Almaz Ülvi
Almaz Ülvi (Almaz Qasım qizi Binnətova, 1960-yil 8-avgust, Basarkeçər tumani) — ozarbayjonlik adabiyotshunos, yozuvchi, publitsist, Ozarbayjon Fanlar Akademiyasining Nizomiy nomidagi adabiyot instituti bosh ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, professor.
Portretiga chizgilar
Almaz Ülvi 1960-yil 8-avgustda Ozarbayjonda oʻqituvchi oilasida tugʻilgan. 1977-yilda oʻrta maktabni tamomlagan. 1978 — 1984–yillarda Baku Davlat Universitetida tahsil olgan. [[1986 — 1988-yillarda Ozarbayjon Tillar Universitetini ikki yillik fors tili bo’limini tamomlaydi. Fors tilini oʻrganish uni klassik shoirlarni shu tilda bitgan asarlarini oʻqish imkoniyatini berdi.
Hozirgi kunda Almaz Ülvi Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi Nizomiy nomidagi adabiyot institutining „Turk xalqlari adabiyoti“ boʻlimida bosh ilmiy xodim boʻlib ishlaydi. Filologiya fanlari doktori, professor. U 1984 — 1997-yillarda „Ədəbiyyat və incəsənət“ gazetasida va 1997-yildan hozirga qadar “Xalq qəzeti”ning “Ədəbiyyat və incəsənət” shoʻbasida ishlaydi. Almaz Ülvi 1995-yilda “Demokratiya va milliy mustaqillik yo’lidagi harakatning poeziyada aksi” mavzusida nomzodlik, 2010-yilda esa “XX asr Ozarbayjon adabiyotshunosligida o’zbek klassiklarining o’rni” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.
Olmos Ulvi 1990-yilda Ozarbayjon Ozodligi yo’lida shahid bo’lgan Ozarbayjon Milliy Qahramoni Ulvi Bunyodzodaning xotirasiga “Ulvi Bunyodzoda Xotira Muzeyi”ni tashkil etgan. Shuningdek, u “Atilla” nomli ilmiy, adabiy-badiiy jurnalning ta’sischisi va bosh muharriridir.
Olmos Ulvi oilali. Umr yo’ldoshi Ozarbayjon Milliy Ilmlar Akademiyasining Fol`klor institutida ilmiy xodim bo’lib faoliyat yuritadi. Atilla ismli o’g’li bor. 30-yildirki, olima matbuotda ilm, adabiyot, tarix, publitsistikaga oid maqolalari bilan muntazam chiqish qilib keladi. Gazeta va jurnallarda, kitob, almanax va ilmiy to’plamlarda, bir qator xalqaro jurnallarda turk, o’zbek, turkman, rus, ingliz, gruzin, arab, fors, nemis, qozoq, qirg’iz, tatar va boshqa tillarda ilmiy maqolalari e’lon qilingan. Umuman, Ozarbayjon va xorijda 500 dan ortiq maqolasi chop etilgan. Olmos Ulviy O’zbekiston, Turkiya, Qirg’iziston, Gruziya, Rossiya, Ukraina, Turkmaniston, Avstriya va boshqa mamlakatlarda 60-dan ortiq ilmiy simpozium va konferentsiyalarda o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Olmos Ulviy ozarbayjon va o’zbek adabiy aloqalari kontekstida o’zbek adabiyotiga doir 150 dan ortiq maqolalar nashr ettirgan. Olimaning 2009-yilda Toshkentda “Ozarbayjon-o’zbek (chig’atoy) adabiy aloqalari (davrlar, siymolar, janrlar, tamoyillar)” va “Alisher Navoiy Ozarbayjon adabiyotshunosligida” kitoblarining taqdimoti o’tkazilgan. Olmos Ulviyning yuqoridagi tadqiqotlarida turkiy xalqlar va o’zbek adabiy aloqalarining uzoq yillik tarixini qamrab olganligi, qolaversa, Alisher Navoiyning Ozarbayjon adabiyotshunosligida o’rganilishiga oid ma’lumotlari e’tiborga loyiqdir. Uning bu boradagi tadqiqotlari ikki xalq adabiy aloqalari tarixida alohida sahifani tashkil etadi desak yanglishmagan bo’lamiz. Olima zamonaviy o’zbek adabiyoti bilan ham qiziqadi va bu borada ham bir qator ishlarni amalga oshirgan. U taniqli va iste’dodli shoira Xosiyat Rustamova she’riyatini tahlil qilar ekan, o’zbek adabiyotida o’zining betakror ijodi bilan yangi bir ovoz, yangi bir iste’dod kirib kelganligini e’tirof etadi: “XXI asr o’zbek poeziyasiga yangi, iste’dodli, qalbi she’riyatga oshufta, dard, yangi ovoz bilan bir qiz qadam qo’ydi” (ozarbayjon tilidan tarjima bizniki – O.SH.). Olmos Ulviy Xosiyat Rustamova she’riyatini Yunus Emro, Ulvi Bunyodzoda she’riyati biloan muqoyasa qilib o’rganar ekan, uning o’ziga xos dardi, falsafasi borligini aytib o’tadi.
Umuman, Olmos Ulviyning o’zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari doirasida olib borgan ishlari, faolligi tahsinga sazovor. Uning shogirdlari ham o’zbek adabiyoti bo’yicha izlanishlar olib boryapti. Olima o’zbek adabiyotiga oid tadqiqotlarini davom ettiryapti. Olmos Ulviyning olib borayotgan faoliyati O’zbekiston va Ozarbayjon mamlakatlari o’rtasidagi do’stlik, hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, rivojlantirishda o’ziga xos o’rin tutadi deb bemalol ayta olamiz.
Kitoblari
Manbalar
Maqalalar
Havolalar
uz.wikipedia.org