Amir Burunduq maqbarasi




Amir burunduq maqbarasi , Burunduq maqbarasi — Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (XIV asr oxiri). Amir Temurning qoʻshin boshligʻi amir Burunduq qabri ustiga qurilgan. Shohizinda ansambli tarkibidagi bir xonali, peshtoqli, qoʻsh qavat gumbazli bino. Peshtoqi naqshli sopol parchin, boʻrtma naqshli koshin, silliqlangan gʻisht qoplab bezatilgan. Bino ichiga koʻk rangli parchinlar, qizil kesakdan bejirim naqshlar ishlangan. Janubiy devorida — qabriston tomonda eshigi bor. Yertoʻla — goʻrxonasi chortoq tarhli; Turkiston meʼmorligida kam uchraydigan chortoq gumbaz bilan yopilgan. Ichkarida 9 ta qabr saqlanib qolgan.

Tarixi



Amir Burunduq maqbarasi koshinli tuzilishi bilan Temuriylar davri Shohizinda ansamblining eng kamtarona maqbaralaridan biridir. Binoda qurilgan sana va boshqa tarixiy yozuvlar saqlanib qolmagan. Rivoyatlarga koʻra, maqbara Amir Temurning safdoshlaridan biri — amir Burunduqqa tegishli boʻlib, uni Sharofiddin Ali Yazdiy „Zafarnoma“ asarida koʻp bora tilga olgan. Maqbarada birinchi arxeologik tadqiqot ishlarini 1925-yilda V. L. Vyatkin olib borgan. 1963-yilda restavratsiya bilan bogʻliq holda maqbara N. B. Nemseva va Yu. Z.Shvab boshchiligida toʻliq oʻrganildi. Binoning XIV asrda boshlangan bezaklari (shimoliy ustunning oʻyilgan terakotasi) uzoq vaqt davomida ishlangan va XV asrning boshlarida gʻishtli mozaika uslubida tugallangan. XIV asr oxiri — XV asr boshlarida Amir Temurning uzoq davom etgan yurishlari, uning oʻlimidan keyingi siyosiy notinch vaziyatlarda Burunduq faol ishtirok etgan. Amir Burunduq maqbarasi Shohizindaning shimoliy-sharqiy qanotida qurilgan.

Tavsifi




Amir Burunduq maqbarasining tashqi gumbazi saqlanib qolmagan.

Maqbaraning oʻlchamlari:

Tashqi devorlari pardozlanmagan. Shimoliy ustunning bir qismi saqlanib qolgan. Janubiy ustun oʻrnida taʼmirlash tayanchi mavjud. 2004-yilda restavratsiya qilinishidan oldin, shimoliy ustunda katta sakkiz bargli koʻndalang chiziqli hoshiyali oʻyilgan sirlangan terakotadan yasalgan bezak boʻlgan. 1963-yilda olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, binoning strukturaviy asosi bitta.

Ichki qismi



Maqbaraning ichki qismi dizayni jihatidan juda sodda: oq ganchdan ishlangan, tokchalarning yon tomonlarida vertikal relyef panellari joylashgan. Shimoliy tomonida o'yilgan sirlangan terakota bezaklari qoldiqlari ko'zga tashlanadi. Devorlarning tagida nafisligi va rang-barangligi bilan hayratlanarli, gulli bezaklar bilan boʻyalgan olti burchakli mayolika pannosi saqlanib qolgan. Ichki qismning sharqiy devoridagi panno ajoyib manzarali guldasta bilan saqlanib qolgan. Ichki gumbazdagi naqshlarning asosiy chiziqlari rang bilan chizilgan.

Topilmalar



Amir Burunduq maqbarasining sahnida dahma hamda qabrlar mavjud. Maqbara ichidagi devorlarning pastki qismiga naqshlar tasviri tushirilgan. Inshoot atrofida dastlab 1963-yilda, keyinroq 1998-yilda restavratsiya ishlari olib borilgan. Qabrlar va dahmalar ochib tekshirilgan. Oʻrganilgan dahmalar orasida yosh yigitning dafn etilgani arxeologlar eʼtiborini tortdi. Jasad oʻz kiyimi bilan birga dafn etilgan edi. Olimlar marhumning shahid boʻlganligini maʼlum qildilar. Hozirgi vaqtda jasad tanasidagi yaktak Samarqand davlat muzeyida eng noyob amaliy sanʼat durdonasi sifatida saqlanmoqda. Taʼmirlash ishlari natijasida binoning kirish qismi asl holiga keltirilgan.

Galereya




Manbalar






uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz