BADANNI ARTISH



BADANNI ARTISH — salomatlikni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbir; davo-profilaktika muolajasi; bunda suvga ho’llangan dag’al sochiq bilan butun gavda yoki uning ayrim qismlari (qo’l, oyoq va boshqalar) ni tez va kuch bilan artib, keyin teri qizarguncha quruq sochiq bilan ishqalanadi. Kuniga Badanni artish, bunda suv haroratini 30— 32° dan 18-20° gacha pasaytirib borish yaxshi naf beradi. Badanni artish kishini tetiklantiradi va organizmning tashqi ta’sirotlarga chidamini oshiradi. Bu muolajada teridagi qon tomirlari torayib, organizm kam issiqlik yo’qotadi va gavdada ko’p issiqlik yig’iladi. Teridagi qon tomirlar torayganda periferik a’zolarga qon oqib kelishiga to’sqinlik oshadi; yurak qisqarishi tezlashadi va qon bosimi bir oz ko’tariladi. Teriga sovuq tekkanda nerv sistemasi qo’zg’aladi, bunda sovuq ta’sir qila bersa, teridagi toraygan qon tomirlari kengayib, devoridagi muskullar tonusi oshadi, qon tez oqib keladi. Teri qon tomirlari kengayganda qon bosimi bir oz pasayadi va puls sekinlashadi. Badan oldin ho’l, keyin quruq sochiq bilan artilsa, teri qon tomirlari bir oz vaqt torayib, sovuq seziladi, teri oqaradi va muzdek tuyuladi. Tomir kengayishi bilan teri qizaradi va qo’lga issiq seziladi, kishi o’zini tetik, bardam, baquvvat sezadi. Organizmni chiniqtirish, charchoqni yozish, nevrasteniya va boshqa kasalliklarni davolashda Badanni artish muolajasi qo’llaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi



Uzpedia.uz