BARBITURATLAR
BARBITURATLAR — barbitur kislota hosilalari, Markaziy nerv sistemasining funktsiyasini susaytirib, tirishishga qarshi va narkotik ta’sir etadigan, uxlatadigan dori moddalar. Organizmda o’zgarishi va undan chiqib ketishi xususiyatlariga qarab uzoq va qisqa vaqt ta’sir etadi (uzoq ta’sir etadigan Barbituratlar, asosan, buyraklar orqali chiqib ketadi, qisqa vaqt ta’sir etadigan Barbituratlar, asosan, jigarda parchalanadi). Uyqusizlikning xiliga qarab uzoq ta’sir etadigan (barbital, fenobarbital, barbital-natriy), o’rtacha ta’sir etadigan (tsiklobarbital, barbamil, etaminal-natriy) va qisqa vaqt ta’sir etadigan (geksobarbital) preparatlar uxlatadigan yoki Markaziy nerv sistemasini tinchlantiradigan miqdorda buyuriladi. Barbituratlarning poroshok (kukun) va tabletkalari ichiladi, shuningdek eritmasi (asosan narkoz uchun) venaga yoki muskul orasiga yuboriladi, huqna qilinadi. Barbituratlar anesteziologiyada bemorni narkozga tayyorlash uchun qo’llaniladi (narkotik, og’riqsizlantiruvchi moddalarning ta’sirini kuchaytiradi). Barbituratlar uzoq ishlatilganda organizm ularga o’rganib qolishi mumkin.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz