ANZ








Ayollarga nisbatan zoʻravonlik (en: VAW, inglizcha: Violence against women), shuningdek, genderga asoslangan zoʻravonlik, jinsiy va jinsga asoslangan zoʻravonlik (inglizcha: sexual and gender-based violence, SGBV) nomlari bilan ataluvchi, asosan, xotin-qizlarga nisbatan qilinajak zoʻravonlik harakatlari majmuidir. Ushbu toʻplamga kiruvchi jinoyatlar, ayollar va qizlarga, ularning jinsi uchun sodir etiladigan nafrat jinoyati boʻlib, ushbu holat turli shakllarda namoyon boʻladi.


Ayollarga nisbatan zoʻravonlik (qisqartma sifatida: ANZ) holatlari juda uzoq tarixga ega. Bunday zoʻravonlik hodisalari va ularning intensivligi vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib borgan hamda bugungi kunda ham jamiyatlar orasida farqlanadi.
Ushbu holatlarga, koʻpincha, jamiyatda yoki shaxslararo munosabatlarda ayollarni boʻysundirish mexanizmi sifatida qaraladi. Bu kabi jinoyatlar huquqbuzarlik, ustunlik, misoginiya yoki shunga oʻxshash munosabatlarda jinoyatchining ayollarga nisbatan zoʻravon tabiatini yuzaga keltirishi mumkin.


Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning „Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish to‘g‘risidagi deklaratsiyasi“da "ayollarga nisbatan zoʻravonlik — erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tarixan teng boʻlmagan kuch munosabatlarining koʻrinishi" va "ayollarni erkaklar bilan solishtirganda boʻysunuvchi mavqeʼga majburlashning muhim ijtimoiy mexanizmlaridan biri.", deya taʼkidlangan.


BMTning sobiq Bosh kotibi Kofi Annan tashkilotning Ayollar uchun Taraqqiyot Jamgʻarmasi (UNIFEM) vebsaytida eʼlon qilingan 2006-yilgi hisobotida shunday deydi:



Ayollar va qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlari pandemiya darajasidagi muammodir. Dunyo boʻylab har uch ayoldan kamida bittasi hayoti davomida kaltaklanish, jinsiy aloqaga majburlanish yoki boshqa yoʻl bilan zoʻravonlikka duchor boʻlish holatlaridan aziyat chekkan[5].



Taʼrifi





Ayollarga nisbatan zoʻravonlik va oiladagi zoʻravonliklarni bartaraf etishga qaratilgan bir qator xalqaro hujjatlar turli xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan. Ushbu hujjatlar, odatda, bu kabi amaliyotlarga qarshi kurashish maqsadida "zoʻravonlik tushunchasi" nima ekanligini taʼriflash bilan boshlanadi. Yevropa Kengashining Istanbul konvensiyasi (Yevropa Kengashining ayollarga nisbatan hamda oilalardagi zoʻravonlik holatlarining oldini olish va unga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi konvensiyasi) „ ANZ“ni "inson huquqlarining buzilishi va ayollarga nisbatan kamsitishning bir shakli" sifatida tavsiflaydi hamda uning taʼrifini "xotin-qizlarga jismoniy, jinsiy, psixologik hamda iqtisodiy zarar yoki azob-uqubatlarga olib keladigan, genderga asoslangan zoʻravonlikning barcha harakatlari, shu jumladan, jamoat yoki shaxsiy hayotda sodir boʻlishidan qatʼi nazar, bunday harakatlar bilan tahdid qilish, majburlash yoki oʻzboshimchalik bilan ozodlikdan mahrum qilish holati", deya izohlaydi.


Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1979-yildagi Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiyasi (CEDAW)da ANZ boʻyicha tavsiyalar berilgan, Vena deklaratsiyasi va Harakat dasturida esa ANZ haqida soʻz yuritilgan. Biroq, 1993-yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining „Ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish borasidagi deklaratsiya“ toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasi ANZni aniq belgilab bergan va mavzuni batafsil bayon etgan birinchi xalqaro hujjat boʻlgan. „Ayollarga nisbatan zoʻravonlik“ning boshqa taʼriflari 1994-yildagi „Ayollarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish, jazolash va yoʻq qilish toʻgʻrisidagi“ Amerikalararo konvensiyada va 2003-yil Maputo protokolida bayon etilgan.


Bundan tashqari, „ genderga asoslangan zoʻravonlik“ atamasi "ayollarga jismoniy, jinsiy yoki ruhiy jihatdan zarar yetkazish va azoblash uchun moʻljallangan hamda ayollarga ular ayol jinsiga mansub boʻlganligi uchun nomutanosib ravishda taʼsir qiladigan har qanday tahdidiy xatti-harakatlar"ni anglatadi. „Gender asosidagi zoʻravonlik“ koʻpincha „ayollarga nisbatan zoʻravonlik“ atamasi bilan almashtiriladi va u haqidagi baʼzi maqolalar ushbu zoʻravonlikning asosiy aybdorlari erkaklar ekanligini taʼkidlagan holda ushbu tushunchalarni takrorlaydi. Bundan tashqari, 19930yildagi „Ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish toʻgʻrisidagi deklaratsiya“da koʻrsatilgan taʼrif zoʻravonlik atamasi genderga asoslangan atama bilan birgalikda ishlatilganda „zoʻravonlik jinoyati erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tengsizlikdan kelib chiqadi“, degan tushunchani ham qoʻllab-quvvatlaydi.


Yevropa Kengashi Vazirlar Qoʻmitasi aʼzo davlatlarning 5-Tavsiyasi (2002-yil)da ayollarni zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha ANZ „quyidagilarni oʻz ichiga oladi, lekin ular bilan cheklanmaydi“, deya belgilangan:



a. Oilada yoki maishiy birlikda sodir boʻlgan zoʻravonlik, shu jumladan, jismoniy va ruhiy tajovuz, hissiy va ruhiy zoʻravonlik, zoʻrlash va jinsiy zoʻravonlik, qarindosh-urugʻlar, turmush oʻrtoqlar, doimiy yoki vaqtinchalik sheriklar va birga yashovchilar oʻrtasidagi zoʻrlash, nomusga tajovuz jinoyatlari, ayol jinsiy aʼzolarini kesish va ayollar uchun zararli boʻlgan boshqa anʼanaviy amaliyotlar, masalan, majburiy nikoh;
b. Umumiy jamiyatda sodir boʻladigan zoʻravonlik, jumladan, zoʻrlash, jinsiy zoʻravonlik, jinsiy zoʻravonlik va ishda, muassasalarda yoki boshqa joylarda jinsiy ekspluatatsiya, iqtisodiy ekspluatatsiya va jinsiy turizm maqsadlarida ayollar savdosi;
c. Davlat yoki uning mansabdor shaxslari tomonidan sodir etiladigan zoʻravonliklar;
d. Qurolli mojaro holatlarida ayollarning xalqaro normalardagi inson huquqlarini buzish, xususan, garovga olish, majburiy koʻchirish, muntazam zoʻrlash, jinsiy qullik, majburiy homiladorlik va jinsiy ekspluatatsiya va iqtisodiy ekspluatatsiya maqsadlarida odam savdosi.
ANZning genderga asoslangan taʼriflari baʼzilar tomonidan qoniqarsiz va muammoli deb hisoblanadi. Ushbu taʼriflar jamiyatni patriarxal deb tushunish asosida konsepsiyalashtirilgan boʻlib, erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tengsiz munosabatlarni anglatadi. Bu kabi fikrlarning muxoliflari taʼriflar erkaklarga nisbatan zoʻravonlikni eʼtiborsiz qoldirishini va genderga asoslangan zoʻravonlikda qoʻllanilgan gender atamasi faqat ayollarni nazarda tutadi, deya ushbu atamani qoralashadi. Boshqa tanqidchilar gender atamasini bu tarzda qoʻllash ayol jinsiga mansublar uchun boʻysunish hamda erkaklar uchun ustunlik tushunchalarini keltirib chiqarishi mumkin, deb taʼkidlaydilar. Erkaklik va ayollik qarama-qarshiliklarini takrorlashga moyil boʻlgan, ayollar uchun emas, balki umumgenderga asoslangan zoʻravonlikning barcha oʻlchovlarini keng qamrovda qabul qiladigan taʼrif mavjud emas.




Tarixi







Umumiy koʻrinish



Ayollarga nisbatan zoʻravonlik tarixi ilmiy adabiyotlarda noaniq boʻlib qolmoqda. Bu qisman ayollarga nisbatan zoʻravonlikning koʻp turlari (ayniqsa, zoʻrlash, jinsiy zoʻravonlik va oilaviy zoʻravonlik) kam xabar qilinganligi, koʻpincha ijtimoiy normalar, tabular, stigma hamda mavzuning nozik tabiati tufayli boʻlishi mumkin. Bugungi kunda ham ishonchli va uzluksiz maʼlumotlarning yetishmasligi ayollarga nisbatan zoʻravonlik haqida aniq tasavvurni shakllantirishga toʻsqinlik qilayotgani keng eʼtirof etilgan.


Ayollarga nisbatan zoʻravonlik tarixini kuzatish qiyin boʻlsa-da, zoʻravonlikning katta qismi qabul qilingani, kechirilgani va hatto qonuniy ruxsat etilganligi olimlarga maʼlum. Masalan, Rim qonunchiligi erkaklarga oʻz xotinlarini hatto oʻlimgacha jazolash huquqini berganligi va jodugarlarni yoqish jazosi ham cherkov, ham davlat tomonidan maʼqullangan (garchi bu faqat ayollarga nisbatan qoʻllanilmagan boʻlsa ham).


Ayollarga nisbatan zoʻravonlik tarixi ayollarning mulk sifatidagi tarixiy qarashlari va boʻysunishning gender roli bilan chambarchas bogʻliq. Ayollarga nisbatan zoʻravonlik koʻlami va tarixini tushuntirish uchun patriarxat va umumiy dunyo tizimi yoki gender tengsizliklari mavjud boʻlgan va davom etuvchi maqomlar haqidagi tushuntirishlar keltirilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ayollarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi (1993)da shunday deyiladi:



Ayollarga nisbatan zoʻravonlik erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tarixan teng boʻlmagan kuch munosabatlarining namoyon boʻlishi, bu erkaklar tomonidan ayollar ustidan hukmronlik qilish va kamsitishlarga, shuningdek, ayollarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishga ayollarning har tomonlama rivojlanishi va ayollarga nisbatan zoʻravonlik ayollarni erkaklarnikiga nisbatan quyi mavqeʼga majburlashning hal qiluvchi ijtimoiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi[30][31].


Birlashgan Millatlar Tashkilotiga koʻra: „dunyoda ayollarning zoʻravonlikka qarshi himoyalanishi taʼminlanmagan biror bir mamlakat va madaniyat yoʻq“. Zoʻravonlikning bir necha shakllari dunyoning ayrim qismlarida, koʻpincha rivojlanayotgan mamlakatlarda keng tarqalgan. Misol sifatida qaraydigan boʻlsak, sehr qilganligini uchun jazolash va kelin kuydirish „marosimlari“ Hindiston, Bangladesh va Nepal kabi davlatlarda, kislota sepish holatlari, asosan, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, jumladan Kambodjada, nomusga tajovvuz qilish Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlarida, ayol jinsiy aʼzolarini kesish jinoyati Afrika mamlakatlarida, Yaqin Sharq va Osiyoning boshqa qismlarida (nisbatan kamroq darajada) uchraydi. O‘g‘irlab ketish yo‘li bilan turmush qurish Efiopiya, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarida kuzatiluvchi holatlardan biridir. Kelin uchun tovon toʻlash (kelinni sotish, qalin puli) bilan bogʻliq suiisteʼmollik (zoʻravonlik, odam savdosi va majburiy nikoh) holatlari Sahroi Kabir mamlakatlaridan to Janubiy Afrika va Okeaniya mintaqalarigacha boʻlgan hududlarda keng tarqalgan holatlar sanaladi.


Baʼzi hududlarda, jumladan, Janubiy Yevropa va Oʻrta yer dengizi mamalakatlarida, endilikda zoʻravonlikning oʻziga xos shakli — nomusga tajovvuz qilish jinoyatlari hozirda qonun yoʻli bilan bartaraf etilgan. Masalan, Italiyada 1981-yilgacha Jinoyat kodeksi ayol jinsiga mansub shaxsning yoki uning jinsiy sherigining shaʼni bilan bogʻliq sabablarga koʻra, oʻldirishda jazoni yengillashtiruvchi holatlarni nazarda tutgan edi.


Ayollarga nisbatan zoʻravonlikning alohida shakllarini tushuntirish uchun madaniyatga murojaat qilish holati ularni qonuniylashtirish xavfini tugʻdiradi. Madaniy anʼanalar, mahalliy urf-odatlar va ijtimoiy umidlar, shuningdek, dinning turli talqinlari haqoratli amaliyotlar bilan oʻzaro taʼsir qilishi mumkinligi haqida bahs va munozaralar mavjud. Xususan, ayollarga nisbatan zoʻravonlik harakatlarining madaniy asoslari koʻplab mamlakatlardagi baʼzi ijtimoiy guruhlar tomonidan oʻz anʼanalarini himoya qilishga daʼvogarlik qilishlariga sabab boʻlmoqda. Ular keltirgan asoslar shubhalidir, chunki mudofaa odatda taʼsirlanganlar tomonidan emas, balki siyosiy rahbarlar yoki anʼanaviy hokimiyat tomonidan amalga oshiriladi. Madaniyatga taʼsirchanlik va hurmatga boʻlgan ehtiyoj eʼtibordan chetda qoldirilmaydigan elementlardir. Bu kabi holat va voqeʼliklar taʼsirida bir qator nozik munozaralar yuzaga qalqib chiqdi va hamon davom etmoqda.


XX-XXI asrlarda, xususan, 1990-yillardan boshlab ayollarga nisbatan zoʻravonlikning barcha turlarini oldini olish boʻyicha tadqiqot, xabardorlikni oshirish va targʻibot qilish boʻyicha ham milliy, ham xalqaro miqyosda faollik oshirildi. Koʻpincha ayollarga nisbatan zoʻravonlik sogʻliqni saqlash muammosi, shuningdek, inson huquqlarining buzilishi sifatida koʻrib chiqiladi. 2002-yilda oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, dunyodagi har besh ayoldan kamida bittasi hayoti davomida erkak jinsiga mansub shaxs tomonidan jismoniy yoki jinsiy zoʻravonlikka duchor boʻlgan. Xususan, „genderga asoslangan zoʻravonlik holatlari 15—44 yoshdagi ayollarning oʻlimi va sogʻligʻining yomonlashishiga, saraton, bezgak kabi kasaliklarga chalinish, yoʻl-transport hodisalariga duchor boʻlish holatlarining umumiy natijasidan yuqori koʻrsatgichga egadir“.


Oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasida ayollarga nisbatan zoʻravonlikning maʼlum xususiyatlari paydo boʻla boshladi. Misol uchun, ayollarga nisbatan zoʻravonlik harakatlari koʻpincha oʻziga xos, bir marotabalik epizodlar emas, balki davomiy ravishda kuzatiladi. Koʻpincha, zoʻravonlik notanish odam tomonidan emas, balki ayol tanigan kishi tomonidan sodir etiladi. Ushbu tadqiqotlarda ayollarga nisbatan zoʻravonlik ayollar va bolalar salomatligi hamda farovonligiga halokatli taʼsir koʻrsatadigan ogʻir va keng tarqalgan muammo ekanligi haqida ishonchli dalillar keltirilmoqda.



Muhim voqealar



Ayollarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha xalqaro miqyosdagi eng muhim bosqichlardan baʼzilari quyidagilardir:




Jamiyatga taʼsiri



Health and Human Rights jurnalida chop etilgan maqolaga koʻra, koʻp yillik targʻibot va koʻplab feministik faol tashkilotlarning ishtirokidan qatʼiy nazar, ayollarga nisbatan zoʻravonlik masalasi hali ham „dunyo boʻylab inson huquqlari buzilishining eng keng tarqalgan shakllaridan biri“ boʻlib qolmoqda. Ayollarga nisbatan zoʻravonlik jinoyati ular hayotining ham davlat, ham shaxsiy sohalarida istalgan vaqtida sodir boʻlishi mumkin. Ushbu jinoiy holat koʻpincha ayollarni oʻz jamiyatlarining ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy rivojlanishiga toʻliq hissa qoʻshishiga toʻsqinlik qiladi. Koʻpgina ayollar bunday zoʻravonlik tahdidlaridan qoʻrqishadi. Bu esa ularning hayotiga taʼsir qilish bilan birga, ayollarning oʻz huquqlaridan foydalanishlari uchun toʻsqinlik qiladi. Misol uchun, ular oʻz jamiyatlarining jtimoiy, iqtisodiy va siyosiy rivojlanishiga hissa qoʻshishdan qoʻrqishadi. Bundan tashqari, ANZ yoki genderga asoslangan zoʻravonlikni qoʻzgʻatuvchi sabablar faqat jins masalasidan tashqari, yosh, sinf, madaniyat, etnik kelib chiqish, din, jinsiy orientatsiya va ular kelib chiqishining oʻziga xos geografik hududi masalalariga ham bogʻliq boʻlishi mumkin.


Eng ahamiyatlisi, ijtimoiy boʻlinishlar masalasidan tashqari, gender zoʻravonligi sogʻliqni saqlash muammolari sohasiga kirib borishi va sogʻliqni saqlash sohasining bevosita tashvishiga aylanishi ehtimolga yaqinligidir. OIV/OITS kabi sogʻliq bilan bogʻliq muammolar zoʻravonlikka olib keladigan yana bir sababdir. Ushbu turdagi kasallikka chalingan ayollar zoʻravonlik nishonlariga eng koʻp duchor boʻladiganlar sirasiga kiradi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) ayollarga nisbatan zoʻravonlik sogʻliqni saqlash xizmatlariga ortiqcha yuk boʻlishini bildiradi. Chunki zoʻravonlikdan jabr koʻrgan ayollar, zoʻravonlikdan aziyat chekmagan ayollarga qaraganda, tibbiy xizmatlarga koʻproq ehtiyoj bildirishadi. ANZ iborasini, shu jumladan, sogʻliqni saqlash tizimining muhim muammosi sifatida tushunishni tasdiqlovchi yana bir bayonot Yevropa Kengashi tomonidan qabul qilingan tavsiyanomada yaqqol koʻrinib turiadi. Ushbu nomada keltirilishicha, xususiy sohada, uyda yoki oiladagi zoʻravonlik ayollar orasida qayd etilayotgan „oʻlim va nogironlik“ holatlarining asosiy sababi boʻlim qolmoqda.


Bundan tashqari, bir nechta tadqiqotlar ayollarga yomon munosabatda boʻlish va xalqaro zoʻravonlik oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsatdi. Ushbu tadqiqotlarda aytilishicha, millatlararo va ichki zoʻravonlikning „eng yaxshi“ koʻrsatkichlaridan biri bu jamiyatda ayollarga nisbatan yomon munosabatdir.



Yana qarang




Manbalar




Adabiyotlar




Havolalar









uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz