ASIDOZ
ASIDOZ (Yunoncha acidus — nordon) — organizmda (qon va suyuqliklarda) kislota-ishqor muvozanatining buzilishi: bunda ishqoriy kationlar bilan kislota anionlari o’rtasidagi nisbat o’zgarib, anionlarning ko’payib ketishi tomonga siljish ro’y beradi. Asidozning kelib chiqish sababiga ko’ra, gazli, gazsiz, moddalar almashinuvi bilan bog’liq va boshqa xillari farq qilinadi. Bunda organizmda normal sharoitda me’yori bilan parchalanadigan va tezda chiqib ketadigan kislotali moddalar ortiqcha hosil bo’lib, qonda va to’qimalarda ularning kontsentrasiyasi ko’payib ketadi. Asidoz uncha baland bo’lmasa, organizm to’qimalaridagi reaktsiya deyarli o’zgarmaydi. Lekin Asidoz ancha zo’rayib ketganda organizm zaharlanib, unda talaygina o’zgarishlar (ayniqsa og’ir kechadigan qandli diabet) ro’y beradi: bemorning tobora tinkasi qurib, boshi og’riydi, ko’ngli aynib, qayt qiladi. Hadeb mudraydi, hushidan ketadi. Asidoz ro’y berganda darhol vrachga murojaat etish kerak.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz