ASHXOBOD



ASHXOBOD (turkmancha Ashgabat; Arabcha — oshiq va fors— obod; 1919 yilgacha Asxobod, 1927 yilgacha Poltorask) — shahar, Turkmaniston poytaxti (1924 yil oktabrdan). Kopetdog’ tizmasining shimol etaklarida, Axal vohasida. Xalqaro temir yo’l o’tgan. Havo yo’llari xalqaro ahamiyatga ega. Ashxobod yaqinidan Qoraqum kanali o’tadi. Aholisi 412,8 ming kishi (1999). Ashxobod o’rnida qadimda karvon yo’li ustida joylashgan manzilgohlar bo’lgan. Ashxobod 1881 yil qadimgi Asxobod qishlog’i o’rnida Rossiya mustamlakachi qo’shinlarining harbiy istehkomi sifatida vujudga kelgan. Keyinroq Zakaspiy viloyatining ma’muriy markazi. Ashxobodning vujudga kelishida uning muhim karvon yo’llari ustida joylashganligi katta rol o’ynagan. 1885 yil Asxobod —Kaspiy va 1899 yil Asxobod — Toshkent temir yo’l liniyalarining qurilishi Ashxobodda sanoatning rivojlanishiga olib keldi. 1917 yil dekabrda Ashxobodda hokimiyatni bolsheviklar egallab, sho’rolar hokimiyatini o’rnatdi. 1918 yil 17 iyunda bolsheviklar rejimiga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olon sho’rolar tomonidan shafqatsiz bostirildi. 1918 yil 11-12 iyulda Ashxobodda hokimiyat eserlar (oq gvardiyachilar) qo’liga o’tdi. 1919 yil 9 iyulda shaharni yana bolsheviklar egallab oldi. 1924 yilgacha Ashxobod Turkiston ASSRning viloyat markazi. 1924 yil 27 oktabrdan Turkmaniston poytaxti va 1927 yildan Ashxobod nomini oldi. 1948 yilgi Ashxobod zilzilasida shahar butunlay vayron bo’ldi. Ashxobod — yirik sanoat, ma’muriy va madaniyat markazi. Yetakchi sanoat tarmoqlari — mashinasozlik va metallsozlik. Shuningdek kimyo-farmatsevtika, oyna, yengil (ip-gazlama, ipak, poyabzal, gilam to’qish va boshqalar), oziq-ovqat (go’sht, vino, un, tamaki) sanoati rivojlangan. Matbuot uyi, kinofabrika bor. Ashxobod — muhim madaniyat markazi. Turkmaniston Fanlar Akademiyasi, 8 oliy o’quv yurti (shu jumladan Turkmaniston universiteti), 4 teatr (shu jumladan, Turkmaniston opera va balet teatri), tasviriy san’at muzeyi, tarix muzeyi, tarix-o’lkashunoslik muzeyi (1881 yilda asos solingan), “Niso” tarix-madaniyat qo’riqxonasi mavjud. Ashxobodda “Turkmaniston”, “Ilm” nashriyotlari, radio va televideniye, telemarkaz, Turkmaniston telegraf agentligi bor. Turkman va rus tillarida gazeta va jurnallar nashr etiladi. 1968 yildan “Ashxobod oqshomi” shahar gazeta nashr etiladi. 20-asr boshida shaharda to’g’ri burchakli kesishgan ko’chalar bilan birga radial yo’nalishli ko’chalar ham bo’lgan; uylar asosan paxsadan qurilgan. Keyingi vaqtlarda shahar kengaydi va zamonaviy uylar qad ko’tardi. 1948 yilgi zilziladan keyin Ashxobod butunlay qayta tiklandi. Ko’p qavatli zilzilabardosh turar joy va jamoat binolari qurildi. 50-90-yillarda bunyod etilgan inshootlar orasida hukumat uyi binosi, Turkmaniston Fanlar Akademiyasi majmuasi, Mulla nafas nomidagi Akademik drama teatri, qishloq xo’jaligi instituti, universitet, tasviriy san’at muzeyi, “Tinchlik” kinokontsert zali, Markaziy maydondagi Davlat kutubxonasi binosi, “Ashxobod”, “Inturist” va boshqa mehmonxonalar bor. 1941— 45 yillardagi urushda halok bo’lgan jangchilarga yodgorlik o’rnatilgan. 1991 yildan keyin poytaxtda Sharq me’moriy uslubi bilan uyg’unlashgan holda ko’plab yangi binolar, jumladan prezident saroyi va boshqalar bunyod etildi. Ashxoboddan 39 kilometr narida, Kopetdog’ning shimoliy-Sharqiy yon bag’irlarida Feruza kurort shaharchasi joylashgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz