Amir Temur faoliyatining insoniyat tarixida tutgan o'rni




Amir Tarag‘ayning hikoya qilishicha, Amir Temurga ism tanlash maqsadida shayx Zaynuddin huzuriga borganida, u  Qur’oni Karim mutoalasi bilan band ekan. Uning huzuriga kirgan chog‘, u Mulk surasining mana bu oyatini qiroat qilib turgan ekan: „(Ey Makka kofirlari!) Yo sizlar osmondagi zot (Alloh) sizlarni yerga yuttirib yuborishidan, bas, birdaniga yer larzaga kelishidan (sizlarni halok qilishidan) xotirjammisiz (qo‘rqmaysizmi?)“. Larza so‘zi arabchada „Tamur“ tarzida talaffuz etiladi va u Temur talaffuziga yaqin. „Temur“ so‘zining talaffuziga o‘xshash tarzda uning „Larzaga soluvchi“ inson bo‘lishini istaganlari sababli shayx Zaynuddin Amir Temurga aynan shu nomni tanlagan bo‘lsalar kerak.[2.B-4]Chindan ham Amir Temur faqat Osiyoni emas, butun dunyoni larzaga soladigan davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan homiysi, yuksak vatanparvar, o‘zi barpo etgan ulug‘ saltanatni "Temur tuzuklari"dek oqilona qonunlari bilan mustahkamlagan shavkatli hukmdor. Dushmanlari uni "Temurlang" deb atashadi. Sababi uning bir oyog‘i oqsaydi. Shuningdek uni Eronda „Miri tabam“ — „Ulug‘ yo‘lboshchi“ deb ham atashgan. Amir Temur va Temuriylar davrida O‘rta Osiyoda maydonga kelgan buyuk svilizatsiya buyuk tarixiy shaxslarni — faylasuf donishmandlarni, shoir va sanʼatkorlarni, meʼmor va sohibi hunarlarni yetishtirdiki, ular o‘z navbatida jahon madaniy taraqqiyotini boyitishga hissa qo‘shganlar. Sohibqiron Amir Temur davrida O‘rta Osiyoning mustaqil bir davlat ostiga birlashtirilishi, mamlakat ichida tinchlik o‘rnatilishi shubhasiz mamlakatning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga ulkan taʼsir ko‘rsatdi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Amir Temur tengi yo‘q notiq bo‘lgan. Bir arab solnomasining guvohligiga asoslanib Barbara Brey esa o‘zining „Ibn Xaldun“ sarlavhali maqolasida Temur nutq so‘zlaganda „…qarashlari o‘tli, yoniq, ovozi yoqimli, jarangdordir“ deb ko‘rsatgan. „Temur tuzuklari“ning ko‘rsatishicha, Jahongir turli hududlarda 30dan ortiq  muhim kengash va qurultoylar o‘tkazgan. Amir temur oqil va odil shaxs bo‘lganliklarini „ Men tajribamdan shuni bildimki, yuz ming otliq askar ila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin ekan“ mana shu ham bizga kelib chiqayotgan mojarolarni urush yo‘li bilan emas, murosa-yu mudora yo‘li bilan olib borishga turtki bo‘lyapti desak xato bo‘lmaydi.[3.B.21]"Zafarnoma"da ko‘satilishicha, Amir Temur davlatni boshqarishda ilm-fan vakillariga, donolarning maslahatlariga suyangan. Buyuk shaxs qatʼiyatli bir so‘zli inson bo‘lganlarini „Chiqargan hukmimdan qaytmayman, unga xilof biron ish ham qilmayman“ deganlaridan ham bilsak bo‘ladi.[3.B.89]Biz bugungi kunda ana shunday qatʼiyatlilikni, jasurlikni, mardlikni shu shaxsdan o‘rganishimiz uchun davlatimiz rahbari 2017-yil iyuldagi „Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida“gi farmoniga muvofiq mamlakatimizdagi barcha akademik litseylarga "Temurbeklar maktabi" nomi berildi.Amir Temur adolatli hukmdor, uning adolatliligi shundaki, u har ishni o‘z kuchi bilan emas, balki qonunlar asosida, xususan, Qur’oni Karimga asoslanib, insoniylik nuqtai nazaridan kelib chiqib hal etdi va birinchi novbatda, norasida go‘daklarni avaylab, olim va adiblarni, hunarmandlarni himoyasiga oldi, davlatni yulg‘ichlardan, o‘g‘ri va kazzoblardan saqlab, hech qachon va hech qayerda birovning haqiga ko‘z olaytirmadi, „qayerdan bir g‘isht olgan bo‘lsa, o‘rniga o‘ntasini qo‘ydirdi“, „qayerdan bir daraxt kestirgan bo‘lsa, o‘rniga o‘nta nihol o‘tqazdi“. Inosoniyat shu kungacha yashab turibdiki, adolatni har narsadan ustun qo‘yadigan hukmdorlar hayotiga qiziqish katta bo‘lgan. Ana shunday zotlardan biri — buyuk bunyodkor, yengilmas sarkarda Amir Temurdir. Amir Temur o‘z asarida „Halollikni ilm bilan teng ko‘rgan olimlarni behad hurmat qilganman“ deb bitadi. Amir Temur obrazi nafaqat olim, tarixchi, sharqshunoslarni, balki musavvir, adib, shoir, dramaturglarni ham o‘ziga jalb qilib kelgan. Heydelberg tarixchilar maktabining namoyandasi Fridrix Shlosser „Yalpi tarix“ asarida Amir Temur to‘g‘risida yozarkan, unga „omadli jangchi, dunyoning yangi hukmdori … taktik va strategik bilimlarni uyg‘unlashtirgan inson“, deb taʼrif beradi. Ingliz tarixchisi Edvard Gubbon esa Amir  Temurning „oddiy bekdan to Osiyo hukmdori darajasiga ko‘tarilgani“dan hayratda qolganini yashirmaydi va uning "inson sifatida ham, hukmdor sifatida ham Yildirim Boyaziddan ustun turishini "alohida qayd etdi.[1.B.12-13]1996-yil O‘zbekistonda „Amir Temur yili“ deb eʼlon qilindi. YUNECKO qarorgohida  ul zot tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi. Samarqand, Shahrisabz shaharlarida bir-biridan ulug‘vor haykallari qad rostladi. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining tashabbusi bilan Toshkent shahrida Temuriylar tarixi davlat muzeyi bunyod etildi. Muzey xazinasida O‘zbekiston  tarixini aks ettiruvchi 3000dan ortiq eksponatlar joy olgan. Bular Amir Temur va Temuriylar davriga oid qo‘lyozmalar, yozishmalar, kumush va mis tangalar, Go‘ri Amir maqbarasidan olingan ashyolar, spool va mis buyumlar, meʼmoriy qoplamalar, XIX-XX asrlarga oid kitoblar va etnografik buyumlardir. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Geydar Aliyev muzey haqida shunday deydi:"Chuqur hayajon va katta hurmat ila ulug‘ Amir Temur muzeyi bilan tanishdim. Muzey eksponatlari buyuk davlat arbobi, sarkarda o‘zbek xalqining ulug‘ farzandi Amir temur haqida to‘laqonli maʼlumot beradi. O‘zbekiston xalqiga katta rahmat. Amir Temurning tarixiy merosiga avaylab, hurmat bilan qarash yuqori maʼnaviyat va donolik belgisidir . "[1.B.64] O‘n uchdan ortiq xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Temuriylarga oid ashyolarning ustalar tomonidan yasalgan nusxalari „Jahon xazinalaridagi Temuriylarga oid javohirlar“ ko‘rgazmasidan o‘rin olgan. Fransiyaning Parij shahrida „Temuriylar davri tarixi va sanʼatini o‘rganish Asotsatsiyasi“ hozirgi kunda samarali faoliyat olib bormoqda. 2016-yilning may oyida Amir Temur faoliyatining 680 yilligi munosabati bilan Parij shahrida va Niderlandiyaning Leyden universitetida ilmiy anjumanlar o‘tkazildi.Bular Amir Temur merosini o‘rganishga qaratilayotgan eʼtiborlar bugungi kunda yurtimizda va jahonda yanada ortayotganligidan dalolat beradi. Jahon tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qaysiki xalq o‘zligini, milliy qadriyatlarini qadrlab, yoshlar ongiga singdirishga jiddiy eʼtibor bermasa, bu holat maʼlum fojealarni keltirib chiqaradi. Ana shunday holatlarni nazarda tutgan holda biz O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining „O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q“ qabilidagi gaplarni esga olamiz. Bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev tashabbuslari bilan Vatan tarixiga, jumladan o‘zbek davlatchiligini har tomonlama yuksaltirgan Amir Temur davri tarixiga kata eʼtibor berilmoqda. 2019-yilning 1-sentabridan faoliyat ko‘rsatayotgan "O‘zbekiston tarixi " telekanalida  tariximizning dolzarb mavzulari, xususan, Amir Temur davri tarixiga oid ko‘rsatuvlar namoyish etilmoqda. Amir Temur va uning merosini o‘rganish, yosh avlodga tarix va madaniyatdan saboq berish borasida fikrlar yuritgan ingliz olimi Sigdem Balim-Xarding: „Biz yosh avlodga haqiqatni  qayerdan izlash, rost va yolg‘on axborot o‘rtasidagi tafovutni aniqlash to‘g‘risida aʼlo ravishda taʼlim berishimiz zarur. Tarix orqali o‘quvchilar o‘zlari va boshqalarning madaniyat va qadriyatlarini tushunib yetishlari, hurmat qilishlari lozim“deb yozgan edi. [1.B.29-30]Amir Temur vorislari hisoblangan mustaqil O‘zbekiston Respublikasi bugungi murakkab va shiddatli davrda muhtaram yurtboshimiz rahnamoliklarida har jabha keng ko‘lamli islohotlar orqali taraqqiy etib bormoqda.  Amir Temur maʼnaviyati, davlat boshqarish sanʼati, hayot yo‘li, o‘gitlari, ruhiyati mamlakatimizning yuksak marralarni zabt etishga ruhlantirishda va fuqarolarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

Manbalar

1.     „Amir Temur chet elliklar nigohida“;-Toshkent-2016.12-13,64.29-30-bet

2.     Marsel Brion „Menkim, Sohibqiron — Jahongir Temur“;-Toshkent-2018.4-bet

3.     „Temur tuzuklari“;-"Ilm — ziyo zakovat"Toshkent-2020.21,89-bet

uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz