AVSTRALIYA
AVSTRALIYA (lotincha australis — Janubiy) — Janubiy yarim sharda joylashgan materik. Umumiy ma’lumot. Avstraliya shimoldan Janubga 10°4 gradus (York bo’rni) bilan 394 gradus (Janubiy- Sharqiy burun) janubiy kengliklar oralig’ida 3200 kilometrga, g’arbdan sharqqa 4100 kilometrga 113°05′ sharqiy uzunligi (Stip-Poynt bo’rni) bilan 153°34′ (Bayron bo’rni) sharqiy uzunliklar oralig’ida cho’zilgan. Maydoni 7682 ming kilometr kvadrat (Tasmaniya, kenguru, Melvill va bilan orollar bilann 7704,5 ming kilometr kvadratga yaqin). Avstraliya — materiklar ichida eng kichigi. Janubiy tropik chizig’i Avstraliyaning deyarli o’rtasidan kesib o’tadi. Materikni G’arb, shimol va Janubdan Hind okeani, sharqdan Tinch okean dengizlari o’rab turadi. Qirg’oqlari unchalik egri-bugri emas, shimolda Karpentariya, Janubda katta Avstraliya qo’ltiqlari bor. Katta yarim orollari — shimolda Arnemlend va Keyp-York. Tasmaniya oroli Avstraliyadan kengligi 224 kilometrli base bo’g’ozi orqali ajralib turadi. Avstraliya shimolda yirik orollardan yangi Gvineya joylashgan. Avstraliyaning Sharqiy sohili bo’ylab behisob marjon orollaridan tashkil topgan katta to’siq rifi 2300 kilometr masofaga cho’zilib yotadi. Tabiati. Orografiyasi. Avstraliya relefining aksariyat qismi tekislik. Dengiz sathidan o’rtacha balandligi (215 metr) jihatidan Avstraliya materiklar ichida eng past. Yer yuzasi 95% ining mutlaq balandligi 600 metrdan oshmaydi. Yirik orografik qismlari: 1) G’arbiy Avstraliya yassi tog’ligi — o’rtacha mutlaq balandligi 400-500 metr, tizmalar va supa tog’lardan iborat; 2) Markaziy paettekislik — ko’p qismining mutlaq balandligi 100 metrga yetmaydi. Avstraliyaning eng past nuqtasi ham (-12 metr) o’sha yerdagi botiqda joylashgan Eyr ko’li yonida; 3) katta suvayirgich tizma (materik sharqida) — o’rtacha balandlikdagi ayrim-ayrim, cho’qqilari yassi tizma tog’lar. Avstraliyaning eng baland nuqtasi — Kossyushko tog’i (2230 metr) Janubdagi Avstraliya Alp tog’larida. Avstraliyaning hozirgi Relefi asosan kembriygacha bo’lgan davrda vujudga kelgan va keskin tektonik o’zgarishlarga uchramagan, yer yuzasi uzoq davrlar ichida yemirilib, natijada qoldiq tog’lar bilan birga keng tekisliklar vujudga kelgan. Katta suvayirg’ich tizma yemirilgan paleozoy burmali tog’lari o’rnida vujudga kelgan. Nallarbor tekisligida, moviy tog’larda, Barkli va Aterton platolarida karst relyef shakllari uchraydi. Geologik tuzilishi va foydali qazilmalari. Avstraliyaning aksari qismi Avstraliya platformasi oblastida joylashgan, Sharqiy qismi esa Sharqiy Avstraliya burmali geosinklinal mintaqasiga kiradi. Kembriydan avval vujudga kelgan platformaning materik zaminidagi kristall hamda metamorfik jinslari G’arbiy plato, Tasman yeri, G’arbiy Avstraliya qalqoni va boshqa joylarda yer yuzasiga chiqib qolgan; Sharqda (Markaziy pasttekislikning g’arbida) esa quruqlik va ko’l yotqiziqlari ostida ko’milib ketgan, shuningdek Sharqiy Avstraliya platformasida ham uchraydi. Yuqori paleozoyda va mezozoyning birinchi yarmida Avstraliya platformasi qadimgi Gondvana materigi bilan tutash bo’lgan. Uchlamchi davr oxiri va to’rtlamchi davrda ro’y bergan tektonik harakatlar Avstraliyani yangi Gvineya oroli, Malayya arxipelagining Sharqiy orollari va Tasmaniyadan ajratib yuborib, materikni hozirgi qiyofasiga keltirgan. Avstraliya platformasi oltin va polimetallga, temir rudasi va boksitga boy, Flinders tizmasida uran va radiy rudalari uchraydi. Avstraliya sharqida toshko’mir va qo’ng’ir kumir konlari bor. Katta artezian havzasi, Viktoriya shtati sohillarida neft va gaz topilgan. Iqlimi. Avstraliyaning shimoliy qismi (20° janubiy kenglikgacha) ekvatorial mussonli, o’rta katta qismi (20°-30° janubiy kengliklar oralig’i) tropik cho’l va Janubiy-g’arbiy chekkasi qishda yog’in ko’proq yog’adigan subtropik iqlimli mintaqalarga kiradi. Avstraliya Janubiy yarim shardagi eng issiq quruqlik, uning 2/3 qismi cho’l va chala cho’llardan iborat. Qirg’oqlardan materik ichkarisiga tomon yog’in miqdori tez kamayib boradi, lekin ko’p yillik yog’insiz davrlar bo’lmaydi. Yozda (dekabr — Fevral) quruqlik g’oyat qizib (temperatura 36° dan ortadi) materik ustida past bosim oblasti vujudga keladi, uning Janubiy chekkalaridagina baland bosim qaror topadi, shu sababli Janubiy g’arbda va Nallarbor tekisligida yogin tushmaydi. Temperaturaning mavsumiy o’zgarishi asosan tropik va subtropik mintaqalarning ichki rayonlarida ko’proq namoyon bo’ladi. Yanvar oyida 40° dan yuqori issiq temperaturalar shimoliy- g’arbda (Marbl-bar) bo’ladi. Mutlaq maksimum temperatura 53,1° Klonkarrida (Kvinslend) kuzatilgan. Mutlaq minimum temperatura Avstraliyaning ichki rayonlarida — 4,6°gacha tushadi. Faqat Avstraliya Alp tog’larida sovuq barqarorroq bo’lib turadi. U yerda — 22°gacha sovuq qayd qilingan. Tekisliklarda tuproqning yuza qatlami ahyon-ahyondagina muzlaydi. Yil davomida ikkita mavsum — quruq va yog’ingarchilik mavsumlari kuzatiladi. Murrey tekisliklarida momaqaldiroqli jalalar, Janubiy – Sharqdagi tog’larda musson yomg’irlari yog’adi. Sharqiy sohilning ko’p qismida iqlim tropik dengiz iqlimi, issiq. Shimolda yog’inlarni shimoliy-g’arbiy mussonlar keltiradi. Bu yerda yog’in sohilda 1500 millimetr, 10°— 20° janubiy kengliklarda 400-500 millimetr. Avstraliyada eng ko’p yog’in (2243 millimetr) Kernsda yog’adi. Eng kam yog’in (300-250 millimetr) materik g’arbida yog’adi. Katta suvayirg’ich tizmasi tinch okeandan esuvchi iliq va nam shamollarni to’sib, Avstraliyaning Sharqiy sohili va ichki rayonlarida yog’in taqsimotini murakkablashtiradi. Qishda (iyun— avgust) Avstraliyaning ayniqsa Janub va Janubiy-Sharqiy qismlari sovib (12°, 5°), yuqori bosim oblasti tarkib topadi. Ichki suvlari. Avstraliyaning 60% maydoni oqmas ichki havzaga, 7% Tinch okean va 33% Hind okeani havzasiga mansub. Avstraliyada oqar suvlar ko’p emas. Okeanga qo’yiladigan daryolar qisqa, tog’lardan boshlanadi, suv miqdori doimiy emas. Eng sersuv daryosi Murrey (Marri), yirik irmog’i — Darling. Ichki berk havzani kesib o’tuvchi quruq o’zan (Krik)lar ko’p, ularda faqat yog’ingarchilik vaqtlaridagina suv oqadi. Avstraliya cho’llaridagi suvlar sho’r. Yer osti suvlari ko’pincha minerallashgan, zaxirasi katta. Ular bir necha artezian havzada to’plangan, bunday suv 200 metr, ba’zan 500 metrgacha chuqurlikdan chiqadi. Sho’r ko’llar ichida eng yirigi Eyrning yozda maydoni ba’zan 15000 kilometr kvadratga yetadi. Undan Janubda Torrens, Gerdner, G’arbiy platoda Amadiyes ko’llari bor. Avstraliya yer osti suvlariga boy. Umumiy maydoni 4800 ming kilometr kvadratni tashkil qilgan 33 ta artezian havzasi mavjud; bulardan eng yiriklari — katta Artezian, Murrey, Morton-Klarens, Yukla, Offiser, Jorjina. Yer osti suvlaridan qurg’oqchil rayonlarda sug’orish, sanoat va transport ehtiyojlari uchun foydalaniladi. Tuproq va o’simliklari. Avstraliyaning organik dunyosi bo’r davri o’rtalaridan boshlab boshqa quruqliklardan ajralgan holda rivoj topgan, shuning uchun flora tarkibida endemik turlar ko’p (75%). Avstraliya maxsus flora oblastini tashkil qilgan. Ichki Avstraliyaning katta qismi qumli va Toshloq cho’llar (katta qumli cho’l, Viktoriya va Gibson cho’llari) bilan band. Cho’llarni bo’z va jigarrang bo’z tuproqli, asosan evkalipt va akasiya butalaridan iborat tikanakli qalin chakalakzorlar bilan qoplangan chala cho’llar o’rab olgan. Bir oz sernamroq chala cho’llar butazor — skreblar bilan band. Chala cho’l va savannalardan tabiiy yaylov sifatida foydalaniladi. Bo’r davriga kadar Avstraliyaning Janubiy Amerika va Afrika bilan quruqlik orqali tutashganligini proteylar va ba’zi igna barglilarning umumiy oilaga mansubligi tasdiqlaydi. Shimol, Sharq, Janubiy-Sharq va Janubiy-g’arbda yog’in miqdori orta boradi va bu yerlarda qizg’ish-qo’ng’ir va qizil tuproqli savannalar uchraydi. Materikning shimoliy-sharqi doimiy yashil tropil o’rmonlar bilan, Janubiy-sharqi evkaliptli subtropik o’rmonlar bilan qoplangan. Chala cho’l va savannalar yaylov ahamiyatiga ega. Tovar mahsulot beruvchi o’rmonlar Avstraliya maydonining qariyb 2%ini tashkil qiladi. Hayvonot dunyosi. Avstraliya faunasi o’ziga xos bo’lganligidan uni alohida Avstraliya zoogeografik oblastiga ajratilgan. Avstraliya faunasida yuksak sut emizuvchi hayvonlar (odamlar chetdan keltirgan Dingo itidan tashkari) deyarli yo’q. Materikda mezozoy va uchlamchi davr faunasining vakillari hozirgacha saqlangan. Masalan, tuxum qo’yuvchi sut emizuvchilardan exidna va o’rdakburun, baliqlardan ikki xil nafas oluvchi tseratod, qopchiqli sut emizuvchilardan kenguru, ayiqlar (koala) va boshqalar. Avstraliyaning ko’p yovvoyi hayvonlari odamlarning xo’jalik faoliyati va tartibsiz ov qilishi natijasida kamayib ketgan. Avstraliya uchun tipik qushlar: kakadu to’tisi, emu tuyaqushi, katta oyoqli tovuqlar, qora oqqush, jannatqush, tovusdum va boshqalar. Yevropadan xonaki hayvonlar keltirilgan. Tabiat rayonlari. Avstraliyaning tekislik qismlaridagi subekvatorial, tropik va subtropik mintaqalarida geografik zonallik yaqqol ko’rinadi. Yillik yog’in miqdori 200-250 millimetr bo’lgan cho’l zonasi katta maydonni egallagan. Plato va yassi tog’liklar Toshloq cho’llardan iborat. Avstraliya Alp tog’larida balandlik landshaft mintaqalari aniq namoyon bo’lgan. Avstraliyaning tabiiy landshaftlari odamlar tomonidan juda o’zgartirib yuborilgan. Tabiatni qo’riqlash ko’proq Janubiy Avstraliyada yaxshi yo’lga qo’yilgan. Maunt Buffalo, Kossyushko, Saut-Uest (Tasmaniya oroli), Uayperfild va Uilsons-Promontori, Eungella va boshqa milliy parklari bor. Kashf etilishi va tadqiq qilinish tarixi. Avstraliya haqidagi dastlabki noaniq ma’lumotlar yevropaliklarga Portugal dengizchilari orqali 16-asrda yetib kelgan. Ammo Avstraliyaning shimoliy qismlarini ba’zi bir indonez qabilalari qadimdan bilishgan bo’lsa kerak. Avstraliyani 1606 yilda gollandiyalik V. Yanszon kashf qilgan va yangi Gollandiya deb atagan. Bir necha oydan so’ng ispaniyalik L. Torres Avstraliyaning Keyp-York yarim oroli shimolidagi bo’g’ozdan suzib o’tdi. Bu bo’g’oz keyinchalik uning nomiga qo’yilgan. Yava oroliga qatnab turgan golland dengizchilari 1640 yilda materikning g’arbiy, qisman shimol va Janub sohillarini kashf etgan. 1642 yilda Tasman Avstraliyadan janubroqda suzib, Tasmaniya orolni topdi va materikning Antarktidadan uzoqda joylashganligini isbot etdi. J. Kuk 1770 yilda A.ning Sharqiy sohillarini kashf etdi va uni yangi Janubiy Uels deb atadi. M. Flinders va N. Boden tadqiqotlari bilan Avstraliya Janubiy sohillarining kashf etilishi tugallandi. M. Flinders materikni Avstraliya (“Janubiy yer”) deb atadi va 19-asrdan shu nom bilan mashhur bo’lib qoldi. Avstraliyaning ichki qismi yevropaliklarning chorva mollari uchun yaylov va suv qidirish maqsadlarida o’rganiddi. Ko’pdan-ko’p geografik tadqiqotlar natijasida butun Avstraliyaning tabiat boyliklari asosan o’rganib bo’lindi. Bu esa qit’aning xo’jalik jihatdan tez o’zlashtirilishiga olib keldi. Keyingi vaqtlarda qazilma boyliklar qidirib topish borasida xususiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Avstraliyada Avstraliya davlati joylashgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz