Ba Jin
Ba Jin (xitoycha: 巴金; taxallusi -
Li Yaotang , xitoycha: 李堯棠) — 1904—2005-yillarda yashab ijod etgan xitoy yozuvchisi. 26 jildlik asarlar toʻplami chop etilgan. Ba Jin 1904-yil 25-noyabrda Sichuan provinsiyasining Chengdu shahrida badavlat oilada tavallud topgan. Uning otasi Sichuan shimolida qozilik qilgan. Oilasi juda katta boʻlib, xonadonida 80 dan 100 gacha odam, jumladan, bobosi, jiyanlari va xizmatkorlari yashagan. Onasi ilmli ayol boʻlgan. Farzandlarini sheʼriyatga, adabiyotga qiziqtirgan va ularning taʼlim olishi uchun maxsus oʻqituvchilar yollangan.
1920-yilda boʻlajak yozuvchi Chengdudagi chet tillar maktabiga qabul qilindi. 1921-yil aprel oyida U taxallusi ostida „Qanday qilib chinakam erkin va teng imkoniyatli jamiyatni qurish mumkin?“ nomli birinchi maqolasi chop etildi.15 yoshida anarxistik siyosiy harakatga qoʻshildi. Unga anarxist mualliflar, ayniqsa, Pyotr Kropotkin va Emma Goldman kuchli taʼsir koʻrsatdi. Shu sababli Aleksandr Berkman bilan uchrashdi, Sakko va Vanzetti bilan Birdamlik kampaniyasida qatnashib, Pyotr Kropotkin, Emma Goldman, Rudolf Roker asarlarini xitoy tiliga tarjima qildi. Hatto oʻz taxallusini anarxist mualliflar Mixail Bakunin (Ba) va Pyotr Kropotkin (kin = Jin) ismlarining ikki boʻgʻinidan oldi. 1923-yilda Nankin milliy institutiga oʻqishga kirdi. 1927—1928-yillarda Fransiyada, 1934—1935-yillarda Yaponiyada tahsil olgan. 1944-yilda rus adabiyoti namoyondalari, jumladan, Pushkin va Turgenev asarlarini xitoy tiliga tarjima qilgan. Syao Shan ismli qizga uylangan.
1957-yil iyul oyidan u „Shouho“ adabiy jurnalining bosh muharriri boʻlib ishlagan. 1960-yil avgust oyida esa Butun Xitoy adabiyoti va sanʼati federatsiyasi raisi oʻrinbosari etib saylandi. “Madaniy inqilob” davrida unga “aksilinqilobiy” tamgʻasi qoʻyilgan va kanal tozalash brigadasida “qayta tarbiyalangan”. 1977-yilda reabilitatsiya qilingan.1979-yilda Xitoy Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari etib saylangan boʻlsa, 1985 - yildan 2005 - yilgacha unga raislik qilgan. Umrining soʻnggi yillarida parkinson kasalligidan aziyat chekkan. 2005-yil 17-oktyabrda Ba Jin 100 yoshida Shanxay kasalxonasida vafot etdi. Yozuvchi shuhrati 4-may harakati, yaʼni til va madaniyat sohasidagi islohotlar taʼsirida ortib borgan. Uning sodda va ravon uslubi asarlarining barcha uchun birdek sevimli boʻlishini taʼminladi. Yozuvchining ilk yirik asari “Sayohat paytidagi yozuvlar”dir. Ba Jin taxallusi ostida chiqqan birinchi asari esa 1929-yilda yozilgan boʻlib, „Halokat“ (roman) nomi bilan chop etilgan. Uning ijodida koʻproq XX asr birinchi yarmidagi Xitoy siyosiy hayotidagi voqeliklar va ijtimoiy islohotlar aks etgan. Biroq bundan tashqari jahon adabiyoti anʼanalari elementlarini ham uchratish mumkin. Masalan, adib “Maratning oʻlimi”, “Dantonning qaygʻusi”, “Robespyerning siri” qissalarida fransuz inqilobi mavzusiga murojaat qiladi.
Yozuvchining Gʻarbda mashhur boʻlgan asarlaridan biri 1931-yilda yozilgan “Oila” romani hisoblanadi. Bu asar „Shoshqin oqim“ deb nomlangan trilogiyaning bir qismi boʻlib, “Bahor” va “Kuz” boblaridan iboratdir. Roman avtobiografik xarakterga ega, unda yozuvchining bolaligi, oilasi va u bilan bogʻliq xotiralar tasvirlangan. Romanning markaziy mavzusi avtoritar otaning oilasi oʻrtasidagi ziddiyati, shuningdek, anʼanaviy tuzum va yangi jamiyat oʻrtasidagi qarama-qarshiliklardir. Yana bir mashhur asari – “Muhabbat trilogiyasi” boʻlib, unga “Tuman”, “Yomgʻir”, “Chaqmoq” (1931—1933) qissalari kiradi. 1978—1984-yillarda «Duma» («Suyanlu») nomi ostida birlashtirilgan 5 ta publitsistik ocherklar toʻplamini yaratdi. Unda daho yozuvchining jamiyatdagi oʻzgarishlarga, oʻziga qadrdon insonlarga qarata bildirilgan chuqur tanqidiy mulohazalari aks etgan.
Asarlari
Hikoyalar toʻplamlari
Romanlari
Avtobiografik asarlari
Ilmiy tadqiqotlari
Rus tilidagi nashrlar
uz.wikipedia.org