Amir Temur




Amir Temur (Eski turkcha: امیر تیمور — Amir Temur) ( 1336-yil 8-aprel – 1405-yil 18-fevral) — oʻrta asrlarning buyuk turk askari va qoʻmondoni, Temuriylar imperiyasi asoschisi, Oltin O'rda, Mamluq sultonligi, Dehli sultonligi, Usmonli davlati, Kavkaz va Erondagi davlatlarni hammasini yengishi ortidan musulmon olamining mutloq yetakchisi, yeri 4,4 mln km² ga yetishgan 14-yuzyilliknig eng kuchli davlati quruvchisi, 35 yillik boshqaruvi va yurishlari chog'ida biror urushni yutqazmagan qo'shinboshi, tarixda ko'rilgan uchta buyuk harbiy-taktik lashkarboshilardan biri, Temurlilar uyg'onish davri yaratuvchisi, ilm-fan, meʼmorchilik, sanʼat va adabiyot homiysi.

Oilasi, shaxsiyati va kelib chiqishi



Temurbek shabon oyining yigirma beshida, hijriy yetti yuz oʻttiz oltinchi yilda (8.04.1336), oʻn ikki hayvonli Turk yilligiga koʻra Sichqon yilida Kesh shahri yaqinidagi Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida tulilgan. Ayricha amerikalik tarixchi Beatrice Forbes Manz xonim Temurbekning tug'ilgan yilini o'n to'rtinchi yuzyillikning yigirmanchi yillariga to'g'ri kelishini iddao etadi va bu shubhalanishiga vaj qilib Temurbekning 1336- yilda tug'ilganligi to'g'risidagi yozuvlar uning davridan keyin yozilganini va uning davriga oid bir nechta manbalardagi voqealarda Temurbekning yoshi uning 1320- yillar oxirida tug'ilganini ko'rsatishini aytadi(qarang, Tamerlane and the Symbolism of Sovereignty, B.F. Manz). Biroq birorta tarix kitoblarida Temurbekning tug'ilgan yili 1336-yil emas, balki boshqa yil ekanligi to'g'risida bilgi umuman uchramaydi.

Otasi Amir Taragʻay( o'rta chog' turkchasida Tarag'ay - qoraquyruq qushi) barlos qabilasining beklaridan biri va qabilaning asosiy 5 ta urug'idan birining yetakchisi edi(qarang, The rise and rule of Tamerlane, B.F. Manz va The Mongol Period B. Spuler). Tarag'aybek Chig'atoy ulusining taniqli beklaridan biri boʻlib, Kesh viloyatida amirlik qilgan. Amir Taragʻay yillik Ili daryosi boʻyida Xon tomonidan chaqiriladigan yurt beklarining qurultoyiga taklif etilgan va bunday yigʻinlarda doimo qatnashgan. Butparast o'laroq tug'ilgan Taragʻaybek Chigʻatoy ulusi orasida birinchilardan bo'lib islom dinini qabul qilgan. Otasi Barqul Noyondek u ham harb va siyosat ishlariga qiziqmagan va asosan islom dinini o'rgangan. Temurbek tez-tez qabrini ziyorat qiladigan va keyinchalik qabri ustiga maqbara(1373-1374) qurdirgan Shamsiddin Kulol Tarag'aybekning piri bo'lgan.

Onasi Takina Xotun va yoki Takina Mohbegim to'g'risida bilgilar oz. Zafarnoma(Yazdli Sharafiddin)da yolg'iz ismi so'zlangan. 1403- yilda Temurbek Jenoa, Fransiya, Angliya qirollariga elchi qilib yuborgan, Sultoniya bosh rohibi(archiepiscopus) Johannes de Galonifontibus Takina Xotunning oddiy oiladan ekanini yozadi. Temurli saroyida yozilgan, biroq yozuvchisi aniq bilinmagan Muyizz al-Ansab (Izzatli nasablar) asarida Takina Xotun barlos qabilasi bilan chegaradosh bo'lgan Chig'atoy ulusining Yasaur qabilasidan ekanligi yoziladi. Temurbek bilan yuzma-yuz so'zlashgan Ibn Haldun (1400-1401 yillarda) Temurbek onasini afsonaviy fors bahodiri Manuchehrning avlodidan ekanligini aytganini yozadi. Temurbekning siyosiy kitobyozar raqibi Ahmad ibn Arabshoh o'z Ajoyib ul-maqdur fi navaib(fi axbor) at-Taymur (arab. عجائب المقدور في نوائب  تيمور - o'z. Temurdagi taqdirning ajoyibotlar) asarida uning Chingizxonning naslidan ekanligini yozadi. 18- yuzyillikda yuzaga chiqqan Temurbek shaxsiyati to'g'risidagi kitoblarda Takina Xotun Buxoro "Sadr ash-Sharia"(Shariat qonunlarini izohlovchi)si Ubaydullo Mahbubiyning qizi o'laroq tanitiladi. O'zbek tarixchisi Turg'un Fayziyez o'zining "Temuriylar shajarasi"(Toshkent,1995) kitobida Temurbekning onasi to'g'risida "Jangnomayi Amir Temur Ko'ragon" kitobiga tayangan holda Buxoro ulamolarining eng ulug'i "Sadr ash-Sharia"ning qizi ekanligini bildiradi.

Amir Temurning opasi Qutlugʻ Turkon ogʻo va singlisi Shirinbeka ogʻo edi. Ular Temurbekdan oldin vafot etishgan va Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasidagi maqbaralarda dafn etilgan.

Arabcha sohib (صاحب) va qiron (yaqinlik, yaqinlashma) soʻzlaridan tuzilib forscha sohib-i qiron (صاحب كران) holiga kelgan bu Sohibqiron soʻzi munajjimlar tomonidan Mushtariy (Yupiter) yulduzi va Zuhro (Venera) yulduzining bir burjda toʻplanganligi asosida tugʻilgan maʼnosida kelgan. Bu sifat baxtli, qutli va doimo g'olib va jahonolar kishilarni ifoda etish uchun qoʻllanilgan. Amir Temurgada bu sifat Sohibqiron va yoki hazrat Sohibqiron shakllarida qoʻllanilgan. Temurbek 1362-yilda Seyiston(سیستان)ga birinchi kelishi chogʻida oʻng oyogʻidan va oʻng qoʻlidan Mamaqtuv (Yazdli Sharafiddin, Zafarnomaga koʻra 19a,19b va 89b betlar) tomonidan kamondan otilgan oʻqdan yaralangan. Ayricha Temurbekning siyosiy raqiblari tomonidan unga haqorat maʼnosidagi Temur-i lang (fors. تیمور لنگ) nomi qoʻllangan. Oqsoq Temur va yoki choʻloq Temur maʼnosida kelgan Temurlang soʻzi kunbotar(gʻarb) xalqlari tomonidan Tamerlane,(inglizcha), Tamburlaine(inglizcha), Tamerlan(fransuzcha), Tamorlan(ispancha), Tamerlanis(lotincha), Timurlenk(usmonli turkcha) va Темур Аксак,Тамерлан(ruscha) kabi shakllarda oʻzlashtirilgan. 1370-yilda Chingizlilar xonadonidan boʻlgan Qozonxonning qizi Saroy Mulk Xonim(Bibi Xonim)ga uylanishi ortidan Temurbek Temur Koʻragon (تیمور کورگن) va yoki Temur Guragon nomini oladi. Koʻragon (хүргэн) moʻgʻulcha kuyov soʻzi boʻlib “Xonning kuyovi” maʼnosida qoʻllanilgan. Chingizxonning qonidan bo'lmaganligi uchun Xon nomini olmaydi va musulmonlarning boshi o'laroq Amir nomini oladi.Temurbek Islom dini bilimlariga tayanib yurishlar qiladi va o'zini "Islom qilichi" sifatida taniltiradi. Islom dinini yoyish yo'lida qilgan yurishlaridan keyin Abu Fotih nomini oladi. 1402- yilda Izmir qal'a qamalida katolik Hospitaller(lotin, Ordo Fratrum Hospitalis)larini yutishi ortidan Abu G'oziy nomini oladi. Turklar o'z odatiga ko'ra o'z yetakchilarini Bek deb atashardi. Shu yuzdan Temurbek ham Bek nomini oladi. 1404- yilda Samarqandda bo'lgan Kastiliya(ispaniya) elchisi Rui Gonzales de Klavixo o'zining sayohat qo'lyozma kundaligida ham Temurbek nomini qo'llaydi.

Temurbekning turk yoki mo'g'ul ekanligi to'g'risadagi bilimlar tortishmali. Rui Gonsales de Klavixo Temurbekning kelib chiqishini Chig'atoy ulusining ellariga bog'lasa, nabirasi Muhammad Tarag'ay( Ulug'bek nomi bilan tanilgan) "Tarix-i arba ulus" kitobida Shajarat al-atrak(Turklar kelib chiqishi)ni ko'rsatadi va unga ko'ra Temurbek va ota-bobolari Yofas o'g'li Turkning bolalari ekanligini aytadi. Turk otli kishi esa butun turklarning otasi ekanligi aytiladi. Kunbotar xalqlari yozuvchilari orasida Temurbekni turk-mo'g'ul yoki turklashgan mo'g'ul kelib chiqishli ekanligi keng yoyilgan. Biroq Richard Bulliet(A Global history) Temurbekning qabilasi Barloslarning mo'g'ullarga aloqasi yo'qligini so'zlasa, Rene Grousset(qarang, L’empire des steppes, Atilla, Gengis-Khan, Tamerlan,1939 Paris) Temurbekning kelib chiqishi Chingizxonga bog'langanligini yolg'iz o'z zamonida yozilgan kitoblardagina ekanini, biroq uni mo'g'ullik bilan umuman birligi yo'qligini va Turk ekanligini yozadi. Ahmad ibn Arabshoh bo'lsa Temurbekni barlos turki ekanligini yozadi:

"Turklarda ham Arablarda bo'lganidek qabilalar va irqlar bor va har bir qabilada vazir(qabilaboshi) bordir. U o'z qabilasi ichida yashash tarzi bo'yicha maslahat beradigan yorituvchi chiroqdir. Ulardan birinchisi Arlot, ikkinchisi Jaloyir, uchinchisi Qavchin, to'rtinchisi Barlosdir. Temur(bek) to'rtichisidan chiqqan." (Ajoyib ul-maqdur fi navaib at-Taymur, 4-betdan o'zbek tiliga o'girma).

Temurbek Turk ekanligidan g'ururlanar, o'z o'rnida o'ziga qarata aytilgan Mo'g'ul so'zini yomon ko'rardi(Yusuf Husayn Xon, Two studies in early mongol history, 1976).O'zbek tarix yozuvchilari Temurbekning so'zsiz turk bo'lganligini aytib keladi. Temurbekning o'zi yozganligi aytiladigan Mulfazot-i Temuriy(Temur qissalari yoki Temur tuzuklari) kitobida Tarag'aybek o'g'lii bilan so'zlashganda (qarang, Zuhriddin Bobokalonov, 2004, Temur qissasi 48-bet) turk kelib chiqishli ekanligini aytgani yoziladi.

Temurbekning bolalik va yoshlik yillari



Temurbekning yoshligi Keshda kechadi. Otasi Tarag'aybek o'z chog'ining odatlariga ko'ra Temurbekka ot minish, ov qilish, yoydan otishni o'rgatuvchilarni tayin qiladi. Shu yuzdan Temurbek 16-20 yoshlarida tulporlarni yaxshi ajrata oladigan epchil otliq va qo'rqmas bahodir boʻlib ulg'ayadi. Temurbekni yoshligida madrasaga ham beradilar. Biroq Temurbekning o'qimishsiz bo'lganligi to'g'risida kunbotar xalqlari orasida yanglish qarash chindek o'rnashib qolgan. Temurbek o'zi to'g'risida kitobida 21 yoshga to'lganida otasining hosili yaxshi bo'lganini, qoramol va yilqilar ko'p bolalaganini, o'zi ularni 10 tadan qilib ischilariga bo'lib berganini yozadi. Temurbekning yoshlik yillari to'g'risida bilgilar juda oz.

Temurbekning til bilimlari



Temurbek o'zi chig'atoy(eski turkcha yoki eski o'zbek adabiy tili) va fors tillarida so'zlashgan. Temurbek arabcha so'zlasha olmagan va mo'g'ul tilida so'zlashishiga oid bilgilar tortishmali. Uning davrida Turk(Eski o'zbek adabiy tili)cha - so'zlashuv, adabiyot va davlat ishlari tili, forscha - huquq, davlat ishlari, adabiyot va so'zlashuv tili, arabcha - din tili bo'lgan. O'rta chog' davlatlariga xos Temur davlatida ham asosiy huquqiy ishlar- soliqlar yig'ish, g'aznachilik ishlari fors tilida olib borilgan. Temurbek yurishlari davomida kotiblariga kunlik ishlarni Turkcha va forscha tillarda yozib borishlarini buyurgan. Temurbek tarixining bilingan 3 ta tamal asaridan 2 tasi, Nizomiddin Shomiy - Zafarnoma, Sharafiddin Ali Yazdiy - Zafarnoma, aynan shu kunlik qo'lyozmalarga asoslanib yozilgan kitoblardir.

Rasmiy yozuv esa arab alifbosiga asoslangan fors va turk(eski o'zbek yozuvi) yozuvlari edi.

Siyosiy faoliyatining boshlanishi




Amir Temur ilk harbiy faoliyatini qoʻl ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning oʻzaro kurashlarida qatnashib, jasorat koʻrsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dongʻi butun Qashqadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aqlu zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazagʻon bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi amir Taragʻoy Amir Temurni avval (1355) amir Joku barlosning qizi Nurmushk ogʻoga, soʻngra oʻsha yili (1355) Qazagʻonning nabirasi va amir Husaynning singlisi Oʻljoy Turkon ogʻoga uylantiradi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn oʻrtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurashadilar. Amir Temurning Movarounnahrni birlashtirish yoʻlidagi harakati 14-asrning 60-yillari boshlaridan boshlandi. 14-asr ning 50-yillari oxirida Movarounnahrda amirlarning oʻzaro kurashi kuchayib, amir Qazagʻon oʻldirildi. Mamlakatda siyosiy parokandalik avjiga chiqib, ogʻir tanglik sodir boʻldi. Xondamirning „Habib ussiyar“ kitobida keltirilgan maʼlumotlarga qaraganda, ulus oʻnga yaqin mustaqil bekliklarga boʻlinib ketgan. Samarqand viloyatida amir Bayon sulduz, Keshda amir Hoji barlos, Xoʻjandda amir Boyazid jaloir, Balxda Uljoy Bugʻa sulduz, Shibirgʻonda Muhammad I Xoja Aperdi nayman, Koʻhistonda Badaxshon shohi amir Sotilmish, Xuttalonda Kayxusrav, Hisori Shodmon hududida amir Husayn va amir Xizr Yasovuriylar oʻzlarini hokimi mutlaq deb eʼlon qiladilar.

Bu davrda Chigʻatoy ulusining sharqiy qismi — Yettisuv va Sharqiy Turkistonda hukmronlik qilayotgan moʻgʻul xonlari Movarounnahrdagi ogʻir siyosiy vaziyatdan foydalanib, bu yerda oʻz hokimiyatini oʻrnatishga harakat qiladilar. Jeta xonlaridan Tugʻluq Temur va uning vorisi Ilyosxoja 1360 – 61 va 1364-yillarda Movarounnahrga bir necha bor bostirib kiradilar. Moʻgʻul xonlarining boskinchilik yurishlari va zulmiga karshi xalq harakati boshlanadi. Biroq, Movarounnahr amirlari xalqqa bosh boʻlib, moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashga jurʼat eta olmaydilar. Ularning bir qismi dushman tarafiga oʻtadi, ikkinchi qismi esa el-yurtni tark etib, oʻzga mamlakatlardan boshpana izlaydilar. Amir Temurning amakisi, Kesh viloyatining hukmdori amir Hoji barlos Xurosonga qochadi. Mana shunday ogʻir pallada siyosat maydoniga Amir Temur kiradi. Moʻgʻullarga qarshi turish uchun kuchlar nisbati teng emasligini hisobga olgan 24 yoshli Amir Temur 1360-yilning boshida Tugʻluq Temur tomonidan Keshga yuborilgan beklar bilan kelishadi. Sharoit taqozosi bilan xon xizmatiga oʻtib, uning yorligʻi bilan oʻz viloyatining dorugʻasn etib tayin qilinadi. Shubhasiz, bu noilojliqdan qoʻyilgan siyosiy hamda strategik qadam boʻlib, bu bilan Amir Temur moʻgʻullarning navbatdagi talontorojining oddini olgan, mamlakat va xalqni falokatdan qutqargan edi. Biroq, Movarounnaxrning hukmdori etib tayin qilingan Ilyosxoja va uning lashkarboshisi amir Bekkichik bilan Amir Temurning murosasi kelishmay qoladi. Shu sababdan 1364-yilning oxirida u mamlakatni tark etishga majbur boʻladi.

Xivaning janubida, Urganjiy dashtida Amir Temur Tugʻluq Temurning yana bir raqibi — qaynogʻasi amir Husayn bilan uchrashadi. Amir Temur moʻgʻullar bilan kurashish maqsadida u bilan birlashib, ikkovlon kuch toʻplashga kirishadi. Dastlab ular Tugʻluq Temurxonning farmoniga binoan Amir Temurni taʼqib qilishga kirishgan Xiva dorugʻasi Toʻqol (Tavakkal) bilan jang qiladilar. Soʻngra 1361-yilning kuzida Seistonda viloyat hukmdori Malik Qutbiddinning tarafida turib mekroniylar bilan boʻlgan toʻqnashuvda Amir Temur oʻng kifti va oʻng oyogʻidan jarohatlandi.

Amir Temur va amir Husayn keyingi ikki yil davomida Ilyosxoja boshliq Jeta lashkari bilan bir necha marta jang qiladilar. Nihoyat, 1361-yil oxirida ular moʻgʻul qoʻshinlarini Movarounnahr hududidan quvib chiqarishga muvaffaq boʻladilar.

Biroq, Movarounnahrni qoʻldan chiqarishni istamagan Ilyosxoja 1365-yil ning bahorida yana Turkiston ustiga qoʻshin tortadi. Toshkent bilan Chinoz oraligʻida ikki oʻrtada sodir boʻlgan jang tarixda „Loy jangi“ nomi bilan shuhrat topadi. Jangda amir Husaynning xiyonati oqibatida magʻlubiyatga uchraydilar va oʻz qoʻshinlari bilan Amudaryo boʻylariga chekinib, Balx viloyatida oʻrnashdilar. Ilyosxoja esa hech qanday qarshilikka uchramay Xoʻjand, Jizzax va boshqa bir qancha shahar hamda qishloqlarni egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqand oʻsha paytlarda katta qoʻshinga qarshilik koʻrsata olmasdi. Shaharning na devori va na mustahkam istehkomlari, na qurollangan sipohiysi bor edi. Bek va amirlar shaharni tark etgan edi, lekin moʻgʻullarga qarshi xalq koʻtariladi, sarbadorlar shahar mudofaasini oʻz qoʻllariga oladilar. Shahar mudofaachilariga Madrasa tolibi ilmlaridan Mavlonozoda Samarqandiy, jun (paxta) tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof va mergan mavlono Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar Samarqand shahrida moʻgʻullarga qaqshatqich zarba beradilar. Ilyosxoja dastlab Samarqandni, soʻngra butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur boʻladi. Sarbadorlarning moʻgʻullar ustidan qozongan gʻalabasi haqidagi xabar amir Husayn bilan Amir Temurga ham borib yetgan. Amir Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo boʻyida oʻtkazib, 1361-yil bahorida Samarqandga yoʻl oldilar. Ular Konigita toʻxtab sarbadorlarning dushman ustidan qozongan gʻalabalaridan mamnun boʻlganliklarini va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Biroq, sarbadorlarning boshliqlari amirlar huzuriga kelganlarida amir Husayn buyrugʻi bilan Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof bilan mavlono Xurdak Buxoriylar dorga tortiladi. Mavlonozodani esa Amir Temur. oʻz himoyasiga olib kutqarib qoladi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, Movarounnahrda amir Husaynning hukmronligi oʻrnatiladi, ammo koʻp vaqt oʻtmay Husayn bilan Amir Temur oʻrtasidagi munosabat keskinlashib, ochiqdan-ochiq nizoga aylanadi. Amir Temurning nufuzi ortib borayotganligidan xavfsiragan amir Husayn Balxga qaytib, uning qalʼa devorlari va istehkomlarini mustahkamlashga kirishadi. Balx, Qunduz va Badaxshondan koʻp sonli lashkar ham toʻplaydi. Kesh va Qarshi viloyatlariga bosh boʻlgan Amir Temur ham amir Husaynga qarshi hal qiluvchi jangga hozirlik koʻradi. 1361 – 61-yillar oʻrtasida bir necha bor toʻqnashuvlar boʻlib oʻtadi.

„Buyuk amir“ sifatida saylanishi



Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, unga oliy hokimiyat ramzi katta nogʻora — tabl bilan yalov — bayroq tortiq qiladi. Shubhasiz bu voqea katta siyosiy ahamiyatga ega edi. Chunki u saltanatlik ramzi edi. Amir Temur buni yaxshi tushunardi. Shuning uchun ham Balxga yetmasdan Oʻrpuz mavzeida u amir va noʻyonlari bilan kengash oʻtkazadi. Koʻpchilikning xohish va ixtiyori bilan, oʻsha davr qonun-qoidalariga koʻra, chingiziylar avlodidan boʻlgan Suyurgʻatmish oʻgʻlon Movarounnahr podsholigi taxtiga oʻtqazildi. Amir Temur qoʻshini to Balxga yetib borgunicha, unga yoʻl-yoʻlakay yangi-yangi kuchlar kelib qoʻshildi. Shu asnoda amir Husaynni koʻpchilik amirlari tark etdilar. Jangda amir Husayn qoʻshinlari yengildi, ikki kunlik qamaldan soʻng, 1370-yilning 10 apr.da Balx sh. Amir Temurga taslim boʻldi. Amir Husayn asir olinib, qatl etildi. Bu gʻalabadan soʻng Amir Temur Movarounnahrning chingiziylardan boʻlgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulk xonimni oʻz nikohiga oladi. Xon qiziga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur „koʻragon“, yaʼni „xonning kuyovi“ unvonini oldi.

1361yilning 11-aprelida Chigʻatoy ulusining barcha beklari, amirlari, viloyat va tumanlarning dorugʻalari hamda Termizning sayyidlari (xudovandzodalari), shuningdek Amir Temurning yoshlikdan birga boʻlgan quroldosh doʻstlari va piri Sayyid Barakaning ishtirokida oʻtkazilgan qurultoyda anʼanaga koʻra chingiziylardan Suyurgʻatmishxon mamlakat hukmdori deb eʼlon qilingan boʻlsada, amalda markaziy hokimiyatni Amir Temur oʻzi boshqardi, viloyatlardagi hokimiyatni oʻgʻillari, nabiralari va yaqin amirlari orqali idora qildi. Samarqand Amir Temur davlatining poytaxtiga aylantirilib, oʻsha yilning yozida shahar devori va qalʼasi tiklandi, saroy va qasrlar bino qilindi.

Temur davlati va unga qaram yerlarning mustahkamlanishi



Mamlakatning siyosiy va iqtisodiy mavqeyini mustahkamlab, koʻpdan davom etib kelayotgan ichki tarqoqlikka barham berish, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish maqsadida Amir Temur (1361-yil iyunida) Samarqandda katta qurultoy chaqirdi. Unda markaziy davlat tizimini shakllantirish va qoʻshin tuzish masalalari muhokama etildi.

El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyatini yaxshi tushungan Amir Temur qoʻshinning tuzilishiga katta ahamiyat berdi. U „amir“ va „amir ul-umaro“ kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy qildi. Qoʻshinni harbiy jihatdan isloh qilar ekan, u ayniqsa lashkarboshilarni tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda intizom masalalariga nihoyatda eʼtibor beradi (yana q. Temuriylar harbiy sanʼati).

Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, dastlabki vaqtlardayoq mamlakatda roʻy bergan ogʻir iqtisodiy tanglikni bartaraf qilish uchun eng avvalo soliq tizimini tartibga soldi. Davlat soliqlarini yigʻishda aminlar, kalontarlar va soliq yigʻuvchilarni raʼiyatga nisbatan insof va adolatli boʻlishga, qonunga xilof ish tutmaslikka chaqirdi, chunki saltanatning barqarorligi koʻp jihatdan raʼiyatning hol-ahvoli, uning davlat va davlat boshligʻiga boʻlgan sadoqatiga bogʻliq. Raʼiyatni himoya qilish qonun bilan mustahkamlangan, qonun barchaga barobar boʻlgan. Amir Temur nafaqat oʻz xalqini, balki zabt etilgan mamlakatlarning aholisini ham imkoni boricha qonun himoyasiga olgan. Ularni asirlik va talon-torojlardan saqlagan.

Islom dini bilan aloqasi



Temur sunniy musulmon boʻlgan, ehtimol, Naqshbandiya tasavvufi, Hanafiy mazhabiga mansub boʻlib, u Mavarinnatda nufuzli boʻlgan. Uning bosh rasmiy diniy maslahatchisi va maslahatchisi hanafiy olimi Abdu l-Jabbor Xorazmiy edi. Termizda u Gur-amirda Temur bilan birga dafn etilgan Balxlik rahnamo Sayyid Barakaning ustozi taʼsiriga tushgan edi.

Temur hazrati Ali va Ahli-baytni yuksak qadrlashi bilan mashhur boʻlgan va turli olimlar tomonidan oʻzining “shiaparast” pozitsiyasi bilan eʼtirof etilgan. Biroq u shialarni ham sahobalarning xotiralarini tahqirlaganliklari uchun jazoladi. Temur, shuningdek, sunniylik uzrlari bilan shialarga hujum qilgani, boshqa paytlarda esa sunniylarga diniy sabablarga koʻra hujum qilgani ham eʼtirof etilgan. Aksincha, Temur saljuqiylar sultoni Ahmad Sanjarni Alamutda ismoiliylarga hujum qilgani uchun yuqori baholagan boʻlsa, Temurning oʻzining Anjudandagi ismoiliylarga qilgan hujumi ham xuddi shunday shafqatsiz edi.

Avlodlari



Temurning oʻgillari




Temurning qizlari




Umar Shayx Mirzo I ning oʻgʻillari




Jahongirning oʻgʻillari




Mironshohing oʻgʻillari




Shohruh Mirzoning oʻgʻillari




Oq Oʻrda bilan jang




Amir Temur Movarounnahrni moʻgʻullar hukmronligidan ozod etib, bu qad. mamlakatda mustaqil davlat barpo etgan boʻlsada, hali mamlakatda barqaror tinchlik oʻrnatilgan emas edi. Bir tomondan ayrim viloyat hokimlari Amir Temur hakimiyatini tan olishdan bosh tortib turgan boʻlsalar, ikkinchi tomondan mamlakatning sharqiy va shim. hududlari notinch edi. Moʻgʻuliston bilan Oq Oʻrda hukmdorlari Fargʻona vodiysining sharqi, Oʻtror, Yassi (Turkiston) va Sayram sh.lariga xavf solib, bu hududlarga tez-tez hujum qilar va aholini talontoroj qilardi. Shuning uchun ham Amir Temur dastlabki yillarda mamlakat sarhadlari xavfsizligini taʼminlashga katta ahamiyat berdi. Isyonchi amirlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. 1370-yil kuzi va 1371-yil bahorida amir Zinda Chashmga zarba berib, Shibirgʻon viloyati boʻisundirildi. Balx va Toshkent viloyatlari ham Amir Temur hokimiyatini tan oldilar. Ammo Xorazm Oq Oʻrda hukmdorlariga suyanib, hanuz boʻysunishdan bosh tortib kelardi. Xorazmni Amir Temur Chigʻatoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblab, uni oʻz davlatiga koʻshib olish siyosatini tutdi. Ammo bu masala elchilar vositasida tinch yoʻl bilan hal etilmagach, Amir Temur Xorazm hududiga besh marotaba yurish qildi. Birinchi yurishi 1371-yil yoz (iyul)ida Kot shahrini egallash bilan yakunlandi. Amir Temurning 1373-yil bahori va 1375-yil yozida Xorazm tomonga qilgan ikki yurishi natijasiz tugadi. Bu asnoda Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamish bilan ittifoq tuzib olgan Xorazm hukmdori Yusuf soʻfi, uning yordamida Amir Temur davlati hududlariga bir necha bor yurish qilib, Qorakoʻl viloyati va Buxoro tumanlarini talon-toroj etdi. Bunday vaziyat shubhasiz, 1379-yilda Amir Temurni toʻrtinchi marotaba Xorazmga qoʻshin tortishga majbur etdi. Lekin, bu yurish ham avvalgilari kabi sulh tuzish bilan tugadi. Biroq shunga qaramay, Yusuf soʻfi ilgari Xorazmning Chigʻatoy ulusiga tegishli boʻlgan jan.-sharqiy (Kot va Xiva sh.lari birga) qismini yana qaytadan bosib oldi. Amir Temur davlatiga nisbatan Yusuf soʻfining tutgan bunday tajovuzkorona siyosati Xorazm ustiga Amir Temurning beshinchi marta yurish qilishiga sabab boʻldi. 1388-yilda Xorazmning poytaxti vayron etilib, uning hududlari Amir Temur davlatiga boʻysundirildi.

Mogʻuliston istilosi




Bu orada Amir Temur Moʻgʻuliston hokimi Qamariddin bilan ham toʻqnashib qoldi, chunki bu davrda uning Movarounnahrga boʻlgan talonchilik xurujlari kuchayib ketgandi. 1370 – 71-yillarda u Toshkent va Andijon ustiga bir necha bor bosqin qilib, talab qaytgandi. 1376-yilda esa Qamariddin hatto Fargʻona vodiysining talaygina qismini bosib oldi. Amir Temur mamlakatning shim.-sharqiy hududlariga nisbatan boʻlayotgan muttasil taxdidni bartaraf qilish uchun Qamariddinga jiddiy zarba berishga kirishadi. Yigirma yil (1371 – 1390) mobaynida Sohibqiron Moʻgʻulistonga yetti marta yurish qilib, moʻgʻul hukmdorlari Anqotoʻra va Kamariddin ustidan gʻalaba qozondi. Shu zaylda Amir Temur Movarounnahr va Xorazmda ichki tarqoqlik, oʻzaro nizolar, shuningdek Moʻgʻuliston tomonidan boʻlib turgan tazyiqqa chek qoʻyib, ushbu hududda yashovchi elu elat va xalqlarni yagona davlatga birlashtirdi. Bu shubhasiz, Movarounnahr aholisi taqdirida ijobiy ahamiyat kasb etdi.

Eron va Kavkaz yurishlari



Ammo, Amir Temur bu bilan qanoatlanmadi. Tez orada u qoʻshni davlatlar va xalqlar ustiga yurish qilib, ularni oʻziga boʻysundirish va markazlashgan buyuk saltanat barpo etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Bu davrda Oltin Oʻrda, Xuroson va Erondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat uning uchun juda qoʻl keldi. Amir Temur harbiy yurishni Xurosondan boshladi. 1381-yil u Hirotni egalladi. Saraxs, Jom va Qavsiya sh.lari jangsiz taslim boʻldi. Xuroson, xususan uning poytaxti Hirot strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlib, Eron, Iroq, Shom va boshqa mamlakatlarga oʻtishda koʻprik vazifasini oʻtardi. 1381 — 84 yillar davomida Amir Temur Eronning katta qismini egalladi. Avval (1381) Kalot, Turshiz va Sabzavor, keyin (1383) Seistonning Zireh, Zova, Farah va Bust qalʼalari, 1384-yilda esa Astrobod viloyati va Ozarbayjonning Omul, Sori, Sultoniya va Tabriz shaharlari istilo qilindi.

Amir Temurning 3 yirik istilolari



Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga 3 marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda „3 yillik“, „5 yillik“ va „7 yillik“ urushlar nomi bilan mashhur. 3 yillik (1386 – 1388) harbiy istilolar oqibatida Janubiy Ozarbayjon, Iroqning shimoliy qismi, Gurjiston va Van koʻli atrofidagi yerlar egallandi.

3 yillik istilo



Amir Temur shu bilan birga shimoliy-gʻarbdan, yaʼni Oltin Oʻrda tomonidan boʻlayotgan tazyiqqa barham berish maqsadida Toʻxtamishga qarshi 3 marta qoʻshin tortishga majbur boʻldi. U 1389-yilda Dizaq (Jizzax)ning Achchiq mavzeida, 1391-yilning 18-iyunida (hozirgi Samara bilan Chistopol shaharlari orasida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida (qarang Qunduzcha jangi) va nihoyat, 1395-yilda (28 fevral) Shimoliy Kavkazda Terek daryosi boʻiida Toʻxtamish qoʻshiniga qaqshatqich zarba beradi (qarang Terek daryosi boʻyidagi jang). Amir Temur harbiy yurishlari natijasida Quyi Idil (Volga) viloyatlari, Saroy Berka, Saroychik va Hojitarxon (Astraxon) kabi shaharlar gʻorat qilindi. Amir Temur Toʻxtamishni quvib Ryazan viloyatigacha bordi va Yelets shahrini ishgʻol qildi. Sharafuddin Ali Yazdiy Amir Temurning Moskva istilosini shunday taʼriflaydi: „Sohibqiron Maskavga sorikim, Rusning shaharlaridan erdi, tavajjuq qildi. Anda yetkonda nusratshiʼor cheriki ul viloyatni (shahar va atrofini) chobtilar va andagʻi hokimlarni tobeʼ qildi. Va cherikning eliklariga sonsiz mol tushti…“ („Zafarnoma“, 179-bet). Bu urushda Azaq (Azov), Kuban va Cherkas yerlari ham kuchli aziyat chekegandi. Qizigʻi shundaki, Amir Temur Idilning Turotur kechuvi boʻyida Oʻrusxonning oʻgʻli Quyrichoq oʻgʻlonni chaqirtirib, unga qoʻlga kiritilgan sobiq Joʻchi ulusini inʼom etdi. Rossiya tarixchilari B. D. Grekov va A. Yu. Yakubovskiyparnmnt yozishlaricha, Amir Temurning Toʻxtamish ustidan qozongan gʻalabasi, faqat Markaziy Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek tarqoq Rus knyazliklarining birlashishi uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan.

5 yillik istilo



Shundan soʻng Amir Temur butun eʼtiborini Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo va Hindiston yerlarini uzil-kesil zabt etishga qaratdi. U besh yillik (1392 – 1396) urush davomida Gʻarbiy Eron, Iroqi Ajam va Kavkazni egalladi, natijada muzaffariylar va jaloiriylar sulolasining hukmronligi barham topdi.

Hindiston istilosi

Amir Temurning Hindiston istilosi (1398-yil may – 1399-yil mart) qariyb 11 oy davom etdi. Amir Temur Hindistondan katta oʻlja, shu jumladan 120 jangovar fil bilan qaytdi. Oʻljalarning bir qismi qoʻshinga taqsimlab berildi, qolgani Samarqand va Kesh shaharlarida olib borilayotgan qurilishlarga sarflandi.

7 yillik istilo




Amir Temurning 1399 – 1404-yillarda olib borgan harbiy yurishlari natijasida Shomning Halab (Aleppo), Xums, Baalbek (Baʼalbak), Dimishq (Damashq) kabi yirik shaharlari va Iroqi Arabning Ubuliston oʻlkasi (qad. Kappadokiya) bilan Bagʻdod, shuningdek Turkiyaning katta qismi zabt etiladi. Anqara jangida Amir Temur jahonning buyuk sarkardalaridan biri Boyazid Yildirim ustidan gʻalaba qozondi. Turk sultoni asirga olindi. U bilan birga xotini serb malikasi Olivera, oʻgʻillari Muso va Iso Chalabiylar ham asirga tushdilar. Soʻng, Amir Temur Anadolu yarim orolini egallab, Oʻrta dengizning sharqiy sohilida joylashgan Izmir shahrini zabt etdi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham berdi. Soʻngra, Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos orollaridagi Genuya mulklarining hukmdorlari unga taslim boʻldilar, Misr ham oʻz itoatkorligini izhor etdi. Amir Temur Anqara, Nikeya, Bursa va Izmir shaharlarini egallab, Vizantiya va butun nasoro olamining Boyazidga yigʻib bergan bojlaridan iborat katta boylikni qoʻlga kiritdi. Birgina Bursa shahridan olingan oltin va javohirlarning oʻzi kattagina karvonga yuk boʻlgan. Bandi qilingan Boyazid oʻrdugohga olib kelingach, Amir Temur unga hurmat va ehtirom koʻrsatdi. Uning vafotidan soʻng (1403-yil 9-mart) esa vorislariga himmat koʻzi bilan boqib, ularga beqiyos muruvvatlar qildi. Chunonchi Boyazidning toʻngʻich oʻgʻli Sulaymon Chalabiyni turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim etib tayinladi. Edirne (Adrianopol) shahri uning poytaxti qilib belgilandi. Anadoluning shimoliy-gʻarbiy qismi suyurgʻol sifatida Iso Chalabiyga inʼom qilinib, Bursa shahri uning poytaxtiga aylantirildi. Usmoniy turklar davlatining markaziy qismini boshqarishni Muso Chalabiyga topshirdi.

Amir Temur Usmoniy turklar davlatini butunlay bosib olish niyatida boʻlmagan, chunki u Yevropa davlatlarining Yaqin Sharq mamlakatlariga nisbatan tajovuzkorona niyatda ekanligini yaxshi tushunar edi. Shuning uchun ham Amir Temur Usmonli turklar davlatini saqlab qoldi va Boyazidning vorislariga muruvvat qoʻlini choʻzdi. Shunday boʻlsada, Boyazid ustidan qozonilgan bu gʻalaba bilan Amir Temurni Fransiya qiroli Karl VI (1380 – 1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399 – 1407) tabriklab, unga maxsus maktub yubordilar. Chunki Amir Temur endigina uygʻonayotgan Yevropaga islom dinini yoymoqchi boʻlgan Usmoniy turklar davlatiga zarba berib, Yevropadagi nasroniylarning xaloskoriga aylangan edi.

Xitoyga yurishining boshlanishi



Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgach, 1404-yil 27-noyabrda 200 ming qoʻshin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqdi. Biroq Xitoy ustiga yurish Amir Temurning Oʻtrorda vafoti (1405-yil 18-fevral)amalga oshmay qoldi. Maʼlumki, Amir Temur 1405-yil kuchli shamollash sababli olamda oʻtdi deyiladi. Lekin, Amir Temurni vafotini tezlashtirgan boshqa sabablar ham bor. Ibn Arabshohning yozishicha (1436-yil yozilgan) kuchli sovuq natijasida Temur ibrida (sovuqdan jismni zaiflashtiradigan kasallik) kasaliga chalinib, tabiblar uni dad etish maqsadida tayyorlagan tarkibida isitadigan moddalar, xushboʻyliklar va rezavorliklar boʻlgan xamr aragʻini isteʼmol qilgan. Tarixchi, Xondamirning fikricha Amir Temur oʻlimini tabiblar Dori sifatida tayyorlagan araq tezlashtirib yuborgan. Xondamir „ Habib us-siyar“ asarida shunday yozadi: “…sohibqiron shu asosda araqqa ragʻbat koʻrsatdi, unga javhar keltirishlarini buyurdi, koʻrinishidan suvdek boʻlsa ham sifati jihatidan olovdek edi. Oliyjanob Sohibqiron ikki kecha kunduz araq ichdi, ammo aslo ovqat yemadi. Shuning uchun mijozoda oʻzgarish yuz berdi. Bu oʻzgarishni tabiblar xumor belgisi boʻlsa kerak deb tushundilar. Yana unga bir-ikki qadah berdilar, harorati biroz taskin topdi, ammo vujudi va tabiatiga sharob taʼsir qildi shekilli, issigʻi Yana koʻtarilib ketdi. Sohibqiron sogʻligʻi yomonlashdi. Mazkur ichimlik bu vaqtda faqat tabobatda qoʻllanilib, mast qiluvchi funksiyasi oʻzlashtirilmagan edi. Temur kasalining kuchayishi va koʻp miqdorda isteʼmol qilingan araq sabab boʻlgani haqida oʻsha davr tarixchisi Hofiz Abru ham yozadi.[2] Amir Temurning vafoti haqidagi xabar garchi avvalda sir tutilsada, ammo koʻp vaqt oʻtmay bu noxush xabar mamlakat boʻylab tarqalib ketadi. Amir Temurning jasadi Samarqandga olib kelinib dafn qilinadi (qarang Amir Temur maqbarasi).

Amir Temur siymosiga tarix va madaniyat nuqtai-nazaridan qarashlar



Amir Temur davrida madaniyat va fan




Amir Temur — buyuk davlat asoschisi hisoblanadi. U Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻiga qadar gʻoyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari Amir Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shim.-gʻarbda Quyi Volga, Don buylari; shim.-sharqda Balxash koʻli va Ili daryosigacha; jan.-sharqda esa Shim. Hindistongacha bulgan mamlakatlar buysundirildi. Amir Temur. davlatni aql-zakovot va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning „… davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim“, degan soʻzlari buning yorqin dalilidir.

Shaharsozlik va meʼmorlik

Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyosdir. Tarix bu qoʻhna dunyoda oʻtgan koʻp jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr buyi bunyodkorlik bilan mashgʻul bulgan. Uning „Qay bir joydan bir gisht olsam, oʻrniga un gʻisht qoʻydirdim, bir daraxt kestirsam, oʻrniga unta kuchat ektirdim“ degan soʻzlari buning yorqin isbotidir. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham meʼmorlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat boʻlgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur ustahunarmandlari mamlakatda hashamdor imoratu inshootlar bino qilganlar. Amir Temur zabt etgan mamlakatlarning bir qator shaharlari (Bagʻdod, Darband, Baylaqon)ni qayta tikladi. Amir Temur Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bagʻdodda Madrasa, Turkistonda mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirgan boʻlsada, lekin asosiy eʼtiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining qabri ustiga maqbara, oʻgʻli Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi. Amir Temur hukmronligining ilk davrida Kesh shahrini poytaxtga aylantirish niyatida boʻlib, uning obodonchiligiga katta ahamiyat berdi, bu yerda mashhur Oqsaroy qad koʻtardi. Amir Temur Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat qildi. Shu boisdan bu shahar „Qubbat ul-ilm val-adab“ unvoniga ega boʻldi. Saltanat poytaxti Samarqand Amir Temur davrida ayniqsa gullab yashnadi. Shaharda Isfahon, Sheroz, Halab, Xorazm, Buxoro, Qarshi va Kesh sh.larining meʼmoru binokorlari qoʻli bilan saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar quriladi. Shahar tashqarisida esa bogʻ-rogʻlar va boʻstonlar barpo etiladi (qarang Amir Temur bogʻlari). Xususan Shohizinda meʼmoriy majmuasiga mansub Shodimulk ogʻo maqbarasi, Shirinbeka ogʻo maqbarasi va boshqa quriladi. Shaharda Bibixonim jome masjidi, Amir Temurning qarorgohi Koʻksaroy va Boʻstonsaroylar qad koʻtaradi. Umuman olganda Samarqand sh. Amir Temur davrida oʻzining qad. oʻrni Afrosiyobyaan birmuncha jan.roqda butunlay yangitdan qurildi. Shahar tevaragi mustahkam qalʼa devori bilan oʻralib, Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, Soʻzangaron va Feruza kabi nomlar bilan ataluvchi 6 ta darvoza oʻrnatildi. Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida, xususan Zarafshon vodiysida oʻnlab sugʻorish tarmoqlari chiqarilib, dehqonchilik maydonlari kengaytirildi. Yangi qishloqlar barpo etildi. Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Temur Samarqand atrofida qad koʻtargan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr, Bagʻdod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand kattaligi, goʻzalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmogʻi lozim edi.

Fan va rassomlikning rivojlantirilishi

Amir Temurning harbiy yurishlari, jangu jadallarining oqibatlariga baho berilar ekan, shuni alohida taʼkidlash kerakki, uning faoliyati qoʻyilgan maqsad va rejalari jihatidan ikki bosqichga boʻlinadi. Birinchi bosqich (1360 — 86)da Amir Temur Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzish yoʻlida kurashdi, Movarounnahrni birlashtirishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy zodagonlardan iborat ijtimoiy kuchlar (mulkdor dehqonlar, harbiylar, hunarmandlar, savdogarlar va ruhoniylar) yordamida tarqoq mulklarni birlashtirish uchun kurash olib bordi. Amir Temurning bu davrdagi faoliyati Oʻrta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti taraqqiyoti yoʻlida shubhasiz ulkan ijobiy ahamiyat kasb etadi. Mamlakatda tarqoqpik tugatilib, markazlashgan davlatning tashkil topishi ijobiy oqibatlarga olib keldi. Mamlakat i.ch. kuchlarini va moʻgʻullarning bir yarim asrlik hukmronligi natijasida boʻhronga uchragan iqgisodni tiklash uchun qulayroq sharoit vujudga keldi. Ayni vaqnda xoʻjalikning asosi boʻlgan dehqonchilikda muayyan siljishlar roʻy berdi. Yangi-yangi ariq (kanal)lar qazilib, dehqonchilik maydonlari kengaydi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi, fan va madaniyat ravnaq topib, shaharlar obodlashdi va gavjumlashdi. Amir Temur biror mamlakatni tasarrufiga olishdan avval albatta oʻsha joy aholisiga tinchlik yoʻlini taklif etgan, bu yoʻl inkor etilgan holdagina harbiy kuch ishlatgan.

Shahrisabzdagi Temur oʻgʻillari Jahongir va Umarshayxning maqbarasi]]

Amir Temur hayotligi chogʻidayoq saltanatni asosan toʻrt qism (ulus)ga boʻlib, oʻgʻil, nabiralariga taqsimlab bergan: Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohruxga, Gʻarbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, yaʼni Eronning jan. qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afgʻoniston va Shim. Hindiston (markazi Gʻazna, keyinchalik Balx) Pirmuhammadga suyurgʻol qilib berilgan. Amir Temur davlati oʻziga xos tartib-qoidalarga asoslangan holda idora etilgan (qarang Temuriylar davlati). Amir Temur asos solgan bu davlat Xuroson va Movarounnahrda 16-asr boshigacha mavjud boʻlib, Shayboniyxon tomonidan tugatilgan.

Shoʻrolar tuzumi davrida Amir Temur. shaxsi va faoliyatiga adolatsizlik bilan yondoshilib, bir yoqlama baho berilib kelindi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng bunday qarashlarga barham berildi. Amir Temurning jahon tarixida tutgan oʻrni oʻz joyiga qoʻyila boshlandi. Oʻzbekistonda uning faoliyatini oʻrganishga va uni ommalashtirishga keng yoʻl ochildi. Uning nomi Oʻzbekistonda abadiylashtirildi. Koʻplab shahar va qishloqlardagi shoh koʻchalar, maydonlar, jamoa xoʻjaliklari, maktablar, kinoteatrlar va boshqa uning nomi bilan ataldi. Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlarning markaziy maydonlarida Amir Temurga haykal oʻrnatildi, Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Temuriylar davri muzeyi barpo etildi (1996), „Amir Temur“ ordeni taʼsis etildi (1996) va Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasi tashkil qilindi (1995). Toshkent, Samarqand va xorijiy mamlakatlarda YUNESKO rahbarligida hazrat Sohibqiron tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi (1996). Amir Temur haqida ikki qismdan iborat badiiy film, spektakllar va sheʼriy hamda nasriy asarlar yaratildi.

Temur va Fransiya qiroli



U davlat ahamiyatiga ega boʻlgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi. Odatdatibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar oʻtkazardi. Amir Temur saroyida ulamolardan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin Munshi, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono Nuʼmonuddin Xorazmiy, Xoʻja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy va boshqa xizmat qilardi. Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va maʼnaviyat aqliga koʻrsatgan gʻamxoʻrligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy shunday degandi: „Agar Temur qayerda fan, madaniyat va sanʼat ahlini uchratsa, ularni oʻz homiyligiga olar, ularga izzat-ikrom koʻrsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan oʻz oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va boshqa lavozimlarda foydalanardi“. Amir Temur davrida savdo va hunarmandchilik gʻoyatda rivojlanadi. Yangi bozorlar, savdo rastalari barpo qilinadi. Klavixo Samarqand bozorlarida bugʻdoy va guruchning moʻlligi va arzonligi haqida gapirib, shahar hunarmandchiligi mahsulotlarini — atlas, kimxob, har xil ip va jun toʻqima mollar, moʻynali va ipakli poʻstinliklar, attorlik mollari, ziravor va dorivorlar, zarhal va lojuvardlar hamda boshqa mollarning serobligini ham taʼkidlaydilar. Bu davrda Amir Temur va uning joy Sulton Mahmudxon asir olingan noiblari Xitoy va Hindistondan Oʻrta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga yoʻnalgan asosiy xalqaro savdo yoʻli — „Buyuk ipak yoʻli“ni nazorat qilib, savdo karvonlari qatnovi xavfsizligini taʼminlashda, rabotlar, qalʼalar, koʻpriklar qurish yoʻlida muhim chora-tadbirlar koʻrdilar va Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga gʻoyat katta eʼtibor berdilar. Amir Temur eng muhimi, Eron, Ozarbayjon va Iroqdagi mayda hukmdorlar oʻrtasidagi tarqoklik va boshboshdoqlikka barham berib, bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, xalqgar va mamlakatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qoʻshdi. Amir Temur Yevropaning Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik kirolliklari bilan bevosita savdo va diplomatik aloqalar oʻrnatdi.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz