ATAKAMA
ATAKAMA — Janubiy Amerikadagi cho’l, Chilining shimolida. Tinch okean sohili bo’ylab, 22-27° janubiy qutb orasida, taxminan 1000 kilometrga cho’zilgan. Dengiz sathidan 500 metrdan 2000-3200 metrgacha balandlikda joylashgan. Dunyodagi eng qurg’oqchil joylardan biri. Iqlimi tropik passatli iqlim. Peru oqimi ta’siri sababli nisbatan sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi dengiz bo’yida 19-20°, iyulniki 13— 15°. Bo’ylama vodiyda esa, yanvarning o’rtacha temperaturasi 22-23° va iyulniki 11-12°. O’rtacha yillik yog’in miqdori 50 millimetr (10-12 yillab yog’in tushmagan vaqtlar ham bo’ladi). Loa daryosi kesib o’tadi. O’simlik kam (kaktus, mimozalar), sho’rxoklar ko’p. Mis va selitra konlari bor. Hayvon turlari kam. Tulki, qalqondorlar, toshbaqalar uchraydi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz