ALMAIY NOMIDAGI NAMUNA ISH MAKTABI



ALMAIY NOMIDAGI NAMUNA ISH MAKTABI — Toshkent shahrining Beshyog’och dahasidagi sobiq rus-tuzem maktabi binosida mahalliy aholi bolalari uchun 1918 yilda ochilgan maktab. Maktabga Nazir Inoyatov rahbarlik qilgan. Dastlab bolalar uyi tarzida tashkil qilingan. 1922 yildan Almaiy nomidagi namuna ish maktabiga aylantirilgan va Turkiston Xalq maorifi Komissarligi ixtiyoriga o’tkazilgan. Maktabda mehnat va politexnika ta’limidan boshlang’ich tushunchalar amalga oshirilgan (o’quvchilar o’z yumushlarini o’zlari bajarganlar, qishloq xo’jalik ishlari bilan shug’ullanganlar, etikdo’zlik, to’quvchilik, tikuvchilik, duradgorlik, chilangarlik, muqovachilik va boshqa ishlarni o’rganishgan); musiqa va drama to’garaklari bo’lgan. Maktabda Tesha Zohidov, Olim Sharafuddinov, Yunus Rajabiy, Usmon Dadamuhamedovlar o’qituvchilik qilishgan. Bu maktab respublikaning boshqa maktablari uchun ham o’zbek tili, adabiyoti va b. fanlardan o’quv dastur va metodik qo’llanmalar ishlab chiqish hamda ularni tajribadan o’tkazishda katta yordam bergan. Olim va yozuvchilar Izzat Sulton, Mirtemir, Parda Tursun, Hasan Po’lat, Azimov Sulaymon shu maktabda o’qishgan. 1929 yilda boshqa maktablarga qo’shib yuborilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi



Uzpedia.uz