ASTROSPEKTROSKOPIYA
ASTROSPEKTROSKOPIYA (ostro… va spektr…, Yunoncha skopeo — qarayman) — osmon yoritqichlari nurini spektrga yoyib tahlil qiladigan, unga asoslanib ularning fizik holati, kimyoviy tarkibi, harakati, shuningdek yulduzlararo muhitdagi moddaning xususiyatlarini tekshiradigan astrofizik usul. Osmon yoritqichlari spektri teleskopga o’rnatilgan tirqishli yoki tirqishsiz spektrograf vositasida olinadi. Tirqishli spektrografda bir vaqtning o’zida bitta yulduz spektrini olish mumkin. Ob’yektivi oldiga prizma o’rnatilgan astrograf birdaniga bir necha o’n va yuz yulduz spektrini olishga imkon beradi. Astrospektroskopiya asosiy masalalari osmon yoritqichi spektrini suratga tushirish yoki lentaga yozib olish va unda energiyaning taqsimlanishini, spektral chiziqlar to’lqin uzunliklarini o’lchash va bu chiziqlar qanday kimyoviy element atomlariga tegishli ekanini aniqlashdan iborat. Buning uchun osmon yoritqichi spektri ustiga va tagiga etalon spektral chiziqlari bor laboratoriya manbaining spektri ham tushiriladi. Yoritqichning spektral chiziqlari manba chiziqlariga taqqoslanadi va ularga nisbatan to’lqin uzunliklari o’lchanadi. Shunday yo’l bilan yoritqich atmosferasida qanday kimyoviy elementlar borligi aniqlanadi. Kuzatilgan chiziqlarning etalon chiziqlarga nisbatan siljishiga ko’ra yoritqichning nur yo’nalishidagi (Nuriy) tezligi topiladi. Masalan, Galaktikalar spektrida chiziqlarning qizilga siljishi (Dopler effekti). Aniq fizik ma’lumotlar yoritqich spektrini fotometriyalash yo’li bilan olinadi. Spektrda energiyaning taqsimlanishi yoritqichning temperaturasini o’lchashga, spektral chiziqlarni fotometriyalash yoritqich atmosferasining mikdoriy, kimyoviy tarkibini, temperaturasini, zichligini aniqlashga imkon beradi. Yulduzlarning kimyoviy tarkibi umuman olganda bir xil bo’lib, asosan, vodorod va geliydan iborat, ularning spektri tarkibiga va chiziqlarining intensivligiga ko’ra bir-biridan farq qiladi. Spektral chiziqlarning intensivligiga ko’ra yulduzlar spektral sinflarga ajratilgan. Bunday ajralish asosida temperaturalarning har xilligi yotadi. Yulduzlarning spektral sinfi bilan ularning yorqinligi (to’la energiyalari) orasida bog’lanish mavjud. U spektr-yorqinlik yoki Gershprung-Ressel diagrammam deyiladi. Osmon yoritqichlaridagi barcha kimyoviy elementlar yerda ham bor. Ba’zi elementlar (masalan, geliy) avval Quyosh, yulduz va tumanliklarda, keyinchalik esa yerda topilgan. Spektral tahlil osmon yoritqichlarini o’z o’qi atrofida, qo’shaloqligi ko’rinmaydigan zich juft yulduzlarning umumiy massa markazi atrofida aylanishini (spektral qo’shaloq yulduzlar) o’lchashga va o’rganishga, yoritqichlarning magnit maidonini o’lchashga imkon beradi. Isroil Sattorov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi