Almira Skripchenko





Almira Skripchenko (1976-yil 17-fevralda tugʻilgan) — fransiyalik shaxmatchi, u xalqaro shaxmat ustasi (IM) va ayol grossmeyster (WGM) unvonlariga ega. U 2001-yilda shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi, yakka tartibdagi Yevropa chempionatida gʻolib chiqdi.




Faoliyati



Shaxmatdagi faoliyati



Skripchenko 6 yoshida shaxmat oʻynashni boshlagan. 1991-yilda Moldova Sovet Ittifoqidan mustaqil boʻldi. Bu Skripchenkoning birinchi marta oʻsmirlar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha jahon chempionatida ishtirok etishini anglatardi. U 1992-yilda Germaniyaning Duysburg shahrida 16 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida jahon chempioni boʻlgan va 1993-yilda 18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritgan.


U 1997-yilda fransuz grossmeysteri Joel Lautierga turmushga chiqdi va Fransiyaga koʻchib oʻtdi. U 2001-yilda Fransiya fuqaroligini oldi va 2002-yilda Lautier bilan ajrashganiga qaramay, Fransiya fuqaroligida qoldi. Keyinchalik, Skripchenko fransuz grossmeysteri Loran Fressinega turmushga chiqdi va 2007-yil yanvar oyida qiz farzand koʻrdi.


Skripchenko 2001-yilda 25 yoshida oʻzining eng katta muvaffaqiyatini nishonladi va shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi yakka tartibdagi Yevropa chempionatida gʻolib chiqdi. Oʻsha paytda u „Moldovada 2001-yilda eng yaxshi sportchi“ deb tan olingan va oʻz vatanida „Milliy xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirlangan.


2004-yilda u shaxmatchi qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan ikkinchi xalqaro superturnir „Shimoliy Ural kubogi“da gʻolib chiqdi. Skripchenko ayollar oʻrtasidagi sobiq jahon chempioni Mayya Chiburdanidzeni yakkalik bahsda magʻlub etdi. 2005-yilda u „Accentus Ladies“ turnirida gʻolib chiqdi. Skripchenko 2000-yil, 2001-yil va 2010-yillarda shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida chorak finalgacha yetib borgan.


Skripchenko 2002-yildan beri turnirlarda Fransiyani himoya qilib kelmoqda. U 2004-yil, 2005-yil, 2006-yil, 2010-yil, 2012-yil va 2015-yillarda ayollar oʻrtasida shaxmat boʻyicha Fransiya chempionatida gʻolib chiqqan. Jamoaviy oʻyinda u dastlab, „Chess Club“ bilan 2003—2004-yillarda, soʻngra, „Klishi Echecs“ bilan 2007—2008-yillar va 2012— 2013-yillarda Fransiya milliy shaxmat ligasida gʻolib chiqdi.



Pokerdagi faoliyati



Skripchenko yirik poker turnirlarida ishtirok etgan. 2009-yilda u Butunjahon poker seriyasi „No Limit Texas“ turnirida yettinchi oʻrinni egalladi va 78 664 dollar yutib oldi. 2011-yilda u „World Poker Tour“ turnirida ikkinchi oʻrinni egalladi va 50 000 dollar yutib oldi. Uning poker turniridagi yutuqlari 250 000 dollardan oshadi.



Manbalar









uz.wikipedia.org

TELEGRAM XIZMATLAR

Kanal va guruhlar uchun o'zbek obunachilar

Kanalga o'tish


Uzpedia.uz