AXBOROTNI O’QISH
AXBOROTNI O’QISH (kibernetikada)—turli xil axborot uzatuvchilaridan kelgan axborotni elektron-raqamli hisoblash mashinalariga kiritish uchun moslash. Biror masala haqidagi turli xil axborotlarni, ya’ni dastlabki ma’lumotlar, masalani yechish dasturi, masala yechimining natijalarini sonlar yoki komanda (buyruq)lar shaklida mashinaga kiritishda foydalaniladi. Axborotni perfolenta (teshik-teshik lentalar) yoki perfokartalar vositasida uzatish usullari keng tarqalgan. Perfokarta o’rami kirish qurilmasiga solinadi va mashina uni navbat bilan tortib, cho’tkalarning kontakt tizimida “paypaslab” ko’radi. Kartaning ayni shu joyida teshik (karta teshigi) bor yoki yo’q ekaniga qarab, mashinaga elektr signal yuboruvchi kontakt tutashadi yoki tutashmaydi. Buning ta’sirida mashina xotirasida kod qayd qilinadi. Axborotni o’qishning perfokartalardan foydalanishga asoslangan bunday elektr-mexanik usulidan tashqari fotoelementlar yoki fotodiodlar yordamida o’qish usuli ham bor.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz