AYDAR KO’LI



AYDAR KO’LI (Haydar ko’li) – Nurota tizma tog’larining shimoliy etagidagi ko’l. Shimoliy qirg’oqlari Sharqiy Qizilqumga tutashadi. Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida. Aydar ko’l o’rni shimoliy Nurota yoni tektonik bukilmasidan iborat. 1969 yilgacha Aydar sho’rxogi (botig’i)da mayda sho’r ko’llar va sho’rlar (Jalpoqsho’r) keng tarqalgan edi. 1968-69 yillarda yog’ingarchilikning haddan tashqari ko’p bo’lishi tufayli Sirdaryo oqimining bir qismi (qariyb 21 kilometr kub) Chordara suv ombori va Arnasoy orqali Aydar botig’iga oqizildi, chunki Orol dengiziga oqizish uchun shuncha suv Sirdaryo o’zaniga sig’mas edi. Aydar ko’l shu tariqa tashkil topdi. Aydar ko’lning tog’ etagidagi Janubiy qirg’oqlari ancha tekis va suv osti yon bag’irlari nisbatan tikroq, shimoliy qirg’oqlari notekis va qiya, Orol va yarim orollar mavjud. Aydar ko’lning shimoliy qismi ancha sayoz, o’rtacha chuqurligi 10-12 metr, chuqur joylari 26-30 metr, ayrim joylarda chuqurligi 40 metrgacha. Aydar ko’l tor yo’laklar orqali Tuzkon va Arnasoy ko’llari bilan tutashgan. Aydar ko’l Jizzax viloyatidagi Oqbuloq, Sangzor daryosining Qiyli tashlamasi, Chordara suv ombori va Arnasoyga quyilayotgan Markaziy Mirzacho’l tashlamasi oqimi hisobiga to’yinadi. 1994-95 yillarda qish va bahorda Chordara suv omboridan katta hajmda suv kelishi natijasida Arnasoy, Tuzkon va Aydar ko’llarining suv mayd. 184 ming gektardan 320 ming gektarga yetdi. Uzunligi 159 kilometr, eni 26 kilometr. Suvining minerallashuv darajasi 1 l da qariyb 12-15 gektrar va undan ortiq. Aydar ko’lning qirg’oqqa yaqin sayoz joylari va orollari atrofi qamish va boshqa suv o’simliklari bilan band. Aydar ko’lda zog’ora baliq, laqqa baliq, sudak, tovon baliq, leshch va boshqa baliq turlari mavjud. Baliq ovlanadi (yiliga o’rtacha 3 ming tonnadan ziyod). Qoravoy, Saqoqush, Chayka, Yovvoyi o’rdak va boshqa suvda suzuvchi qushlar yashaydi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz