AXOMANIYLAR
AXOMANIYLAR – Axomaniylar davlatini boshqargan qadimgi fors podshohlari sulolasi (miloddan avvalgi 558 — 330). Axomaniylar sulolasi qadimgi fors urug’idan boshlanib, bu urug’ asoschisi Axoman (qadimgi forschada Xaxomanish) aftidan, miloddan avvalgi 7 – asr boshida Elam chegaralariga — Parsua (Yunoncha Persida) deb nom olgan viloyatga ko’chib kelgan fors qabilalarining yo’lboshchisi bo’lgan. Axoman o’g’li Teisp (Chishpish) va uning bevosita avlodlari: Kir I, Kambis I, kir II Anshan (shimoliy Elamdagi viloyat) shohlari hisoblangan. Qadimgi Sharqning ko’pgina mamlakatlarini bosib olgan kir II Axomaniylar saltanatini barpo etgan. Axomaniylarning katta tarmog’i Kambis II vafoti (522) bilan tugagan. Kichik tarmoqqa Doro I asos solgan. Axomaniylar sulolasi: Kir II (550 — 530) (Fors va Anshanda 558 yildan hokimlik qilgan), Kambis II (530-522), Doro I (522 – 486), Kserks I (486 – 465), Artakserks I (465- 424), Kserks II (424), Sug’diyon yoxud Sekudian (424 — 423), Doro II (423 — 404), Artakserks II (404 – 358), Artakserks III (358 – 338), Arses (338 – 336), Doro III (336 – 330).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz