Anastasiya Miroshnichenko
Anastasiya Olegovna Miroshnichenko (ruscha: Анастасия Олеговна Мирошниченко; 2004-yil 30-martda tavallud topgan) — oʻzbekistonlik sport gimnastikachi. Anastasiya Miroshnichenko oʻsmirlar oʻrtasidagi ilk jahon chempionatida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan.
Yoshlik yillari
Miroshnichenko O‘zbekiston Respublikasi Farg‘ona viloyatida dunyoga kelgan. 2008-yildan badiiy gimnastika bilan shug‘ullana boshlagan va 2013-yilda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan joy olgan.
Sport karyerasi
Yoshlar oʻrtasidagi musobaqalardagi ishtiroki
2017-yil Anastasiya Miroshnichenko xalqaro miqyosdagi debyutini Minskda bo‘lib o‘tgan Respublika ochiq musobaqalarida o‘tkazadi va gimnastikaning ko‘pkurash, tayanib sakrash va polda mashq bajarish turlari bo‘yicha birinchi o‘rinni, parallel bruslarda mashq bajarish boʻyicha bronza medalini qo‘lga kiritadi. Keyinchalik oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida ham ishtirok etadi. Miroshnichenko ko‘pkurash bahslari bo‘yicha 10-o‘rin, parallel bruslar va polda mashq bajarish bo‘yicha 5, tayanib sakrash mashqlari bo‘yicha 7-o‘rinni egallaydi. 2017-yilgi Voronin kubogida ham ishtirok etadi va koʻpkurash bahslarida rossiyalik Aleksandra Shchekoldina va Vladislava Urazovalardan keyin bronza medalini qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari, u tayanib sakrash va parallel bruslarda mashq bajarish boʻyicha toʻrtinchi, polda mashq bajarish boʻyicha oltinchi va yakkachoʻpda muvozanatni saqlash turida yettinchi oʻrinni egallaydi.
2018-2019-yillar Anastasiya Miroshnichenko 2018-yilgi mavsumni Olmaota shahrida boʻlib oʻtgan Prezident kubogi bahslarida boshlaydi. Sportchi ko‘pkurash, tayanib sakrash va yakkachoʻpda muvozanatni saqlash turlari bo‘yicha oltin medalni, parallel bruslarda mashq bajarish boʻyicha kumush medalni qoʻlga kiritadi va polda mashq bajarish bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallaydi. Anastasiya 2018-yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ham ishtirok etib, ko‘pkurash bo‘yicha yettinchi, tayanib sakrash va parallel bruslarda mashq bajarish boʻyicha to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.
2019-yilning iyun oyida Miroshnichenko oʻsmirlar oʻrtasida oʻzining ilk jahon chempionatida Dildora Aripova va Anna Silnova bilan birga ishtirok etadi. Anastasiya ko‘pkurashda 33-o‘rinni egallaydi va oʻsha musobaqada eng yuqori o‘rinni egallagan o‘zbekistonlik gimnastikachi bo‘ladi. U saralash bosqichida sakrash mashqlari boʻyicha 15-oʻrinni egallagani bois musobaqa finalida ishtirok eta olmaydi.
Kattalar oʻrtasidagi musobaqalarda ishtiroki
2021-yil Miroshnichenko 2020-yildan kattalar oʻrtasidagi musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi, biroq oʻsha yili musobaqalarning aksariyati COVID-19 pandemiyasi tufayli bekor qilinadi yoki ortga suriladi. Miroshnichenko Varna Challenge Cup musobaqasida oʻzining ilk katta xalqaro debyutini oʻtkazadi va sakrash boʻyicha Coline Devillard, Uliana Perebinosova va hamyurtimiz Oksana Chusovitinadan keyin toʻrtinchi oʻrinni egallaydi. Oktyabr oyida Anastasiya Miroshnichenko Dildora Aripova, Giunaz Jumabekova va Ominaxon Xalilovalar bilan birgalikda Janubiy Markaziy Osiyo chempionatida ishtirok etadi. Ular jamoaviy bahslarda 1-oʻrinni, yakkalik oʻyinlarining ko‘pkurash bahslarida Miroshnichenkoning oʻzi g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Shuningdek, sportchi keyingi uchta musobaqa finaliga ham yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. Tadbir finalida Miroshnichenko tayanib sakrash va polda mashq bajarish boʻyicha oltin medal va Aripovaning orqasida parallel bruslarda mashq bajarish boʻyicha esa kumush medalga ega chiqadi.
2022-yil Yanvar oyida Miroshnichenko mashgʻulot paytida boʻyin umurtqasini shikastlab oladi va shu sababdan mavsumning qolgan qismida salomatligini tiklash maqsadida maydonga tushmaydi. May oyida esa xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga sazovor boʻladi.
Musobaqalar tarixi
Manbalar
uz.wikipedia.org