ARNASOY TUMANI
ARNASOY TUMANI – Jizzax viloyatidagi tuman, 1975 yil 26 noyabrda tashkil etilgan. Shimol va shimoli-g’arbda Forish, Janubda Zafarobod, Janub-Sharqda Paxtakor, Sharqda Do’stlik, shimol-Sharqda Mirzacho’l tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,49 ming kilometr kvadrat. Aholisi 40,0 mingdan ortiq kishi (1999). Arnasoy tumanida 6 qishloq fuqarolari yig’ini (Do’stlik, Zarafshon, Usmon Yusupov, Cho’lquvar, Yangibo’ston, G’alaba) bor. Markazi — G’oliblar qishlog’i. Tabiati. Tuman relyefi asosan tekislik va pasttekisliklardan iborat. Yer yuzasi shimol va shimol-g’arbdan Janub va Janubi-sharqqa tomon asta-sekin ko’tarila boradi. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — gradus, — 5°, iyulniki 30° gacha. Yiliga o’rtacha 150 — 300 millimetr yog’in tushadi. Arnasoy tumanining shim. qismida Aydar ko’li joylashgan. Tuprog’i asosan bo’z-qo’ng’ir tuproq, shimol-Sharqiy qismida qisman sho’rxoklar bor. Tumanning cho’l joylarida chala butalar, saksovul, efemer va efemeroidlar o’sadi. Kemiruvchilardan qo’shoyoq, yumronqoziq, quyon; sudralib yuruvchilardan kaltakesak, ilonlar; yirtqichlardan bo’ri, tulki, bo’rsiq; hasharotlardan chayon, falanga; qushlardan to’rg’ay, so’fito’rg’ay, boyo’g’li yashaydi. Arnasoy tumani hududida Arnasoy davlat ornitologiya buyurtma hududi tashkil etilgan. Aholisi: asosan, o’zbeklar; shuningdek rus, qozoq, tojik, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 kilometr kvadratga o’rtacha 16 kishi. Xo’jaligi. Arnasoy tumani xo’jaliklari paxtachilik, g’allachilik, polizchilik, chorvachilik, baliqchilikka ixtisoslashgan. Paxta tozalash zavodi, 5 paxta tayyorlash punkti bor. Arnasoy tumanida 7 jamoa xo’jaligi, 11 tokchilik xo’jaligi mavjud. 20 ming gektar yerga paxta, 5 ming gektar yerga g’alla, qariyb 1000 gektar yerga sabzavot ekiladi; tokzor va bog’lar 1000 gektarni tashkil qiladi. 1996/97 o’quv yilida 11 umumiy ta’lim maktabida 4 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oldi. 15 bolalar bog’chasida qariyb 2100 bola tarbiyalanmoqda. 4 klub, 2 madaniyat markazi, 10 kutubxona, 2 kasalxona, 2 ambulatoriya bo’lib, 50 vrach, 150 dan ziyod o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. “Arnasoy tongi” tuman gazetasi 1977 yildan chiqadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
TELEGRAM XIZMATLAR
Kanal va guruhlar uchun o'zbek obunachilar
Kanalga o'tish
Uzpedia.uz