ANTRE
ANTRE (Fransuzcha entree — kirish, sahnagachiqish) — 1) Yevropada—o’rta asrlarda maxsus kiyingan qahramonlarning musiqa, ashula va raqs jo’rligida ziyofat yoki bal kechalariga raqsga tushib kirishi; mehmonlarning tantanavor yurib zalga chiqishi; 2) 17 — 18-asrlarda raqs va pantomima vositasida balet qismini namoyish qiluvchi bir yoki bir necha raqqos va raqqosalar guruhining chiqishi; 3) 19 — 20-asr baletida kengaytirilgan kirish qismi, raqqosa va raqqosning umumiy chiqishi. Bular maxsus intrada deb ataluvchi musiqa asarlariga zamin bo’lgan; 4) tsirkda ilgari: masxarabozlarning manejda paydo bo’lishi; hrzir: masxaraboz yoki qiziqchilarning so’zlashish yoki pantomima orqali bir-biriga tushuntirish sahnasi. O’zbek masxaraboz va qiziqchilari ijodida Antrega o’xshash tomoshalar mavjud: korfarmon bilan masxarabozlar dialogi (“Qozi”, “Sartarosh”, “Shayton”, “O’lik sotdi” va boshqalar). Zamonaviy o’zbek tsirkida A. Yusupov, G. Zastavnikov, P. Borovikov, Papsik (P. Ulyanov) va boshqalar ijodida Antre katta o’rin tutgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz