ARTEZIAN QUDUG’I



ARTEZIAN QUDUG’I – artezian suvlari chiqadigan burg’i qudug’i. Yer osti suvlaridan xalq xo’jaligida foydalanish maqsadlarida qaziladi. Artezian qudug’i artezian suvli qatlamning joylashish chuqurligiga qarab ayrim hollarda 3000 — 5000 metrga yetishi mumkin. Ichimlik suv olish, yaylovlarni suv bilan ta’minlash, yerlarni sugorishda asosan 500 — 1000 metrgacha chuqurlikdagi suvlar o’zlashtirilgan. Chuqur Artezian qudug’i mineral, termal yoki sanoatda xom ashyo sifatida ishlatiladigan artezian suvlarini chiqarish uchun quriladi. Artezian qudug’idan suv sarfiga qarab turli usullarda chiqariladi; yo o’zi otilib chiqadi yoki ATN, NA, VP, ETSV va shu kabi markali turli artezian nasoslaridan foydalaniladi. Artezian qudug’ining asosiy elementlari: maxsus shurfga tsement qorishmasi bilan mustahkam o’rnatilgan konduktor yo’naltiruvchi quvur; suv to’plovchi quvurlar; tindirgich. Artezian qudug’i og’zida suv sathini aniqlaydigan va tarkibini tekshirish uchun namuna oladigan, suv sarfini o’lchaydigan va tartibga soladigan moslamalar o’rnatiladi. Sug’orishda foydalaniladigan Artezian qudug’ining suv berishi 50, ba’zan esa 100 l/s gacha yetadi. O’rta Osiyoda 25 mingdan ortiq Artezian qudug’i qazilgan. Uning 5000 ga yaqinidan suv o’zi otilib chiqadi. O’zbekistonda 10046 artezian va drenaj quduqlari bor (1999).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz