ASQAR PICHOQSOZ



ASQAR PICHOQSOZ (asli nomi Asqarxo’ja Oysarxo’ja o’g’li, 1878 — Andijon viloyati Qo’rg’ontepa tumanidagi Qorasuv qishlog’i — 1964) — pichoqsoz usta. Qorasuv pichoqsozlik maktabining yirik vakili. Pichoqsozlik hunarini usta To’xtasindan o’rgangan. Qorasuv va Shahrixonda pichoqsozlik qilgan. Asqar pichoqsoz a’lo nav po’latdan yupqa, ixcham, keskir, silliq va g’oyat naqshdor pichoqlar yasagan. 2-jahon urushi davrida o’zbek jangchilari uchun qilich va pichoq yasagan. 1948 yildan Qorasuvda tashkil etilgan artelda ishlagan. Ustaning o’z o’g’illari bilan yasagan pichoqlari Andijon, O’sh, O’zgan, Jalolobod va boshqa joylarda “Qorasuv pichog’i” nomi bilan mashhur. Asqar pichoqsoz ishini o’g’li Bakirjon Asqarov va uning shogirdi Akromjon Toshboyevlar davom ettirmoqda.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi



Uzpedia.uz