Allergik rinit





Allergik rinit bu burun shilliq qavatining oʻtkir yoki surunkali yalligʻlanish kasalligi boʻlib, nafas havosi bilan kirgan allergenlarga immun sistemasining oʻta kuchli javob reaksiyasi tufayli paydo boʻladi. Bu kasallikni keltirib chiqaruvchi allergenlarga chang, hayvon yunglari, mogʻor sporalari, oʻsimlik changlari va boshqalarni keltirish mumkin. Allergik rinit rinitlarning eng keng tarqalgan turi boʻlib, boshqa allergik holatlar masalan konyuktivit, atopik dermatit, yoki astma kabi kasalliklar bilan aloqador boʻladi. Bemorlarda burun bitishi, burundan suv kelishi va aksirish kabi belgilar kuzatiladi. Allergiya belgilarining kuchayishi maʼlum fasllarda yoki allergenlar bilan nafas olinganda kuzatiladi. Allergik rinit odatda klinik belgilariga qarab tashxislanadi. Allergik rinitning qoʻzgʻatuvchi agentini aniqlashda yoki tashxisda ikkilanish boʻlganida turli allergik testlardan foydalaniladi. Dastlabki davo usullarini allergendan holi boʻlish, mahalliy kortikosteroidlar va antigistaminlar tashkil etadi. Agar yuqoridagi davo usullari yetarli boʻlmasa, allergen immunoterapiya usuli haqida oʻylab koʻrish mumkin.




Belgi va simptomlari



Allergik rinitning xarakterli belgilariga davomli aksirish, burun bitishi, burundan suv kelishi, burun hamda tomoqning qichishi va baʼzan giposmiya (hid bilishning pasayishi) kiradi. Allergik rinit boʻlgan bemorlarda 50-70 % hollarda allergik konyuktivit (koʻz shilliq pardasining yalligʻlanishi) kuzatilganligi sababli qoʻshimcha koʻzlarning qizarishi, qichishishi va koʻz yosh tashlash kuzatilishi mumkin.Tashqi tomondan bemor pastki qovoqlarida giperpigmentatsiya va shish kuzatiladi. Shuningdek, bemorlarda allergik rinit boʻlganida, ular burunlarini pastdan yuqoriga qarab artishadi. Chunki, shu bilan burundagi qichishishni ham kamaytirishga erishishadi. Bu holat tibbiyotda allergik salyut deb nomlanadi.



Sabablari



Asosan oʻsimlik changi va boshqa allergenlar tomonidan chaqiriladigan I tip gipersezuvchanlik reaksiyasi (IgE ga aloqador reaksiya) natijasida yuzaga keladi. Bu kasallikka tashqi muhit omillaridan tashqari genetik moyillik ham muhim rol oʻynaydi.



Xavf omillari



Genetik moyillik


Oila aʼzolarida allergik kasalliklar boʻlishi


Boshqa allergik kasalliklar — allergik konyuktivit, atopik dermatit va bronxial astma


Antibiotiklar, sunʼiy ozuqalar va kashalardan erta foydalanish


Oʻsimliklar gullash faslida tugʻilish



Diagnostikasi




Allergik rinitga tipik simptomlar, tibbiy koʻruv va kasallikning davolashga javobiga qarab tashxis qoʻyiladi. Agar simptomlar ogʻir darajada, davoga yetarlicha taʼsir etmasa va tashxis nomaʼlumligicha qolsa, teri prik testidan foydalanib allergen aniqlanadi va tashxis tasdiqlanadi. Agar teri prik testidan foydalanish imkoni boʻlmasa, qondagi IgE miqdoridan ham tashxisni tasdiqlashda foydalanish mumkin.



Klassifikatsiyasi



Mavsumiy allergik rinit  — maʼlum fasllarda havo tarkibidagi changlar miqdorining oʻzgarishi natijasida yuzaga keladi.


Doimiy allergik rinit  — fasllarga bogʻliq boʻlmagan holda doimiy kuzatiladi.



Differensial diagnostika



Allergik boʻlmagan rinitlar


Sinusit


Nasal polip


Adenoid gipertrofiyasi



Profilaktikasi



Profilaktikaning asosini kasallik chaqiradigan allergendan oʻzini olib qochish tashkil etadi. Bu chora-tadbirlarga xonadonda uy hayvonlarni saqlamaslik, uni quruq saqlash va gilamlardan foydalanmaslikni keltirish mumkin.



Davolash



Intranazal kortikosteroidlar allergik rinit simptomlarini yengillashtirishda foydalaniladigan eng samarali usul hisoblanadi. Ikkinchi qator preparatlariga oral hamda intranazal antigistaminlar, dekonjestantlar, intranazal kromolin, intranazal antixolinergiklar va leykotriyen retseptor antagonistlari kiradi. Dekonjestanlar va intranazal kromolin bolalar uchun tavsiya etilmaydi.



Epidemiologiyasi



Allergik rinit rinitlarning eng koʻp uchraydigan shakli boʻlib, rinitlarning 50-70 % ini tashkil qiladi. Bu kasallik har oltita amerikalikdan bittasini zararlaydi.



Manbalar









uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz