Balokumya
Balokumya (albancha: ballokumja) yoki
balakumya (albancha: ballakumja) — makkajoʻxori unidan pechenye, Alban taomi boʻlib, u Elbasanda paydo boʻlgan, lekin hozirda butun Albaniyada, shuningdek, Kosovo va Shimoliy Makedoniya albanlari orasida ham mashhur. Anʼanaga koʻra, u 14 martda Dita e Verës (alb. — „Yoz kuni“) — tabiatning qayta tugʻilishi majusiy bayramida tayyorlanadi, dastlab faqat Elbasanda nishonlangan va 2004-yildan boshlab Albaniyada davlat bayrami sifatida nishonlanadi.
Etimologiyasi
Alban anʼanalari „balokumya“ nomining paydo boʻlishini XVI asrda Elbasanni boshqargan Usmonli hukmdori bilan bogʻlaydi. U birinchi marta makkajoʻxori pechyenesini tatib koʻrganida, shunday dedi: "Është ba si llokume!" (albanchadan — „Raxat-lukumi kabi mazali!“) Bu iboraning qisqarishi bilan zamonaviy ballokumja soʻzi paydo boʻldi.
Balokumyani kulaç me finj (albanchadan — „ishqorli suvdan pechenye“) deb ham atashadi, chunki anʼanaga koʻra xamirga doka orqali filtrlangan yogʻoch kulining (finj) damlamasidan ozgina qoʻshiladi (hozirgi kunda u koʻpincha bir xil miqdordagi sut bilan almashtiriladi).
Retsept
Balokumyaning asosiy tarkibi — makkajoʻxori uni, sariyogʻ (anʼanaviy ravishda echki suti), shakar va tuxumdir. Xamir yogʻoch qoshiq bilan mis idishda qoriladi, chunki misning yuqori issiqlik oʻtkazuvchanligi tufayli xamirning zichlik darajasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin, deb hisoblashadi. Xamirni shiddat bilan qorish kerak va shuning uchun bu ishni koʻpincha erkaklar bajaradilar. Balokumya oʻtinli pechda pishirilish kerak.
Dita e Verës bayramida Elbasan aholisi koʻpincha boshqa shaharlarda yashovchi qarindoshlari va doʻstlariga pochta orqali balokumya yuborishadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org