquchun tayanch sinch vazifasini o’taydi. O’tkazuvchi naylar orqali suv va mineral oziq moddalar iddizdan barg mezofili hujayralariga to’xtovsiz kelib turadi. Barg hujayralarida sintezlangan mahsulotlar tomirlardagi to’rsimon naychalar orqali o’simlikning boshqa qismlari, ya’ni poya, ildiz, gul, mevalarga yetkazib beriladi. Barg yuzasining keng bo’lishi uning karbonat angidridni faol qabul qilishi, ko’p miqdorda suv bug’latishi va kislorod ishlab chiqarishiga sabab bo’ladi. I ga maydondagi yashil o’simliklar bir kecha-kunduzda 150 — 500 kilogramm karbonat angidridni o’zlashtirib, 60 — 400 kilogramm kislorod ajratadi va 100 tonnagacha suv bug’latadi. Bu jarayonda Barg 75 — 250 kilogrammgacha organik modda hosil qiladi. Bargning yashash muddati ham turlicha bo’lib, ayrim o’simliklar Barg bir necha hafta, boshqalari bir necha yilgacha (masalan, lavr bargi 3 -4 yil, Yevropa archasi bargi 8-10 yil, Shrenka archasi bargi 30 yil) yashaydi. Barg hayoti fotosintez va metabolitik jarayonlarning izchilligi bilan bog’liq. Bu jarayonlar sekin kechadigan ninabarglilarning bargi nisbatan uzoq yashaydi. Barg cheklangan o’sish xususiyatiga ega bo’lishi bilan boshqa o’simlik organlaridan farq qiladi. Yaproqning o’sishi cheklanganligi, biroq Barg bandning o’sishi to’xtovsiz davom etaverishi tufayli Barg yaprog’i yorug’likka o’girilish xususiyatiga ega bo’ladi. O’ktam Po’latov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz